[Koʻchirma]
Kinematografiya sohasini yangi bosqichga koʻtarish, milliy davlatchiligimizning uch ming yildan ziyod tarixini, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini aks ettiruvchi filmlar turkumini ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi hamda ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari asosida 2024 — 2027-yillarga moʻljallangan “Tirik tarix” filmlar turkumini yaratish dasturi (keyingi oʻrinlarda — “Tirik tarix” dasturi) 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Ushbu dastur orqali quyidagi vazifalarni amalga oshirish belgilansin:
xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati, azaliy qadriyat va anʼanalari, ezgu orzu-intilishlarini chuqur ilmiy asoslarga tayanib, toʻlaqonli aks ettirish;
Vatan ozodligi va ravnaqi yoʻlida kurash olib borgan buyuk sarkarda va davlat arboblarining murakkab hayoti va davlatchilik faoliyatini xolis va haqqoniy koʻrsatib berish;
tariximizda yorqin iz qoldirgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, alloma va mutafakkirlar, shoir va adiblar, maʼrifatparvar jadid bobolarimiz, atoqli sanʼatkorlarning ilmiy-ijodiy merosi, ularning umumbashariy tamaddun rivojiga qoʻshgan munosib hissasini yuksak gʻoyaviy-badiiy saviyada namoyish etish.
2. Quyidagilar:
a) Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) tuzilsin hamda uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
“Tirik tarix” dasturi doirasida hamda davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarni moliyalashtirish manbalarini belgilash va filmlarni ishlab chiqarish uchun qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish;
kinoindustriyani iqtisodiyotning alohida tarmogʻi sifatida rivojlantirish, jumladan, imtiyoz va preferensiyalarga ega maxsus kino hududlari tashkil etish, zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmani yaratish hamda kinoprokat tizimini rivojlantirish choralarini koʻrish;
filmlar ishlab chiqarishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, alohida masalalar boʻyicha ishchi guruhlar tuzish, muhofaza qilinadigan hudud va obyektlarda suratga olish, maxsus va harbiy texnikalarni jalb qilish hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish;
milliy filmlarni xorijiy kinobozor va kinofestivallarda keng targʻib qilish, filmlarni ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy hamkorlar, nodavlat tashkilotlar hamda homiylarni jalb qilish;
milliy kinematografiya sohasi ijodkorlari, mutaxassislari va soha vakillarini ragʻbatlantirish, ijtimoiy muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlash, xalqaro kinofestivallar gʻoliblarini taqdirlash tizimini yoʻlga qoʻyish;
Kinematografiya agentligi qoshida tashkil etiladigan, “Tirik tarix” turkumidagi filmlarning budjetini koʻrib chiqish va ekspert xulosasini berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi, kino sohasi boʻyicha iqtisodchi va moliyachi mutaxassislardan iborat Ekspertlar guruhining tarkibi va xulosalarini tasdiqlash;
“Tirik tarix” dasturi ijrosi bilan bogʻliq joriy ishlarning masʼul vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida Kuzatuv guruhi tuzish. Kuzatuv guruhi hisobotlari va tahliliy maʼlumotlari har oy yakunlari boʻyicha Milliy komissiya raisiga va navbatdagi yigʻilishlarga kiritib borilishini taʼminlash.
b) Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengash (keyingi oʻrinlarda — Milliy kengash) tuzilsin hamda uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Milliy kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
kino sanʼatini jamiyatning ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy hayotida, jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim strategik vosita sifatida shakllantirish;
“Tirik tarix” dasturi doirasida yaratiladigan filmlarning gʻoyaviy va badiiy mazmuni, adabiy va rejissorlik ssenariylarining yuksak saviyada boʻlishini taʼminlash choralarini koʻrish, shuningdek, ijodiy guruhlarga nisbatan aniq vazifa va talablar belgilash hamda tayyorlangan kinoloyihalarni koʻrib chiqib baholash;
davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kinomahsulotlarni muvofiqlashtirish, ularni yaratish uchun ustuvor mavzular va janrlar boʻyicha kvotalarni belgilash, shuningdek, Milliy komissiyaga ishlab chiqarishi boshlangan kinoloyihalarning hajmini oshirish (qisqartirish) yoki vaqtincha toʻxtatib turish boʻyicha takliflar kiritish;
“Tirik tarix” dasturidagi kinoloyihalarni ishlab chiqarish uchun zarur boʻladigan tarixiy faktlar va maʼlumotlarni aniq va ishonchli asosda toʻplash va amaliy maslahatlar berish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida tegishli soha mutaxassislaridan iborat ekspertlar ilmiy guruhini tashkil etish. Ushbu guruh tomonidan tayyorlangan tahliliy materiallarni Milliy kengash yigʻilishlarida muhokama qilib borishni yoʻlga qoʻyish.
Kinematografiya agentligi Milliy komissiya va Milliy kengashning ishchi organi etib belgilansin hamda ularga har chorak yakuni boʻyicha bajarilgan ishlar va mavjud muammolarni tahlil qilgan holda hisobot kiritib borsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq “Tirik tarix” dasturi doirasida:
filmlarni ishlab chiqarishda Fanlar akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa ilmiy-maʼrifiy muassasalar tarixiy-ilmiy va badiiy masalalar boʻyicha asosiy hamkorlar hisoblanadi;
Milliy kengash takliflari asosida Milliy komissiya tomonidan filmlarni ishlab chiqarishning aniq muddatlari koʻrsatilgan rejasi tasdiqlanadi;
filmlar ishlab chiqarish uchun kinoloyihalarni tayyorlash boʻyicha tanlov tashkil etiladi va eng yaxshi kinoloyihalar tanlab olinadi;
kinoloyihalarga muvofiq filmlar ishlab chiqarish uchun taqdimot shaklidagi tanlovlar (pitching) asosida kinokompaniyalar aniqlanadi;
filmlarni ishlab chiqarish budjeti xorijiy tajriba asosida bozor konyunkturasini hisobga olgan holda shakllantiriladi;
badiiy va badiiy-publitsistik filmlar zamonaviy xorijiy formatda yaratiladi hamda ularning namoyishi kinoteatrlar va milliy telekanallarda, shuningdek, xorijiy tillarga dublyaj qilinib, chet el telekanallari va striming platformalarida tashkil etiladi;
filmlarni Oʻzbekistonda shakllangan dublyaj sanʼati maktabi anʼanalarini davom ettirgan holda xorijiy tillarga tarjima va dublyaj qilish boʻyicha tanlovlar tashkil qilinadi hamda zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
filmlarni ishlab chiqarishda ustuvor ravishda “Oʻzbekfilm” kinokonserni” DUKga import shartnomasi asosida yetkazib beriladigan kino uskunalaridan ijara asosida foydalaniladi, boshqa tadbirkorlik subyektlarining kino uskunalari zamonaviy va ijara toʻlovi arzon boʻlgan hollar bundan mustasno;
“Oʻzbekfilm” kinokonserni” DUK tarkibidagi mavjud suratga olish pavilyonlari va ulardagi 3D oʻlchamdagi ekranlardan birinchi navbatda “Tirik tarix” dasturi doirasidagi filmlarni ishlab chiqarishda foydalaniladi;
filmlarning boshlangʻich materiallari uchun “Oʻzbekiston milliy kinofondi” davlat muassasasida alohida maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi va ular maxsus server qurilmalarida saqlanishi taʼminlanadi;
filmlarni ishlab chiqarishga tayyorgarlik koʻrish doirasida respublika boʻylab professional va havaskor kino aktyorlarining elektron katalogi shakllantiriladi;
respublikada faoliyat yuritayotgan kinostudiyalar va teatrlarda saqlanayotgan tarixiy liboslar inventarizatsiyadan oʻtkaziladi, davrlarga mansubligidan kelib chiqib, ularning onlayn elektron katalogi yaratiladi;
“Tirik tarix” turkumida ishlab chiqariladigan kinoloyihalar alohida belgi (logotip) asosida yaratiladi.
4. Kinematografiya agentligiga mahalliy va xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlik (co-production) asosida “Tirik tarix” dasturi doirasidagi filmlarni yaratishga ruxsat berilsin hamda ushbu hamkorlikda filmlarni shartnoma asosida ishlab chiqarish va targʻibotini amalga oshirish uchun qoʻshimcha mablagʻlarni yoʻnaltirishga qaratilgan zarur choralar koʻrilsin.
5. Belgilansinki:
davlat buyurtmasi asosida kinomahsulotlarni ishlab chiqarishga ularning badiiy konsepsiyasi hamda moliyalashtirish hajmi va manbalari Milliy komissiya va Milliy kengashning ijobiy xulosalari asosida ruxsat beriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, davlat ulushi mavjud xoʻjalik birlashmalariga budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tegishli sohalarga oid filmlar ishlab chiqarishga mablagʻlarni yoʻnaltirishga ruxsat etiladi.
6. Mamlakatda kinoteatrlar tarmogʻini rivojlantirish maqsadida respublikaning har bir tumanida (shahrida) kinoteatrlar barpo etish, tarkibida kinozallari soni 2 tadan va tomoshabinlar sigʻimi 300 kishidan kam boʻlmagan savdo-koʻngilochar komplekslarini qurish uchun tadbirkorlik subyektlariga qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer maydonlari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan davlat-xususiy sheriklik asosida bepul ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu tizimni samarali tashkil qilish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini qabul qilsin.
7. Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazining Toshkent shahri, Navoiy shoh koʻchasi, 15-uyda joylashgan “Kinochilar uyi”ni “Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyi” deb qayta nomlash haqidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki:
Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyi milliy va retro filmlarning targʻibotini amalga oshirish, kinosanʼatkorlarning ijodiy kechalari, uchrashuvlarini oʻtkazish, yosh kinochilarning mahoratini oshirish va “ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirishga xizmat qiladigan ijodiy maskan sifatida faoliyat yuritadi;
vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasalari har chorakda kamida bir marotaba Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, ekskursiyalar tashkil qiladi hamda filmlar namoyishlariga shartnoma asosida jalb qilinadi.
8. Milliy komissiya (A. Aripov):
uch oy muddatda ilgʻor xorijiy tajriba asosida milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish, investitsiya mablagʻlarini jalb qilish tizimini takomillashtirish va sohada boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha takliflarni kiritsin;
2025-yil 1-iyunga qadar “Oʻzbekfilm” kinokonserni” DUKni zamonaviy kino qurilmalari, texnologik tizimlar va multimedia mahsulotlari bilan jihozlash ishlarini yakunlasin.
9. 2025-yil 1-yanvardan boshlab Kinematografiya agentligining iqtisodiy va ijodiy jihatdan faoliyat mustaqilligini taʼminlash maqsadida unga ajratiladigan budjet mablagʻlarini alohida xarajatlar iqtisodiy tasnifining bir satrida oʻtkazib berish amaliyoti joriy etilsin.
Bunda Kinematografiya agentligining markaziy apparatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar taqsimoti hamda oylik ish haqi miqdorlari, xodimlarni ragʻbatlantirish toʻlovlari Kinematografiya agentligi taqdimnomasiga koʻra Milliy komissiya tomonidan belgilanadi.
10. Madaniyat vazirligi uch oy muddatda oliy taʼlim muassasasi shaklidagi Oʻzbekiston xalqaro kinematografiya akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Kinoakademiya)ni tashkil qilish hamda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab uning faoliyatini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Kinoakademiya Toshkent shahri, Chilonzor koʻchasi, 1-uyda joylashgan “Oʻzbekfilm” kinokonserni” DUK hududidagi binoga (sobiq Tasmani qayta ishlash sexi) operativ boshqarish huquqi asosida joylashtirilsin.
12. Oʻzbekiston milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi qoshida kinematografiya sohasi uchun oʻrta maxsus mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash maktabi (keyingi oʻrinlarda — kinomaktab) tashkil qilinsin. Bunda:
tarixiy-jangovar (blokbaster) filmlarni yaratish boʻyicha mahalliy va xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilgan holda alohida guruhlar va kurslar (kaskadyorlar, pirotexniklar, grimchilar, tarixiy libos va chiroq ustalari hamda boshqalarni tayyorlash) faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
kinomaktabda kinematografiya sohasi uchun oʻrta maxsus mutaxassislar tayyorlashga moʻljallangan oʻquv kurslari, seminar treninglar, mahorat darslari tashkil etiladi;
kinomaktabda tahsil olgan ushbu kasb egalari (yordamchi rejissorlar, operatorlar, rassomlar, chiroqchilar va boshqalar) birinchi navbatda “Tirik tarix” dasturidagi filmlarni ishlab chiqarishga jalb qilinadi.
Kinomaktab Toshkent shahri, Chilonzor koʻchasi, 1-uyda joylashgan “Oʻzbekfilm” kinokonserni” DUK hududidagi 2 qavatli binoga (sobiq Chilonzor tumani Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi) operativ boshqarish huquqi asosida joylashtirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2024-yil yakuniga qadar Kinoakademiya va kinomaktab binolarini kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2023 — 2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-459-son qarorida 2024-yil uchun belgilangan mablagʻlardan iqtisod qilingan qismi hisobidan amalga oshirish choralarini koʻrsin.
14. Madaniyat vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kinematografiya sohasida taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi tegishli qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Respublikadagi oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalarida, oʻrta maktablarda kinolektoriylar, tuman (shahar)larda joylashgan madaniyat markazlarida milliy filmlarning bepul namoyishlari tashkil etilsin. Bunda:
madaniyat markazlarida kinozallar tashkil qilinadi hamda ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan jihozlanadi;
ushbu namoyishlar Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi huzuridagi axborot-multimedia striming platformasi (uzbekkino.uz) orqali amalga oshiriladi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga* muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
* 1 va 4-ilovalar berilmaydi.
17. Kinematografiya agentligi:
a) Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar xalqaro tajribani oʻrgangan holda yurtimizda “erkin iqtisodiy kinohududlar” va “Sinema park” tashkil qilish boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
b) ikki oy muddatda:
Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya hamda Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengash toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
respublika hududlarida kinoijodkorlar va maʼnaviyat targʻibotchilari ishtirokida “Kinokarvon” tadbirlarini tizimli oʻtkazib borish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror mazmuni va ijrosini keng yoritish tavsiya etilsin.
19. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov va Kinematografiya agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Sh.T. Rizayev belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyun,
PQ-209-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-son qaroriga 2-ILOVA
Kinematografiyani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy komissiya
Izohlar:
Milliy komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Milliy komissiya tomonidan uning tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi hamda Milliy komissiya raisi oʻrinbosarini belgilashi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-son qaroriga 3-ILOVA
Filmlarning gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirishga koʻmaklashuvchi milliy kengash
Izohlar.
Milliy kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Milliy kengash tomonidan uning tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi hamda Milliy kengash raisi oʻrinbosarini belgilashi mumkin.