PQ-186-son Qaror · 24.05.2024

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-186
  • Qabul qilingan sana:24.05.2024
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/186/0367

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Yer qaʼridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-79-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament);

Qoʻmita huzurida davlat muassasasi shaklidagi Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.

3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamentining asosiy vazifalari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

a) Qoʻmita raisining oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Departament boshligʻi hisoblanadi;

b) Qoʻmitaning mansabdor shaxslari davlat nazoratini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega boʻladi:

Qoʻmitaning nazorati ostidagi obyektlarga toʻsqinliksiz kirish;

xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi talablariga rioya etmagan holda olib borilayotgan yoki baxtsiz hodisa va avariya sodir boʻlishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlarni toʻxtatib turish, shuningdek, odamlar hayoti xavf ostida qolganda ularni ish joylaridan olib chiqish;

oʻz vakolatlari doirasida qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;

2024-yil 1-oktabrdan boshlab sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda liftlar va istirohat bogʻlari attraksionlaridan foydalanish talablariga rioya qilinishida va sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avariyalar va baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida tezkor nazorat tadbirlarini Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan oldindan kelishmasdan, oʻtkazilgan tekshiruv haqida Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali tekshiruv boshlangan paytdan boshlab 24 soat ichida Vakilni majburiy ravishda xabardor qilgan holda amalga oshirish;

(4-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)

v) Qoʻmitaning respublika hududlarida qurilayotgan va foydalanilayotgan atom energiyasidan foydalanish obyektlari holatining doimiy nazoratini taʼminlovchi xodimlarining joylashuvi bevosita mazkur obyektlarda amalga oshiriladi.

Bunda, atom energiyasidan foydalanish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar va atom energiyasidan foydalanish obyektlarini quruvchi tashkilotlar tomonidan Qoʻmita xodimlarining yashashi va ularga yuklatilgan funksiyalarni bajarishlari uchun zarur sharoitlar begʻaraz asosda taʼminlanadi.

g) 2025-yil 1-apreldan Qoʻmitaning boshqaruv shtat birliklari soni Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 157 nafarga yetkaziladi.

Bunda sohani raqamlashtirish hisobiga 2025-yil yakuni bilan Qoʻmitaning boshqaruv shtat birliklarini maqbullashtirish yuzasidan taklif kiritiladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan “g” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

5. Qoʻmita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan budjetdan tashqari Sanoat xavfsizligi sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Belgilansinki:

a) quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatishdan qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda Qoʻmitaga tushadigan mablagʻlar;

Jamgʻarmaning kutilayotgan xarajatlaridan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan “Navoiyuran” davlat korxonasi yillik foydasidan hisoblangan dividendining 1 foizi miqdoridagi ajratmalar;

(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

Qoʻmita tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlar, ularning mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslardan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda undiriladigan jarimalar summasining 80 foizi miqdoridagi mablagʻlar. Bunda ushbu tushumning 75 foizi Qoʻmitaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi;

(5-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

Qoʻmita tizimidagi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda ajratiladigan mablagʻlar;

xalqaro moliya institutlari mablagʻlari, donor tashkilotlar grantlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Jamgʻarma mablagʻlari:

Qoʻmita hamda uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

Qoʻmita faoliyatida axborot texnologiyalarini joriy etish va ularni modernizatsiya qilish;

Qoʻmita xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish;

Qoʻmita xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va amaliyot oʻtashini, shu jumladan xorijiy davlatlarga xizmat safarlarini tashkil qilish, xalqaro konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini taʼminlash;

radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida ekspert va maslahat xizmatlarini koʻrsatish;

Qoʻmita faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

6. Qoʻmita raisiga:

Qoʻmita xodimlariga ular faoliyatining muhim samaradorlik koʻrsatkichlari baholanishi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovlarini belgilash;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash maqsadida ekspertiza boʻyicha ishlarni amalga oshirish uchun xorijiy ixtisoslashtirilgan institutlar va kompaniyalarni, shuningdek, xorijiy mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish huquqi berilsin.

7. Qoʻmita:

a) bir hafta muddatda Departament tuzilmasini tasdiqlasin;

b) Energetika vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Atom energiyasi agentligi bilan birgalikda 2025-yil 1-sentabrga qadar respublikada atom energetikasining rivojlanish darajasi va xalqaro normalardan kelib chiqib, Departamentning shtat birliklari sonini oshirish toʻgʻrisidagi asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

v) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:

uch oy muddatda Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan Markaz faoliyatini 2024 — 2026-yillarda bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarni, shuningdek, asosiy vazifalari belgilanishini nazarda tutgan holda Markaz toʻgʻrisidagi nizomni;

2024-yil 1-dekabrga qadar xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilgan holda Qoʻmita faoliyatini rivojlangan davlatlarning sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, liftlar va istirohat bogʻlari attraksionlari xavfsizligini nazorat qilish sohasidagi ilgʻor tajribasi asosida takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:

sanoat xavfsizligi sohasida davlat nazoratini yuritish yoʻnalishida tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari;

Qoʻmitaga zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish, uning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, faoliyatini toʻliq raqamlashtirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilsin.

8. Qoʻmita markaziy apparati uchun 4 ta xizmat avtotransport vositasi, shu jumladan 3 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositasi, 1 ta navbatchi avtotransport vositasi hamda hududiy inspektorlar uchun 14 ta maxsus navbatchi avtotransport vositalarini saqlash uchun limit belgilansin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

8-1. Belgilansinki:

a) Qoʻmita boshqaruv xodimlarining lavozim maoshini belgilashda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq tarif koeffitsiyenti 1,8 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi;

b) Qoʻmitaning barcha xodimlariga uzluksiz ish staji uchun ustamalar ularning umumiy mehnat faoliyatini qamrab olgan holda faqat asosiy ish joyi boʻyicha har oyda va xodimning oylik maoshiga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda) nisbatan quyidagi foizlarda hisoblanadi:

ish staji 1 yildan 3 yilgacha boʻlganda — 30 foiz;

ish staji 3 yildan 5 yilgacha boʻlganda — 60 foiz;

ish staji 5 yildan 10 yilgacha boʻlganda — 75 foiz;

ish staji 10 yildan 15 yilgacha boʻlganda – 100 foiz;

ish staji 15 yil va undan ortiq boʻlganda – 150 foiz.

(8-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

9. Qoʻmita operativ boshqaruv huquqi asosida Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Xadra mavzesi, 27-uyda joylashgan maʼmuriy binoning “A” blokidagi uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qavatlariga joylashtirilsin.

10. Qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 24-may,

PQ-186-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son qaroriga 1-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari

1. Nazorat ostidagi xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligini hamda atom energetikasi va yadro texnologiyalari obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohalarida yagona davlat siyosati yuritilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish.

2. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash borasida respublika iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini yanada rivojlantirish boʻyicha strategik reja va dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etish.

3. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda liftlar va istirohat bogʻlari attraksionlaridan foydalanish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va qabul qilish.

4. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda liftlar va istirohat bogʻlari attraksionlaridan foydalanish borasidagi qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshirish.

Bunda togʻ-kon tarmogʻi, geologiya hamda yer qaʼridan foydalanish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalardagi nazorat tadbirlari belgilangan tartibda Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

5. Sanoat xavfsizligini ekspertizadan va akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish, shuningdek, atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish.

6. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash, hisobga olish va ularning davlat reyestrini yuritish, sanoat xavfsizligini deklaratsiyalash tartibini tashkil etish va takomillashtirish, texnogen xavfi yuqori boʻlgan zonalar davlat kadastrlari yuritilishini muvofiqlashtirish.

Bunda togʻ-kon tarmogʻi, geologiya hamda yer qaʼridan foydalanish sohasida mazkur ishlar Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

7. Sanoat xavfsizligi, atom energiyasidan foydalanish va ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

8. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohalarida davlat nazorati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish.

9. Texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishini hisobga olgan holda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida faoliyatni amalga oshiruvchi mutaxassislarning malakasini oshirish.

10. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi, liftlar va istirohat bogʻlari attraksionlaridan foydalanish yoʻnalishlarida huquqbuzarlik holatlarini aniqlash hamda ularga nisbatan tezkor choralar koʻrish yuzasidan idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish.

11. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda liftlar va istirohat bogʻlari attraksionlaridan foydalanish borasida aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish, sohada huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

12. Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, soha faoliyatiga taalluqli boʻlgan xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son qaroriga2-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining

Izoh: Qoʻmita boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 134 nafarni tashkil etadi.

*Boshqaruv xodimlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-son Farmoniga 1-ilovada keltirilgan sanoat xavfsizligi sohasining tegishli yoʻnalishlariga muvofiq “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan kelishilgan holda belgilanadi, mazkur inspeksiyalarning faoliyati tegishincha “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hisobidan moliyalashtiriladi.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son qaroriga 3-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-186-son qaroriga 4-ILOVA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamentining asosiy vazifalari

1. Radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.

2. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, ushbu obyektlarning xavfsizligini va jismoniy himoyasini taʼminlash, shuningdek, radioaktiv moddalar, yadroviy materiallar hamda radioaktiv chiqindilarning hisobiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish.

3. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash yuzasidan profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

4. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqish, ularni amalga kiritish hamda amalga oshirilishini taʼminlash.

5. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish va ushbu sohadagi xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash.

6. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizani tashkil etish.

7. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni litsenziyalashni amalga oshirish.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.