Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish, tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha har yili oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini (keyingi oʻrinlarda — ochiq muloqot) yuqori saviyada tashkil qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;
hududlarda tadbirkorlar muammolarini oʻrganish va hal qilish boʻyicha ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — hududiy ishchi guruhlar) 2-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tuzilsin.
2. Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
ochiq muloqotni yuqori saviyada oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlarni tezkor va sifatli amalga oshirish, bu borada ekspert guruhlari, hududiy ishchi guruhlar, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;
tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlarning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish;
hududlarda tadbirkorlar bilan muloqot haftaliklarini tashkil etish, ochiq muloqotni oʻtkazish joyi va muddati boʻyicha takliflar va ishtirokchilar roʻyxatini shakllantirish hamda Tadbirkorlar kunini keng nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilash.
3. Respublika komissiyasi (J. Qoʻchqorov, J. Xodjayev):
a) har yili 15-iyunga qadar:
ochiq muloqot doirasida tadbirkorlar murojaatlarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar xodimlaridan iborat Respublika shtabi, shuningdek, hududiy ishchi guruhlar va 3-ilovaga muvofiq yoʻnalishlar boʻyicha ekspert guruhlarini tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Jamoatchilik kengashi), vazirlik va idoralar rahbarlari, salohiyatli investor va tadbirkorlar ishtirokida matbuot anjumanlari, davra suhbatlari, muloqot haftaliklarini tashkil qilish, infografika va videoroliklar tayyorlash boʻyicha mediarejani tasdiqlasin;
b) har yili 15-iyulga qadar ochiq muloqot oʻtkazish joyi, muddati va amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Savdo-sanoat palatasi mediarejaga asosan ochiq muloqot doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalarini ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq har yili 15-iyundan boshlab ochiq muloqot oʻtkazilgunga qadar:
a) Respublika shtabi (D. Vahobov):
maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Call-markaz xizmati, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali tadbirkorlarning murojaatlari tunu kun qabul qilinishini tashkil etadi;
har kuni tadbirkorlar murojaatlarini ekspert guruhlari va hududiy ishchi guruhlarga yuboradi hamda murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi yigʻma maʼlumotlarni Respublika komissiyasiga taqdim etib boradi;
har hafta tadbirkorlar murojaatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni Jamoatchilik kengashida muhokama qilib, ularning yechimlari boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Respublika komissiyasiga kiritib boradi;
b) ekspert guruhlari tadbirkorlar murojaatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni tahlil qilib, har hafta ularning yechimi boʻyicha takliflarni Respublika shtabiga kiritib boradi;
v) hududiy ishchi guruhlar:
har kuni tadbirkorlardan kelib tushgan individual xususiyatga ega masalalar joyida hal qilinishini taʼminlaydi;
har hafta biriktirilgan hududning har bir tumani (shahri)ga chiqqan holda, tadbirkorlar bilan sayyor qabullar tashkil etadi, aniqlangan tizimli muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflarni Respublika shtabiga kiritib boradi.
Respublika komissiyasi (J. Qoʻchqorov, J. Xodjayev) Respublika shtabi, ekspert guruhlari va hududiy ishchi guruhlar ishiga masʼuliyatsizlik bilan munosabatda boʻlgan xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar koʻrilishini taʼminlasin.
5. Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov):
a) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda ochiq muloqot doirasida murojaatlarni qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, ochiq muloqot natijalari, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini joylashtirib borish imkonini beruvchi “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasini (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) ishga tushirsin;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
har yili 15-iyunga qadar Respublika shtabi, ekspert guruhlari va hududiy ishchi guruhlarni joylashtirish va ularni zarur moddiy-texnik jihozlar bilan taʼminlash masalasini hal qilsin;
har yili 1-avgustga qadar “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan namuna boʻlayotgan tadbirkorlar orasidan nomzodlar roʻyxatini oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiyaga kiritsin.
6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil (D. Qosimov) Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov) bilan birgalikda bir oy muddatda elektron platformaga “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portalini integratsiya qilsin, muntazam ravishda ochiq muloqot doirasida kelib tushgan murojaatlar oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqilishini nazorat qilsin hamda qonunbuzilish holatlari boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrib borsin.
7. Respublika komissiyasi (J. Qoʻchqorov, J. Xodjayev) har yili ochiq muloqot oʻtkazilgandan soʻng uch kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha qaror loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqoti Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2024-yil avgust oyida xalqaro biznes forum tashkil etilishi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda salohiyatli investorlarni jalb etib, kelishuvlar amalga oshirilishini taʼminlasin;
joriy yil yakuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda “Qoraqalpogʻistonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
11. Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining 2024-yilda ochiq muloqot va xalqaro biznes forumni tashkil qilish bilan bogʻliq xarajatlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining asoslantirilgan hisob-kitoblari asosida Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi, Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hamda Savdo-sanoat palatasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, J.A. Xodjayev, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S. Qosimov va Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vahobov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-may,
PQ-200-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-maydagi PQ-200-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish boʻyicha respublika komissiyasining
Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-maydagi PQ-200-son qaroriga 2-ILOVA
Hududlarda tadbirkorlar muammolarini oʻrganish va hal qilish boʻyicha ishchi guruhlarning
Izoh: zaruratga koʻra, Ishchi guruh faoliyatiga boshqa vazirlik va idoralar vakillari jalb qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-maydagi PQ-200-son qaroriga 3-ILOVA
Tadbirkorlar muammolarini tahlil qilish boʻyicha ekspert guruhlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-maydagi PQ-200-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish