PQ-187-son Qaror · 24.05.2024

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-187
  • Qabul qilingan sana:24.05.2024
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/187/0368

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Yer qaʼridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-79-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda kon-geologiya sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) mansabdor shaxslari davlat nazoratini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega boʻladi:

Inspeksiyaning nazorati ostidagi obyektlarga toʻsqinliksiz kirish;

togʻ-kon tarmogʻi, geologiya hamda yer qaʼridan foydalanish sohasida, shu jumladan neft-gaz tarmogʻida geologiya-qidiruv ishlarini, uglevodorod xom ashyosining qazib olinishini, konchilikni, qattiq foydali qazilmalarning qayta ishlanishini hamda portlatish ishlarini amalga oshirishda sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini, shuningdek, yer osti suvlaridan oqilona foydalanilishini nazorat qilish;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

yer qaʼridan oqilona foydalanish sohasida sanoat xavfsizligi talablariga rioya etmagan holda amalga oshirilayotgan ishlarni hamda baxtsiz hodisa va avariya sodir boʻlishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ishlarni toʻxtatib turish;

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

oʻz vakolatlari doirasida qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish.

3. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) jismoniy shaxslar tomonidan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi maxsus axborot tizimiga yuborilgan yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, ularni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

Bunda fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Inspeksiyaning soʻroviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;

b) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining rasmiy veb-saytida togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida xizmat koʻrsatish bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish boʻyicha “Geomonitoring” axborot tizimi doirasida “Kon-geologiya xizmatlari” moduli joriy etiladi va unda ushbu sohada faoliyat yurituvchi yuridik va jismoniy shaxslarning reytingi yuritiladi.

Bunda:

kavlab olingan foydali qazilmalar hajmi toʻgʻrisidagi elektron hisobotlarni axborot tizimlari orqali tasdiqlashga faqat “Kon-geologiya xizmatlari” modulida reytingi yuritiladigan marksheyderlik faoliyatini yurituvchi tashkilotlarga ruxsat etiladi;

qattiq foydali qazilmalar konlari va istiqbolli uchastkalarini oʻrganish yuzasidan monitoring Inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi, mazkur tadbirlar esa Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Inspeksiyaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

yer qaʼridan foydalanish sohasidagi qonunchilik talablarini buzgan, kavlab olingan foydali qazilmalar hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soxtalashtirishga yoʻl qoʻygan yer qaʼridan foydalanuvchilar hamda marksheyderlik tashkilotlari, shuningdek, ularning rahbarlari va taʼsischilariga nisbatan Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzuvchilar reyestri yuritiladi va “Kon-geologiya xizmatlari” modulida joylashtirib boriladi;

Reyestrga kiritilgan tashkilotlar unga kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida qonunchilikni buzish va maʼlumotlarni soxtalashtirishga takroran yoʻl qoʻymagan taqdirda, ularga oid maʼlumotlar Reyestrdan chiqariladi.

4. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda noruda foydali qazilma konlarini auksion savdolariga chiqarishda tegishli yer uchastkalari toifalarini oʻzgartirish hamda zarur hujjatlar toʻplamini mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

“Geologiya-marksheyderlik xizmati” MCHJga tegishli Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Muxtor Ashrafiy koʻchasi, 70-uy manzilida joylashgan bino-inshootlarni operativ boshqaruv huquqi bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga hamda Jamiyatning boshqa asosiy vositalarini Inspeksiyaga tekinga oʻtkazgan holda, ushbu Jamiyatni tugatish choralarini koʻrsin. Bunda, Jamiyatning xodimlari ularning roziligi asosida Inspeksiyaga oʻtkazilishi nazarda tutilsin;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

“Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ uning tasarrufiga “Regionalgeologiya” davlat muassasasining tegishli aktivlarini balans (qoldiq) qiymatda qoʻshib olish orqali qayta tashkil etsin.

Belgilansinki:

2024-yilda Inspeksiyaga oʻtkaziladigan shtatlar va bino-inshootlarni saqlash uchun xarajatlar, shuningdek, “Geologiya-marksheyderlik xizmati” MCHJning kelgusida vujudga keluvchi qarzi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Inspeksiyaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

2025-yildan boshlab Inspeksiyaga oʻtkaziladigan shtatlar va bino-inshootlarni saqlash uchun xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

“Oʻzbek geologiya qidiruv” AJ ustav fondining miqdori “Regionalgeologiya” davlat muassasasi mulkining balans (qoldiq) qiymati asosida oshiriladi;

mazkur qarorga muvofiq bir tashkilotdan boshqa bir tashkilotga oʻtkazilayotgan mulklar, mulkiy huquqlar, shuningdek, ustav kapitalidagi aksiyalar va ulushlar qiymati, shu jumladan ularni qayta tashkil etish va tugatish jarayonlari soliqqa tortishning barcha turlari boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Inspeksiya markaziy apparati uchun 4 ta xizmat avtotransport vositasi, shu jumladan 3 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositasi, 1 ta navbatchi avtotransport vositasi hamda hududiy inspektorlar uchun 13 ta yengil xizmat avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.

7. Inspeksiya Toshkent shahri, Olimlar koʻchasi, 49-uy manzilidagi binoga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

8. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 24-may,

PQ-187-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-187-son qaroriga 1-ILOVA

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari

1. Yer qaʼrini geologik oʻrganishda undan foydalanish va muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan, yer osti suvlarini) qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlashda yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga hamda yer qaʼridan foydalanish shartlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.

2. Togʻ-kon tarmogʻida, geologiya hamda yer qaʼridan foydalanish, portlatish ishlari va portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida sanoat xavfsizligini taʼminlashga oid qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

3. Togʻ-kon tarmogʻiga, geologiya, neft va gaz tarmogʻida geologiya-qidiruv ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish, konchilik, qattiq foydali qazilmalarni qayta ishlash hamda portlatish ishlari sohasiga oid xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi ekspertizasi va deklaratsiyalash tartibini takomillashtirish hamda texnogen xavfi yuqori boʻlgan zonalarning davlat kadastrini yuritish va ushbu yoʻnalishlardagi ekspertlarni attestatsiyadan oʻtkazishda ishtirok etish.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

4. Yer qaʼridan foydalanishda marksheyderlik oʻlchov ishlari oʻz vaqtida amalga oshirilishi va qazib (ajratib) olingan foydali qazilmalarning haqqoniy hisobi yuritilishi ustidan nazoratni taʼminlash, shuningdek, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdan ortiqcha yoʻqotilishiga yoʻl qoʻyilganligini aniqlash va qonunchilikka muvofiq javobgarlik choralarini koʻrish.

5. Konchilik, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida hamda sanoat xavfsizligining tegishli yoʻnalishlarida litsenziyalash, ruxsatnomalar berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

6. Togʻ-kon tarmogʻi, geologiya hamda konchilik, shu jumladan qattiq foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida sanoat xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqishda ishtirok etish.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

7. Texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishini hisobga olgan holda togʻ-kon tarmogʻi, geologiya, yer qaʼridan foydalanish hamda konchilik, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarning malakasini oshirish.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

8. Inspeksiya faoliyatida zamonaviy raqamli texnologiyalarni va kosmik masofaviy monitoringni tatbiq etish orqali togʻ-kon sanoati va geologiya sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali tizimlarini joriy etish.

9. Yer qaʼridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularga nisbatan tezkor choralar koʻrish yuzasidan idoralararo hamkorlikni rivojlantirish.

10. Yer qaʼridan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish, sohada huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

11. Yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash va suv olish inshootlarini ishlatishda qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining buzilishi holatlari ustidan taʼsirchan nazorat choralarini koʻrib borish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-187-son qaroriga 2-ILOVA

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining

Izoh: Inspeksiya boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 72 nafar boʻlib, qayta tashkil etilayotgan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

*Boshqaruv xodimlarining soni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-son Farmoniga 1-ilovada keltirilgan sanoat xavfsizligi sohasining tegishli yoʻnalishlariga muvofiq “Navoiy KMK” AJ va “Olmaliq KMK” AJ bilan kelishilgan holda belgilanadi, shuningdek, moliyalashtirish tegishlicha “Navoiy KMK” AJ va “Olmaliq KMK” AJ tomonidan amalga oshiriladi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-187-son qaroriga 3-ILOVA

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda kon-geologiya sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.