PQ-199-son Qaror · 29.05.2024

Bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida dam oladigan bolalar qamrovini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-199
  • Qabul qilingan sana:29.05.2024
  • Kuchga kirgan sana:30.05.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/199/0378

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar sogʻligʻini mustahkamlash va tiklash, maktab taʼtillari davrida ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2023-yilning yoz mavsumida jami 196 ta statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 158 ming nafar bolalar sogʻlomlashtirildi.

Shu bilan birga, bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari soni aholining oʻsish darajasiga mutanosib tarzda oshib borishi taʼminlanmagan. Jumladan, mamlakatimizda bolalar soni 1991-yilga nisbatan 71 foizga oshgan boʻlsa-da, ularni sogʻlomlashtirish oromgohlari soni ikki baravarga qisqargan.

Oʻtgan 3 yil mobaynida faoliyat yuritmayotgan yoki samarasiz ishlayotgan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarining faoliyatini toʻgʻri va samarali yoʻlga qoʻyish uchun 80 ta statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufiga oʻtkazildi.

Bolalarni sogʻlomlashtirish oromgohlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, maktab taʼtillari davrida boʻsh paytlarini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sogʻlomlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining (keyingi oʻrinlarda — Federatsiya) quyidagi takliflari maʼqullansin:

a) tadbirkorlik subyektlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarni (keyingi oʻrinlarda — hamkorlar) jalb etgan holda 1-ilovaga muvofiq statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari (keyingi oʻrinlarda — oromgohlar) negizida quyidagi mexanizmlar orqali oʻzaro manfaatli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish:

oromgohlar hududining bir qismida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni taʼmirlash va jihozlash sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarining bir qismini 15 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish;

oromgohlar hududida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni taʼmirlash va jihozlash sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarini yozgi mavsumdan tashqari paytda foydalanish uchun 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish. Bunda Federatsiya oromgoh binolari va yer uchastkasidan yozgi mavsum paytida oromgohlar tashkil etish uchun foydalanadi;

oromgohlar hududida yangi binolarni qurish yoki mavjud binolarni taʼmirlash va jihozlash, shuningdek, yozgi mavsum paytida oromgohlar tashkil etish sharti bilan oromgohlar bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarini 10 yilgacha muddatga hamkorlarga ijaraga berish;

b) 2-ilovaga muvofiq oromgohlarning bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalarini yozgi mavsumdan tashqari paytda hamkorlarga ijaraga berish orqali ularni oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish.

2. Quyidagilar:

Federatsiya tomonidan 3-ilovada koʻrsatilgan oromgohlar Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qurilayotganligi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Nukus shahrida joylashgan “Turon” oromgohini rekonstruksiya qilish tashabbusini bildirganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Federatsiya tomonidan 3-ilovada koʻrsatilgan obyektlarni qurish ularni loyihalashtirish bilan bir paytda amalga oshirilayotgan boʻlsa, qurilish ishlari toʻxtatiladi, loyiha-smeta hujjatlari toʻliq shakllantirilib, oʻrnatilgan tartibda ekspertiza xulosasi olinadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 3-ilovada nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etsin.

4. Belgilansinki:

a) oromgohlarda bino-inshootlarni qurish boʻyicha loyihalar Federatsiya tomonidan ishlab chiqiladigan shartlar asosida tayyorlanadi hamda mazkur loyihalar Federatsiya bilan kelishiladi;

b) mazkur qarorning 1-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan hamkorlik loyihalari Federatsiya tomonidan ishlab chiqiladigan shartlar asosida hamkorlarga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali taklif etiladi.

Bunda ijara shartnomasi boʻyicha eng yuqori narx taklif etgan hamkor bilan ijara shartnomasi tuziladi hamda quriladigan barcha bino-inshootlar Federatsiya mulki sifatida rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda hamkor tomonidan foydalaniladi.

Hamkorlar ijaraga olingan oromgohning bino-inshootlari, mol-mulki va yer uchastkasiga oʻzgartirish kiritmagan va zarar yetkazmagan tarzda qonunchilikda taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin;

v) hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirilgan oromgohlar boʻyicha 3 oy muddatda hamkorlar aniqlanmagan taqdirda, ijara shartlari qayta koʻrib chiqilib, oromgohlar qayta savdoga chiqariladi hamda yana 3 oy muddatdan soʻng tadbirkorlar tomonidan qiziqish bildirilmagan oromgohlar Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari yoki boshqa manbalar hisobidan bosqichma-bosqich quriladi va taʼmirlanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Federatsiya tizimidagi tegishli oromgohlarni “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirish va hamkorlarni aniqlash boʻyicha Federatsiyaga koʻmaklashib borsin.

5. Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasiga:

a) 2024-2025-yillarda respublika budjetidan jami 425 milliard soʻm yoʻnaltirilsin. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda 4-ilovaga muvofiq budjet xarajatlarini maqbullashtirish hisobiga 175 milliard soʻm hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun xarajatlar hisobidan 50 milliard soʻm, shuningdek respublika budjetidan 2025-yilda 200 milliard soʻm ajratsin;

b) 2024-2025-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari jami 210 milliard soʻm, jumladan, 2024-yil 1-noyabrga qadar 105 milliard soʻm hamda 2025-yil 1-sentabrga qadar 105 milliard soʻm mablagʻlar 5-ilovaga muvofiq mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratilishini taʼminlasin.

6. Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasiga ushbu qarorning 5-bandida nazarda tutilgan tartibda ajratilgan mablagʻlar quyidagilar uchun yoʻnaltirilishi belgilab qoʻyilsin:

mazkur qarorning 3-ilovasida koʻrsatilgan oromgohlarni qurish;

Federatsiya tizimidagi oromgohlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining farzandlari dam olishi va ularni sogʻlomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir yoʻllanma narxining 50 foizidan oshmagan miqdorda oromgohlarga kompensatsiya toʻlash;

Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi va Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti hamda uning hududiy boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini shakllantirish, binolarni saqlash, xodimlariga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlash.

Bunda mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan mablagʻlarni 2023-yil yoz mavsumida dam olgan bolalarning yoʻllanma xarajatlari uchun tegishli yilda amalda boʻlgan tartib asosida kompensatsiya toʻlash hamda 2024-yilda Federatsiya tizimidagi oromgohlarni yoz mavsumiga tayyorlash maqsadida olib borilgan taʼmirlash ishlari boʻyicha vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun yoʻnaltirishga ruxsat etiladi.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)

7. Soliq qoʻmitasi Federatsiya bilan birgalikda bir oy muddatda 2027-yil 1-yanvarga qadar Federatsiya tizimidagi oromgohlarning:

bino-inshootlari va yer uchastkalarini ijaraga berishdan olinadigan daromadlari foyda soligʻidan;

ijaraga berilgan obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻidan ozod etilishini nazarda tutuvchi Soliq kodeksiga qoʻshimcha kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Federatsiya:

ikki hafta muddatda oromgohlarning qurilish qiymatini pasaytirish va kelgusida ulardan foydalanishda xarajatlarni kamaytirishni taʼminlovchi idoraviy qurilish normalari va qoidalari ishlab chiqilishini taʼminlasin;

bir oy muddatda oromgohlarni qurish boʻyicha namunaviy loyihalarni ishlab chiqib, Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga taqdim etsin.

Bunda namunaviy loyihalar va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda yangicha yondashuvlar asosida energiya tejamkorlikni taʼminlashga, zamonaviy dizayn, isitish tizimi mavjud boʻlishi hamda binolar issiqligini bir xilda ushlashga, shu jumladan deraza va romlar, pol qoplamasi issiqlikni chiqarib yubormasligi va boshqa zamonaviy talablarga alohida eʼtibor qaratilsin.

Shuningdek, qurilish materiallari hamda boshqa jihoz va anjomlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilari mavjud boʻlgan holda ushbu mahsulotlarning xorijda ishlab chiqarilganlarini sotib olishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilansin.

9. Federatsiya, “Oʻzagrokimyohimoya” AJ tugatish komissiyasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Qaynar mahallasida joylashgan “Kimyogar” oromgohini baholangan qiymatda “Qashqadaryo agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va ajratilgan budjet ssudasi boʻyicha qarzdorliklarini kamaytirish hisobiga Federatsiyaga mulk huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

10. “Sijjak” dam olish oromgohi Federatsiyaga mulk huquqi asosida berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

“Sijjak” dam olish oromgohining Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilgan barcha mol-mulklari Federatsiyaga mulk huquqi asosida oʻtkazib berilsin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Andijon va Samarqand viloyati hokimliklari hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ikki oy muddatda 6-ilovadagi oromgohlarning faoliyati uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish boʻyicha takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga oʻrnatilgan tartibda kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-427-son qarori 1-bandi “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining farzandlari dam olishi va ularni sogʻlomlashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir yoʻllanma narxining 50 foizidan oshmagan miqdorda oromgohlarga kompensatsiya toʻlash”.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yil yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 29-may,

PQ-199-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 1-ILOVA

Hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali hamkorlarga taklif etiladigan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari

T/r T/r Oromgoh nomi Oromgoh manzili Qurilish turi Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1. 1. “Aydin jol” bolalar oromgohi Taxiatosh tumani, “Aydin jol” MFY Kapital taʼmirlash Andijon viloyati 2. 1. “Quyoshcha” bolalar oromgohi Boʻston tumani, “Mustaqillikning 15 yilligi” MFY Rekonstruksiya qilish 3. 2. “Oqbuloq” bolalar oromgohi Jalaquduq tumani, “Oxunboboyev” MFY Rekonstruksiya qilish 4. 3. “Ulugʻnor” bolalar oromgohi Ulugʻnor tumani, “Oʻzbekiston” MFY Rekonstruksiya qilish 5. 4. “Oltinkoʻl” bolalar oromgohi Oltinkoʻl tumani, “Xondibogʻi” MFY Rekonstruksiya qilish 6. 5. “Asaka” bolalar oromgohi Asaka tumani, “Niyozbotir” MFY Rekonstruksiya qilish 7. 6. “Burgut” bolalar oromgohi Izboskan tumani, “Eloton” MFY Rekonstruksiya qilish Buxoro viloyati 8. 1. “Peshku” bolalar oromgohi Peshku tumani, “Malishoyak” MFY Kapital taʼmirlash 9. 2. “Quyosh nuri” bolalar oromgohi Vobkent tumani, “Rozmoz” MFY Rekonstruksiya qilish 10. 3. “Bolalar sayyorasi” bolalar oromgohi Gʻijduvon tumani, “Todon” MFY Rekonstruksiya qilish 11. 4. “Gulxan” bolalar oromgohi Kogon tumani, “Xoʻja Yakshaba” MFY Rekonstruksiya qilish 12. 5. “Charos”bolalar oromgohi Jondor tumani, “Poʻloti” MFY Rekonstruksiya qilish 13. 6. “Bunyodkor” bolalar oromgohi Buxoro tumani, “Koʻchkoʻmar” MFY Rekonstruksiya qilish Jizzax viloyati 14. 1. “Sh. Rashidov” bolalar oromgohi Sh. Rashidov tumani, “Tinchlik” MFY Joriy taʼmirlash va qoʻshimcha obyektlar qurish 15. 2. “Yangiobod” bolalar oromgohi Yangi obod tuman, “Xoʻjamushkent” MFY rekonstruksiya Qashqadaryo viloyati 16. 1. “Chavandoz” bolalar oromgohi Yakkabogʻ tumani, “Oʻrta” MFY Rekonstruksiya qilish 17. 2. “Zebiniso” bolalar oromgohi Shahrisabz tumani, “Uloch” MFY Rekonstruksiya qilish Samarqand viloyati 18. 1. “Alpomish” bolalar oromgohi Samarqand tumani, “Ohalik” MFY Rekonstruksiya qilish 19. 2. “Quvnoq” bolalar oromgohi Ishtixon tumani, “Bogʻbon” MFY Rekonstruksiya qilish 20. 3. “Shabnam” bolalar oromgohi Ishtixon tumani, “Damariq” MFY Rekonstruksiya qilish 21. 4. “Qoʻshchinor” bolalar oromgohi Nurobod tumani, “Sazogʻon” MFY Rekonstruksiya qilish 22. 5. “Kamalak jilosi” bolalar oromgohi Samarqand tumani, “Oʻrta Ohalik” MFY Rekonstruksiya qilish 23. 6. “Yosh astronom” bolalar oromgohi Samarqand tumani, “Mironqul” MFY Rekonstruksiya qilish 24. 7. “Samarqand” bolalar oromgohi Samarqand tumani, “Mironqul” MFY Rekonstruksiya qilish 25. 8. “Adas” bolalar oromgohi Tayloq tumani, “Adas” MFY Rekonstruksiya qilish 26. 9. “Uzunsoy” bolalar oromgohi Urgut tumani, “Uzunsoy” MFY Rekonstruksiya qilish 27. 10. “Bahora” bolalar oromgohi Urgut tumani, “Qoratepa” MFY Rekonstruksiya qilish Surxondaryo viloyati 28. 1. “Janub gavhari” bolalar oromgohi Uzun tumani, “Malandiyon” MFY Rekonstruksiya qilish 29. 2. “Surxon tongi” bolalar oromgohi Sariosiyo tumani, “Nilu” MFY Rekonstruksiya qilish 30. 3. “Sherobod” bolalar oromgohi Sherobod tumani, “Gʻoʻnjak-2” MFY Rekonstruksiya qilish Toshkent viloyati 31. 1. “Orzu” bolalar oromgohi Ohangaron tumani, “Sanam” MFY Rekonstruksiya qilish Fargʻona viloyati 32. 1. “Quvasoy” bolalar oromgohi Quvasoy tumani, “Lashkar” MFY Kapital taʼmirlash 33. 2. “Oltiariq” bolalar oromgohi Oltiariq tumani, “Qapchigʻay” MFY Rekonstruksiya qilish 34. 3. “Shoʻxay” bolalar oromgohi Furqat tumani, “Gʻuncha” MFY Rekonstruksiya qilish 35. 4. “Al-Fargʻoniy” bolalar oromgohi Fargʻona tumani, “Navkent” MFY Rekonstruksiya qilish 36. 5. “Tovul” bolalar oromgohi Beshariq tumani, “Yuqori Tovul” MFY Rekonstruksiya qilish Xorazm viloyati 37. 1. “Al-Xorazmiy” bolalar oromgohi Yangibozor tumani, “Hayvat” MFY Rekonstruksiya qilish 38. 2. “Urganch” bolalar oromgohi Urganch tumani, “K. Otaniyozov” MFY Joriy taʼmirlash va qoʻshimcha obyekt qurish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 2-ILOVA

Bino-inshootlari va (yoki) yer uchastkalari yozgi mavsumdan tashqari paytda hamkorlarga ijaraga beriladigan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari

T/r Oromgoh nomi Oromgoh manzili Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1. “Oq kema” bolalar oromgohi Moʻynoq tumani, “Boʻzatov” MFY Jizzax viloyati 2. “Zomin” bolalar oromgohi Zomin tumani, “Qayirma” MFY Qashqadaryo viloyati 3. “Lochin” bolalar oromgohi Shahrisabz tumani, “Miraki” MFY 4. “Ziyo chashmalari” bolalar oromgohi Shahrisabz tumani, “Loliston” MFY Namangan viloyati 5. “Mehrjon” bolalar oromgohi Chust tumani, “Yuqori” MFY Samarqand viloyati 6. “Chorchinor” bolalar oromgohi Urgut tumani, “Chorchinor” MFY Surxondaryo viloyati 7. “Xonjiza” bolalar oromgohi Sariosiyo tumani, “Xonjiza” MFY 8. “Beshbuloq” bolalar oromgohi Sherobod tumani, “Qizilolma” MFY 9. “Amudaryo” bolalar oromgohi Termiz shahri, Fidokor koʻchasi Toshkent viloyati 10. “Anor” bolalar oromgohi Boʻstonliq tumani, “Dumaloq” MFY 11. “Ugam” bolalar oromgohi Boʻstonliq tumani, “Xumson” MFY Fargʻona viloyati 12. “Soʻx” bolalar oromgohi Soʻx tumani, “Istiqlol” MFY Xorazm viloyati 13. “Jayhun quyoshi” bolalar oromgohi Xonqa tumani, “Navroʻz” MFY

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 3-ILOVA

Bolalarni sogʻlomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qurilayotgan bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari

T/r Oromgoh nomi Oromgoh manzili Qurilish turi Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1. “Jetkinshek” bolalar oromgohi Nukus shahri, “Chimbay” MFY Rekonstruksiya qilish Andijon viloyati 2. “Oq tulpor” bolalar oromgohi Asaka tumani, “Yangiobod” MFY Rekonstruksiya qilish Buxoro viloyati 3. “Buxoro” bolalar oromgohi Buxoro shahri, “Gulchorbogʻ” MFY Yangidan qurish Jizzax viloyati 4. “Kamalak” bolalar oromgohi Yangiobod tumani, “Balandchaqir” MFY Rekonstruksiya qilish Qashqadaryo viloyati 5. “Gulnora” bolalar oromgohi Shahrisabz tumani, “Uloch” MFY Rekonstruksiya qilish Navoiy viloyati 6. “Langar” bolalar oromgohi Nurota tumani, “Chuya” MFY Yangidan qurish Namangan viloyati 7. “Umid nihollari” bolalar oromgohi Uychi tumani, “Gulbogʻ” MFY Rekonstruksiya qilish 8. “Oftobcha” bolalar oromgohi Pop tumani, “Boyon” MFY Rekonstruksiya qilish Samarqand viloyati 9. “Ibn Sino” bolalar oromgohi Kattaqoʻrgʻon tumani, “Zarqoʻrgʻon” MFY Rekonstruksiya qilish Surxondaryo viloyati 10. “Chashma” bolalar oromgohi Denov tumani, “Koʻkabuloq” MFY Rekonstruksiya qilish Sirdaryo viloyati 11. “Sirdaryo” bolalar oromgohi Sirdaryo tumani, “Sholikor” MFY Rekonstruksiya qilish Toshkent viloyati 12. “Beldersoy” bolalar oromgohi Boʻstonliq tumani, “Namuna” MFY Rekonstruksiya qilish Toshkent shahri 13. “Yangi Oʻzbekiston” bolalar oromgohi Uchtepa tumani, “Oʻrikzor” MFY Rekonstruksiya qilish Fargʻona viloyati 14. “Bilimdon” bolalar oromgohi Fargʻona tumani, “Logʻon” MFY Rekonstruksiya qilish Xorazm viloyati 15. “Humo” bolalar oromgohi Qoʻshkoʻpir tumani, “Amirqum” MFY Rekonstruksiya qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 4-ILOVA

Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarini qurish, taʼmirlash va saqlash xarajatlariga qayta yoʻnaltirish uchun maqbullashtirilayotgan mablagʻlar

T/r Koʻrsatkichlar Maqbullashtiriladigan mablagʻlar (mln soʻm) JAMI: 175 000,0 1. Jamoat ishlari jamgʻarmasiga transfertlar 60 000,0 2. Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga transfertlar 50 000,0 3. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasiga transfertlar 35 000,0 4. Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga transfertlar 30 000,0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 5-ILOVA

Mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sogʻlomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida 2024-2025-yillar davomida har yili ajratiladigan mablagʻlar

T/r Hududlar nomi Mahalliy budjetlardan ajratiladigan mablagʻlar (mln soʻm) Jami: 105 000 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 4 030 2. Andijon viloyati 5 800 3. Buxoro viloyati 4 445 4. Jizzax viloyati 3 610 5. Qashqadaryo viloyati 13 010 6. Navoiy viloyati 8 390 7. Namangan viloyati 4 710 8. Samarqand viloyati 5 390 9. Surxondaryo viloyati 5 175 10. Sirdaryo viloyati 1 325 11. Toshkent viloyati 12 400 12. Fargʻona viloyati 7 450 13. Xorazm viloyati 5 085 14. Toshkent shahri 24 180

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi PQ-199-son qaroriga 6-ILOVA

Yer maydoni oʻrmon xoʻjaliklari fondlari balansida boʻlgan va toifasi oʻzgartiriladigan

T/r T/r Oromgoh nomi Manzili Oromgohning jami yer maydoni (gektar) Andijon viloyati 1. 1. “Quyoshcha” bolalar oromgohi Boʻz tumani, “Mustaqillikning 15 yilligi” MFY 3,0 2. 2. “Oq tulpor” bolalar oromgohi Asaka tumani, “Yangiobod” MFY 5,8 3. 3. “Asaka” bolalar oromgohi Asaka tumani, “Niyozbotir” MFY 6,25 4. 4. “Burgut” bolalar oromgohi Izboskan tumani, “Elatan” MFY 6,0 5. 5. “Oltinkoʻl” bolalar oromgohi Oltinkoʻl tumani, “Xondibogʻi” MFY 2,7 Samarqand viloyati 6. 1. “Ibn Sino” bolalar oromgohi Kattaqoʻrgʻon tumani, “Zarqoʻrgʻon” MFY 5,0

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.