Soʻnggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, samarasiz ishlayotgan va istiqbolsiz korxonalarni tugatish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2020 — 2023-yillarda 4,5 mingta davlat aktivlarining xususiylashtirilishi natijasida 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi, xususiylashtirilgan korxonalarning soliq tushumlari 1,3 barobarga, sof aktivlari esa 1,5 barobarga oshdi.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlari ijrosini taʼminlash, iqtisodiyotning xususiy sektor rivojlangan tarmoqlarida davlat ishtirokini keskin kamaytirish, xususiy sektor faoliyat koʻrsatishi uchun qulay raqobat muhitini yaratish hamda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida:
1. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) birinchi rahbarlarining asosiy vazifalaridan biri etib oʻz sohasida xususiy sektor ulushini muttasil oshirib borish, raqobat muhiti shakllangan sohalardagi, shuningdek, ularning faoliyatiga xos boʻlmagan, samarasiz foydalanilayotgan va boʻsh turgan aktivlarini xususiylashtirish (sotish) belgilansin.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Davaktiv agentligi) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Raqobat qoʻmitasi) bilan birgalikda 2024-yil 1-sentabrga qadar mazkur bandda nazarda tutilgan vazifalar bajarilishini baholash metodologiyasining tasdiqlanishi va uning asosida 2024-yil yakunidan boshlab reyting shakllantirilishi va eʼlon qilib borilishini taʼminlasin.
2. Quyidagilar:
Ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Mahalliy fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladigan korxonalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Hisob palatasi ikki oy muddatda balansda saqlovchi vazirlik, idoralar hamda davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ushbu qarorga 1 va 2-ilovalardagi aktivlarning oʻz vaqtida Davaktiv agentligiga oʻtkazilishini nazoratga olsin va mazkur topshiriqni bajarmagan birinchi rahbarlarga nisbatan choralar koʻrish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarining ommaviy taklifini oʻtkazish jarayonida:
qabul qilingan buyurtmalar asosida aksiyalarni uyushgan savdolarda sotishda oldi-sotdi bitimlari investitsiya vositachilari tomonidan qatʼiy ravishda “Toshkent” RFB savdo maydonchasida roʻyxatdan oʻtkaziladi;
mahalliy investorlarning buyurtmalarini qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda boʻlgan usullarga qoʻshimcha ravishda, “E-AUKSION” elektron savdo platformasi, shu jumladan uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Bunda, “E-AUKSION” elektron savdo platformasida barcha investitsiya vositachilari va ularning mijozlari uchun shaxsiy kabinet yaratish orqali buyurtmalarni real vaqt rejimida begʻaraz asosda qabul qilish, investorlarni identifikatsiya qilish, investitsiya vositachilari bilan tegishli shartnoma tuzish, depo hisobvaragʻini ochishda teng imkoniyat taʼminlanadi.
4. Belgilansinki, davlat aktivlarini sotishni jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida:
davlat aktivlari uch oy davomida sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich narxi qoldiq (balans) qiymati yoki sof aktivlari miqdoridan qatʼi nazar 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi. Bunda, davlat aktivlarining boshlangʻich narxi pasaytirilgandan keyin ham uch oy muddatda sotilmagan taqdirda xususiylashtirishning boshqa usullari qoʻllaniladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
davlat aksiya paketlari xorijiy investorlarga “Toshkent” RFB savdolari orqali xorijiy valyutada sotilishi va ular boʻyicha toʻlovlar shartnomada belgilangan valyutada amalga oshirilishi mumkin;
2025-yil 1-fevraldan boshlab, boshlangʻich narxi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ming baravarigacha boʻlgan davlat aktivlarini, yer uchastkalarini (shu jumladan, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini va koʻchma savdo joylarini) hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning mulklarini sotish va ijaraga berish boʻyicha oʻtkaziladigan elektron onlayn auksion savdolari jarayonida ishtirokchilar tomonidan uchinchi qadamdan boshlab shaxsiy hisobvaragʻida kamida ularning narx taklifiga nisbatan amaldagi zakalat miqdoridagi summaga ega boʻlish tartibi kiritiladi. Bunda ushbu mablagʻlar zakalat sifatida hisobga olinadi.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-159-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2024-y., 06/24/159/0828-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-fevral)
5. Davaktiv agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining yer soligʻi va mol-mulk soligʻini davlat koʻchmas mulk obyektlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan mazkur obyekt uchun toʻlangan mablagʻlarga proporsional ravishda hisoblash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Davaktiv agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritish yuzasidan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-maydan boshlab, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini sotishni tezlashtirish va ular negizida ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) obyektlarini ishga tushirishni ragʻbatlantirish maqsadida:
a) ochiq auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari uch oy davomida sotilmaganda, ularning boshlangʻich narxi 30 foizigacha, olti oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi;
(6-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
b) ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha:
(6-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
(6-band “b” kichik bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-sentabrdagi PF-135-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2024-y., 06/24/135/0696-son)
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish uchun amalga oshiriladigan dastlabki toʻlov miqdori 35 foizdan 15 foizga pasaytiriladi;
(6-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
v) Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadigan rejaga muvofiq xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari boʻyida joylashgan yer uchastkalarida zamonaviy servis va savdo-maishiy obyektlarini barpo etish uchun master-reja asosida yer uchastkalari ularning toifasidan qatʼi nazar auksion savdolariga chiqariladi;
g) davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari boʻyicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda, xaridorlarga toʻsiqlarsiz rasmiylashtirib beriladi;
d) maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining (keyingi oʻrinlarda — sanoat zonalari) bosh rejasiga muvofiq:
sanoat zonalari infratuzilma bilan taʼminlangandan va davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingandan soʻng ular hududidagi yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi;
sanoat zonalarida ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida xususiy investorlar tomonidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda infratuzilma bilan taʼminlash ishlarining amalga oshirilishiga ruxsat beriladi, keyinchalik ushbu xarajatlarni sanoat zonalarining mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.
7. Belgilansinki, davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish boʻyicha tuzilgan shartnomalar doirasida yuzaga keladigan nizolar va daʼvolarga nisbatan, birinchi navbatda mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladi. Bunda, professional mediator tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida investitsiya, xususiylashtirish va kapital bozorida tajribaga ega shaxslar orasidan tanlanadi.
Davaktiv agentligi Oliy sud, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Vazirlar Mahkamasi:
a) bir hafta muddatda:
xususiylashtirish dasturlariga muvofiq savdoga chiqarilishi belgilangan davlat aktivlari (koʻchmas mulk, ulush, aksiya paketlari)ni vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Davaktiv agentligiga oʻtkazib berish tartibini;
tuman va shaharlarda yer uchastkalarini ustuvor ravishda mulk huquqi asosida, shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilmagan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida 2024-yilda choraklar kesimida savdoga chiqarish rejasini;
xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻli boʻylab master-reja loyihalari asosida zamonaviy infratuzilmani barpo etish, savdo va servis obyektlarini joylashtirish uchun auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari rejasini;
zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-koʻngilochar markazlarni joylashtirishni nazarda tutuvchi master-reja loyihalari asosida yer uchastkalari savdoga chiqariladigan tumanlar va shaharlar roʻyxatini;
b) bir oy muddatda qayta tashkil etiladigan va tugatiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat muassasalari roʻyxatini tasdiqlasin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Raqobat qoʻmitasi va Davaktiv agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-iyulga qadar veterinariya xizmatlari bozorini oʻrganib chiqsin va uni xususiy sektorga oʻtkazish yoki davlat-xususiy sheriklik tamoyili boʻyicha amalga oshirilishi mumkin boʻlgan veterinariya xizmatlari boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) Suv xoʻjaligi vazirligi, Raqobat qoʻmitasi va Davaktiv agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda suv xoʻjaligi sohasida qurilish xizmatlari bozoridagi xususiy sektor ulushini oʻrgangan holda “Oʻzsuvqurilish” AJ va uning tizim tashkilotlarini xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, “Oʻzsuvqurilish” AJ korxonalarining boshqarish tizimini va tuzilma tashkilotlarini takomillashtirish orqali xarajatlarini optimallashtirish, raqobatbardoshligini oshirish choralari nazarda tutilsin;
v) Transport vazirligi, Raqobat qoʻmitasi va Davaktiv agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasini isloh qilish va uning faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining buyurtmachi funksiyasini saqlab qolgan holda uning pudratchi, taʼmirlash, ishlab chiqarish va boshqa korxonalarini Qoʻmita tarkibidan chiqargan holda xususiylashtirish;
avtomobil yoʻllarini ekspluatatsiya qilish jarayonini bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish.
10. Quyidagilarga:
a) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-299-son qaroriga asosan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini, shahar va shaharchalarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha 2023-yilga moʻljallangan rejalar bajarilmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini, shahar va shaharchalarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish grafigini tasdiqlasin.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri aholi punktlarining bosh rejasi hamda boshqa shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi va ularning ijrosi boʻyicha shaxsan masʼul etib belgilansin.
b) Buxoro (Zaripov), Qashqadaryo (Azimov), Navoiy (Tursunov), Namangan (Abdurazakov), Samarqand (Turdimov), Surxondaryo (Qosimov), Sirdaryo (Maxmudaliyev), Toshkent (Mirzayev), Fargʻona (Bozarov) va Xorazm (Raximov) viloyatlari hamda Toshkent shahri (Umurzakov) hokimlariga davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotishdan tushgan mablagʻlarni obyekt joylashgan tuman (shahar) budjetida qoladigan qismini ham toʻliqligicha viloyatlar (Toshkent shahri) budjetiga oʻtkazish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻyganliklari koʻrsatib oʻtilsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davaktiv agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda davlat koʻchmas mulk obyektlari hamda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari sotilishidan tushgan tushumlarning qonunchilikka muvofiq tegishli qismi ushbu obyektlar joylashgan tuman (shahar)lar budjetida qoldirilishini taʼminlasin.
11. Yangi Toshkent shahrini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash (A. Aripov) uch oy muddatda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini Yangi Toshkent shahri hududiga koʻchirish, ularning maʼmuriy binolaridan samarali foydalanish va ularni sotishdan tushadigan mablagʻlarni ushbu hududda maʼmuriy binolarni barpo etishni moliyalashtirishga yoʻnaltirish yuzasidan taklif kiritsin.
12. Davaktiv agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 19-aprel,
PQ-162-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-162-son qaroriga 1-ILOVA
Ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari)
Izoh:
(1) Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi urugʻchilik (elita urugʻchilik) xoʻjaliklarini birlashtirish orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 13 ta urugʻchilik xoʻjaliklari tashkil etiladi va ularning 51 foiz ulushini saqlagan holda qolgan ulushlari ommaviy savdolar orqali sotiladi.
(2) Sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan “Oʻzbekinvest” AJga ulushning balans (qoldiq) qiymati qaytarib beriladi.
(3) Mazkur korxonalardagi davlat ulushini sotish shartlari va tartibi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
(4) Davlat aksiya paketi baholashdan oʻtkazilmasdan fond birjasi kotirovka narxidan kelib chiqib, savdolarga chiqariladi.
(5) Korxonalarning nominal qiymati ularni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan (baholash va sotish bilan bogʻliq xarajatlar hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufida qoldiriladigan qismi chegirilgan holda) “Jizzax plastmassa” AJga qoplab beriladi.
Bunda korxonalarning sotilgan qiymati nominal qiymatdan past boʻlganda, “Jizzax plastmassa” AJga yuqoridagi tartibni inobatga olgan holda sotilgan qiymat yoʻnaltiriladi.
1. “Oʻzavtosanoat” AJ tizimidagi korxonalarni xususiylashtirish shartlari u bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi. Bunda ushbu korxonalarda foydalanishda boʻlgan “Oʻzavtosanoat” AJning koʻchmas mulk obyektlari va asosiy vositalari ularga toʻgʻridan-toʻgʻri baholangan qiymatda sotiladi.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi urugʻchilik markazlarini xususiylashtirish ushbu sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy va texnik hujjatlar qabul qilingandan keyin koʻrib chiqiladi.
3. Mazkur ilovada koʻrsatilgan roʻyxatga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi buyrugʻi bilan oʻzgartirish kiritilishi yoki aktivlar roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.
4. Sotilishi belgilangan aksiya paketlari (ulushlar) miqdori, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda, aktivlarning sotilishi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-162-son qaroriga 2-ILOVA
Ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari
Izoh:
1. Mazkur ilovada koʻrsatilgan roʻyxatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining buyrugʻi bilan oʻzgartirish kiritilishi yoki aktivlar roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.
(izoh qismning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
2. Mazkur ilova va kadastr hujjatlarida aktivlarning nomlanishida hamda bino va inshootlar egallagan maydoni koʻrsatkichlarida yoki balansda saqlovchisida tafovut mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu aktivlar kadastr hujjatlari asosida sotiladi.
3. Mazkur ilovada koʻrsatilgan aktivlarni savdoga chiqarishda, zarur hollarda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ularni sotish shartlari ham belgilanishi mumkin.
(izoh qismning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
4. Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi tizimiga kiruvchi koʻchmas mulk obyektlari nodavlat taʼlim muassasasi tashkil etish va faoliyat turini saqlash sharti bilan ommaviy savdolarga chiqariladi.
5. Ijtimoiy soha obyektlarini sotish muddati va shartlari, shu jumladan faoliyat turini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining buyrugʻi bilan belgilanadi.
(izoh qismning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
(1) Obyekt master-reja asosida lotlarga boʻlgan holda qurilish ishlarini amalga oshirish hamda sotib olish toʻlovlarini uch oy muddatda toʻlash sharti bilan “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ommaviy savdolarga chiqariladi;
(2) Sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash, master-rejani ishlab chiqish, sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufida qoladigan qismi chegirilgan holda, Mudofaa vazirligining talabiga asosan vazirlikning tegishli hisob raqamiga yoʻnaltiriladi.
(3) Obyekt baholangan qiymatdagi boshlangʻich narxda, yangi manzilga koʻchirish (qoʻrib berish) sharti bilan (loyiha-smeta hujjatlarini ilova qilgan holda) “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ommaviy savdolarga chiqariladi. Bunda, xaridorga obyektga nisbatan “tasarruf etish huquqi” ularni yangi manzilga koʻchirilgandan va xarid qiymati toʻliq amalga oshirilgandan soʻng beriladi.
(4) Obyektga tutash boʻlgan 1,16 ga yer maydoni Davaktiv agentligining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga biriktirilgan holda yaxlit aktiv sifatida ommaviy savdolarga chiqariladi.
(5) Mazkur obyektlar birinchi navbatda ularda ijara huquqi asosida faoliyat yuritayotgan notariuslarga baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga taklif etiladi. Bunda, mazkur obyektlardan ijara huquqi asosida foydalanayotgan notariuslar bir nechta boʻlgan taqdirda, obyektlarni sotish ular oʻrtasida yopiq auksion oʻtkazish orqali eng yuqori narx taklif etgan notariusga yoxud ularning barchasining roziligiga koʻra umumiy ulushli mulk huquqi asosida toʻgʻridan-toʻgʻri sotiladi.
(6) Obyektni sotishdan tushadigan mablagʻlar, sotish xarajatlarini chegirgan holda “Oʻzdonmahsulot” AJning Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi oldidagi qarzdorligini qoplashga yoʻnaltirish maqsadida respublika budjetiga oʻtkaziladi.
(7) Mazkur obyektlar tibbiy xizmat koʻrsatish faoliyatini tashkil etish sharti bilan ommaviy savdolar orqali sotiladi.
(8) Mazkur obyektlardan samarali foydalanish Sogʻliqni saqlash vazirligining takliflari asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
(izoh qismning oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
(9) Mazkur obyektlardan samarali foydalanish Madaniyat vazirligining takliflari asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
(izoh qismning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
(10) Obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Davlat xavfsizlik xizmatining rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
(11) Mazkur obyektlarni sotish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
(izoh qismning oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-162-son qaroriga 3-ILOVA
Mahalliy fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladigan korxonalar
T/r Nomi Hudud Davlat ulushi (foizda) Sotiladigan aksiyalar (foizda) 1. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ Toshkent viloyati 98,5 2 2. “Oʻzbektelekom” AK Toshkent shahri 94,5 2 3. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ Toshkent shahri 31,5 5 4. “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Toshkent shahri 100 5 5. “Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ Toshkent shahri 44,4 2,4 6. “Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ Toshkent shahri 100 2 7. “Oʻzbekgeofizika” AJ Toshkent shahri 97,2 2 8. “Oʻzbekgidroenergo” AJ Toshkent shahri 100 2 9. “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ Toshkent shahri 90 4 10. “Temiryoʻlkargo” AJ Toshkent shahri 100 4 11. “UzAuto Motors Powertrain” AJ Toshkent shahri 100 5 12. “Toshkent” RFB” AJ Toshkent shahri 75 5
Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklif etish sharti, aksiyalar turi va ularni savdoga chiqarish muddatini belgilashi hamda aksiyalarning hajmiga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
(3-ilovaning izoh qismi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)