“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi boʻyicha amaliy tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlash, zoʻravonlikdan aziyat chekkan shaxslarga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmat sifatini takomillashtirish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila — mahalla — tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyundan boshlab:
a) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazlari) tomonidan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar koʻrsatish tartibi joriy etiladi;
b) xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining “102” telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan roʻyxatga olinadi;
v) tazyiq va zoʻravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:
xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zoʻravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat oʻtkaziladi;
profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari tegishli hududdagi shoshilinch qabul boʻlimi mavjud shifoxonalarga joylashtiriladi;
(2-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir maʼlumotlar “Inson” markazlariga real vaqt rejimida “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuboriladi.
3. Tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida:
2024-yil 1-iyundan boshlab Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida;
2024-yil 1-oktabrdan boshlab respublikaning qolgan barcha hududlarida shoshilinch qabul boʻlimi mavjud shifoxonalarda tunu kun ishlaydigan birlamchi koʻmak xonalari tashkil etilsin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) birlamchi koʻmak xonalarida:
(4-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
jismoniy va ruhiy holatini yaxshilash uchun tazyiq va zoʻravonlikka uchragan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari uch sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga joylashtiriladi;
shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan ruhiy, psixoterapevtik yordam koʻrsatiladi, shuningdek, yuqumli kasalliklar mavjudligi toʻgʻrisida tahlillar oʻtkaziladi;
b) tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish yoʻnalishida:
Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazining hududiy markazlarida (keyingi oʻrinlarda — hududiy markazlar) vaqtinchalik boshpana (shelter)lar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
(4-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi PF-146-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2026-y., 06/26/146/0811-son)
hududiy markazlarga qarashli 14 ta namunali tumanlararo markazning mavjud shtat birliklari hamda moddiy-texnika bazasi toʻliqligicha hududiy markazlarga oʻtkazilgan holda tugatiladi;
birlamchi koʻmak xonalarida yordam olgan shaxslar mazkur tibbiyot muassasasining xulosasi va himoya orderi asosida ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish shartnomasiga muvofiq ariza talab etmagan holda hududiy markazlarga joylashtiriladi. Bunda oʻz joniga suiqasd qilgan yoki oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan xotin-qizlarni, shuningdek zoʻravonlik sodir etgan shaxs ozodlikdan mahrum etilganligi, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganligi, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanganligi yoki majburiy davolanishga yuborilganligi bois himoya orderining amal qilish muddati tugatilgan yoki himoya orderi rasmiylashtirish rad etilgan xotin-qizlarni hududiy markazlarga joylashtirish uchun himoya orderi talab etilmaydi;
(4-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
v) tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslarning ijtimoiylashuv darajasi ijtimoiy xodim, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori tomonidan olti oy davomida monitoring qilinadi;
g) tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar bilan ishlash yoʻnalishida:
zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish ishlariga majburiy ravishda Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari ham jalb qilinadi;
2024-yil 1-oktabrdan boshlab himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxsning zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
2025-yil 1-yanvardan boshlab, ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarning reyestri yuritiladi;
d) 2024-yil 1-dekabrdan boshlab bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zoʻravonlik holati boʻyicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.
5. “Inson” markazlariga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlashda quyidagi qoʻshimcha huquqlar taqdim etilsin:
tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarga himoya orderini berish uchun ichki ishlar organiga murojaat qilish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar hududiy markazlarda boʻlish vaqtida ishlab chiqilgan yakka tartibdagi ijtimoiy reabilitatsiya dasturining ijrosini monitoring qilish;
zarur hollarda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlsa, ularning bandligini taʼminlash boʻyicha tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga talabnoma kiritish.
6. Quyidagilar:
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Zoʻravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan media-reja 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Agentlik:
tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar ijtimoiy xizmatlarni taqdim etuvchi jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini muvofiqlashtirish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi;
tazyiq va zoʻravonlikni oldini olish sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlari reyestrini yuritadi;
tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish, ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlarning davlat ijtimoiy buyurtmasi orqali jalb qilinishini taʼminlaydi.
8. Agentlik:
ikki hafta muddatda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga birlamchi koʻmak xonalarida yordam koʻrsatish va ularni hududiy markazlarga joylashtirishni nazarda tutuvchi maʼmuriy reglamenti loyihasini kiritsin;
2024-yil 1-avgustga qadar tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish standarti tasdiqlanishini taʼminlasin;
2024-yil 1-oktabrga qadar tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarning fuqarolik ishlari boʻyicha sud ishlarida majburiy tartibda prokuror ishtirokini taʼminlash, ularga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish tartibini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin;
2024-yil 1-oktabrga qadar Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni aniqlash, ularning hayotiy vaziyatini baholash va yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qoʻllashning takomillashtirilgan tartibini joriy etish boʻyicha takliflarni kiritsin;
2024-yil 1-oktabrga qadar xalqaro ekspertlarning xulosasiga asosan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi negizida koʻp funksiyali markaz faoliyatini tashkil etishga doir takliflarni kiritsin;
2025-yil 1-yanvardan boshlab “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida zoʻravonlik holati, tazyiqqa uchragan shaxsga koʻrsatilgan xizmatlar, tuzatish dasturi bajarilishini monitoring qilish boʻyicha modulni joriy etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-may,
PQ-175-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-maydagi PQ-175-son qaroriga 1-ILOVA
Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilishga doir
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-maydagi PQ-175-son qaroriga 2-ILOVA
Zoʻravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini taʼminlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan