PQ-234-son Qaror · 25.06.2024

Mahallalarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-234
  • Qabul qilingan sana:25.06.2024
  • Kuchga kirgan sana:05.07.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/234/0476

Mahallalar obodligini taʼminlash, ularni saqlash va obodonlashtirish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda mahallalar hududida yashovchi aholini mahalla obodligiga keng jalb qilish maqsadida:

1. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Fargʻona viloyati, Bagʻdod tumani, “Yuksalish” MFY tajribasi asosida joriy yil yakuniga qadar 1-ilovaga muvofiq mahallalarda, eksperiment tariqasida, xususiy sektor ishtirokida mahalla obodligini taʼminlash boʻyicha tubdan yangi tizimni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Belgilansinki, mahalla obodligini taʼminlash boʻyicha eksperiment doirasida:

mahallalarda mahalla obodligi bilan shugʻullanuvchi “Mahalla servis kompaniyasi” (keyingi oʻrinlarda — Servis kompaniyasi) faoliyati tashkil etiladi;

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yigʻini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi;

mahalla fuqarolar yigʻini hamda Servis kompaniyasi oʻrtasidagi xizmat koʻrsatish shartnomasini tuzish, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshiriladi;

Servis kompaniyasiga mahallalar binosi hududida bepul foydalanish huquqi asosida xonalar ajratiladi hamda 2-ilovaga muvofiq zarur texnik vositalar va uskunalar ularni soz va ishchi holatda saqlash sharti bilan bepul foydalanishga beriladi;

Servis kompaniyasiga ustuvor ravishda mahallada istiqomat qiluvchi, vaqtincha ishsiz, mavsumiy ishlarga chiqadigan fuqarolar jalb qilinadi;

Servis kompaniyasi hudud obodligini taʼminlash ishlarini mahalla fuqarolar yigʻinining buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiradi;

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) tomonidan Servis kompaniyalarining reyestri yuritiladi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Servis kompaniyalari faoliyatining samarali tashkil etilishini taʼminlash maqsadida eksperiment doirasida:

mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq zarur texnik vositalar va uskunalar Uyushma tomonidan markazlashgan tartibda, istisno tariqasida maxsus axborot portalida eʼlonni joylashtirmasdan va xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda oʻtkazmasdan ichki tanlov savdolari asosida eng yaxshi takliflarni tanlash orqali xarid qilinadi;

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ishlar Servis kompaniyasi tomonidan bajariladi, bunda toʻlovlar, istisno tariqasida, tender va tanlov savdolarini oʻtkazmasdan, maxsus axborot portalida tegishli axborotlarni joylashtirmasdan va xarid qilish tartib-taomillarini elektron shaklda oʻtkazmasdan, mahalla fuqarolar yigʻini kengashining qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshiriladi;

mahalla aholisining obodonlashtirish va tozalik bilan bogʻliq muammolarini doimiy ravishda oʻrganish hamda bartaraf etish uchun mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan mahalla fuqarolar yigʻinlariga qoʻshimcha bir nafardan xodim ajratiladi.

Bunda, ushbu xodimlar shtatini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar joriy yilda Uyushmaga 2024 moliya yili uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yil 1-yanvardan boshlab har yili budjet parametrlarida nazarda tutiladi.

4. Belgilab qoʻyilsinki, Servis kompaniyalari:

mahalla fuqarolar yigʻinining buyurtmasi asosida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish xizmatlarini bajaradi, ariqlar va sugʻorish tizimlarini tozalaydi, koʻchalarning tozaligini taʼminlaydi, koʻchatlar ekadi va parvarishlaydi;

shartnoma asosida ijtimoiy soha obyektlarida obodonlashtirish va kommunal ekspluatatsiya xizmatlarini koʻrsatadi;

shartnoma asosida chiqindilarni yigʻib saralaydi va chiqindi korxonalari tomonidan olib chiqib ketilishini tashkil etadi;

aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, 3-ilovaga muvofiq boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatdagi pulli xizmatlarni koʻrsatadi.

5. Mazkur qarorga 1-ilovadagi mahallalar obodligini tashkil qilish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar belgilansin.

Bunda:

mazkur qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan texnik vositalar va uskunalarni xarid qilish, zarur hollarda Servis kompaniyalari uchun qoʻshimcha xona qurish hamda chiqindi yigʻish shoxobchalarini qurish xarajatlari uchun jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va maʼmuriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga oʻtkaziladigan olib qoʻyilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari boʻyicha undiriladigan mablagʻlardan (taqsimotidan avval) Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga 100 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi;

undirilgan mablagʻlar birinchi navbatda Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;

mahallani obodonlashtirish ishlari uchun mahalla fuqarolar yigʻinlariga Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2025-yil 1-yanvarga qadar har oyda 20 mln soʻmdan mablagʻ ajratiladi.

(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

6. Belgilansinki, Servis kompaniyalari mahallani obod qilish bilan bogʻliq ishlarni bajarish, shuningdek, mahalla aholisiga mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatdagi pulli xizmatlarni koʻrsatish doirasida foyda, mol-mulk va yer soliqlari hamda ijtimoiy soliq toʻlovlarini toʻlashdan, shuningdek, Servis kompaniyasi ishchi xodimlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi.

Uyushma Soliq qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Servis kompaniyalariga qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari boʻyicha Soliq kodeksiga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Kadastr agentligi tashkil qilinayotgan yangi tizimning samarali yoʻlga qoʻyilishini taʼminlash maqsadida bir oy muddatda mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq mahallalarga tutash boʻlgan hududlarda chiqindi yigʻish shoxobchalarini qurish uchun yer maydonlari ajratilishini taʼminlasin.

8. Mahalla va Servis kompaniyalari uchun bino-inshootlarni qurish boʻyicha buyurtmachi etib — Uyushma va uning hududiy boʻlimlari, pudratchi etib — Uyushma huzuridagi “Mahalla binolarini qurish va kapital taʼmirlash direksiyasi” MChJ belgilansin. “Mahalla binolarini qurish va kapital taʼmirlash direksiyasi” MChJga toʻgʻridan-toʻgʻri yordamchi pudrat tashkilotlarini yollash huquqi berilsin.

9. Uyushma, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan birgalikda:

a) bir oy muddatda:

Servis kompaniyalari tomonidan faoliyat yuritish va xizmat koʻrsatish hamda ularni moliyalashtirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi nizomni;

“Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” tamoyili asosida yakka tartibdagi uy-joylarda istiqomat qilish va faoliyat yuritish qoidalarini tasdiqlashga oid qaror loyihasini;

b) 2025-yil 1-yanvarga qadar eksperiment natijasi boʻyicha xususiy sektor ishtirokida mahalla obodligini taʼminlash boʻyicha yangi tizimni respublikaning barcha mahallalarida joriy etish boʻyicha taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Servis kompaniyasi bino-inshootlari hamda chiqindi yigʻish shoxobchalarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqib, Uyushmaga taqdim etsin hamda doimiy ravishda quriladigan obyektlar ustidan belgilangan tartibda davlat arxitektura nazoratini oʻrnatsin.

11. Uyushma bir oy muddatda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sh.S. Hidoyatov hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Q.Q. Quranboyev belgilansin.

Qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 25-iyun,

PQ-234-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-iyundagi PQ-234-son qaroriga 1-ILOVA

“Mahalla servis kompaniyasi” faoliyati tashkil etiladigan mahallalar roʻyxati

Izoh: mazkur roʻyxatga Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-iyundagi PQ-234-son qaroriga 2-ILOVA

“Mahalla servis kompaniyasi” uchun xarid qilinadigan zarur texnik vositalar va uskunalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-iyundagi PQ-234-son qaroriga 3-ILOVA

“Mahalla servis kompaniyasi” tomonidan mahalla aholisiga koʻrsatiladigan pulli xizmatlarning namunaviy

Izoh: mazkur roʻyxatga Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.