PQ-229-son Qaror · 21.06.2024

Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-229
  • Qabul qilingan sana:21.06.2024
  • Kuchga kirgan sana:22.06.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/229/0438

Soʻnggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida elektron tijorat va raqamli xizmatlardan foydalanishda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarni oʻz vaqtida aniqlash va samarali tergov qilish maxsus raqamli usul va vositalardan foydalanishni, raqamli dalillar bilan ishlash texnikasini ishlab chiqishni, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda bu borada tizimli ilmiy-tadqiqot bazasini yaratishni taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda jinoyatlarni oʻz vaqtida va toʻla fosh etish, javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini soʻzsiz amalga oshirishning samarali mexanizmlarini yaratish, shu jumladan, shaxsning aybini ilmiy-texnik jihatdan asoslangan ishonchli dalillar bilan isbotlash jarayonlarini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

raqamli kriminalistika sohasida innovatsion tadqiqotlar olib borish, katta hajmdagi maʼlumotlar (“Big Data”), sunʼiy intellekt va boshqa ilgʻor texnologiyalarni tahlil qilib, amaliyotga joriy etish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qoʻyish, saqlash va tadqiq qilish boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini oʻtkazishda raqamli kriminalistika jihatidan amaliy yordam berish;

raqamli ekspertizaning zamonaviy texnologiyalari va vositalarini joriy etish;

jinoyatlarni tergov qilish doirasida raqamli maʼlumotlarni izlaydigan, toʻplaydigan va tahlil qiladigan, shuningdek, kripto-aktivlar, “bulutli texnologiyalar” va boshqalardan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar va vositalarni joriy etish;

kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishda ishtirok etish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;

kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega malakali kadrlar tayyorlash;

raqamli kriminalistika boʻyicha sud ekspertizalarini oʻtkazish metodikalarini ishlab chiqish va takomillashtirib borish;

raqamli texnologiyalar yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va ularni tergov qilish amaliyotidagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

2. Akademiya zimmasiga yuklangan qoʻshimcha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.

3. Belgilansinki:

Institut Akademiya tuzilmasiga kiradi va yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi;

Institut tarkibida Ixtisoslashtirilgan raqamli tadqiqot markazi, Raqamli tergovga koʻmaklashish boʻlimi, Uslubiy yordam koʻrsatish boʻlimi va Raqamli kriminalistika laboratoriyasi kabi boʻlinmalar faoliyat olib boradi;

Institut faoliyatini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish maqsadida qoʻshimcha 10 ta shtat birligi ajratiladi;

Institut faoliyatini budjet hisobidan saqlash bilan bogʻliq xarajatlar 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Bosh prokuraturaga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

4. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. 2024-yil 1-avgustdan Institutga quyidagi huquqlar berilsin:

raqamli kriminalistika boʻyicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni oʻtkazish;

jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qoʻyish, saqlash va tadqiq qilish hamda oʻrganilgan maʼlumotlar boʻyicha xulosalar tayyorlash;

raqamli kriminalistika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni zamonaviy raqamli kriminalistika ekspertiza turlari boʻyicha masofaviy va anʼanaviy tarzda oʻqitish;

raqamli kriminalistika faoliyatini amalga oshirish hamda maxsus kriminalistika laboratoriyalari ishini samarali tashkil etish uchun shartnoma asosida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;

ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari doirasida hamda texnik vosita va butlovchi ehtiyot qism sifatida foydalanish uchun Ichki ishlar vazirligida yuritiladigan raqamli axborot tashuvchi qurilmalar (mobil telefon, smartfon, planshet, kompyuter texnikasi, videoregistrator, qattiq disk, flesh xotira va tashqi jamlagichlar) kolleksiyasidan foydalanish;

ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun zarur boʻlgan statistik va boshqa axborotni vazirliklar va idoralardan bepul asosda soʻrab olish.

6. Institut:

sud-ekspertlik faoliyati qamrovini kengaytirish maqsadida 2024-yil yakuniga qadar katta hajmdagi maʼlumotlar (“Big Data”) ekspertizasi oʻtkazilishini yoʻlga qoʻysin;

boshqa davlat sud-ekspertiza muassasalari bilan birgalikda raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlar boʻyicha raqamli dalillarni tadqiq qilish yuzasidan ekspertiza turlarini yaratish choralarini koʻrib borsin.

7. Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni oʻz ichiga qamrab oluvchi “Raqamli dalillar yagona reyestri” idoralararo avtomatlashtirilgan tizimining (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) sinov versiyasini 2025-yil 1-martga qadar, 2025-yil 1-avgustga qadar toʻliq versiyasini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Reyestrning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar nazarda tutilsin:

jinoyatlarni fosh etish, tergov samaradorligini oshirish, uyushgan jinoiy guruhlarni tezkorlik bilan aniqlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tushayotgan jinoiy ishlar boʻyicha davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlmagan materiallarni yigʻish, hisobga olish, saqlash va tahlil qilish;

davlat sirlariga oid boʻlmagan fotosuratlar, video, audio yozuvlar, elektron hamyonlar, kripto-aktivlar manzillari, IP-manzillar, Internet manzillar (domen), hisobga olish yozuvi (akkaunt), raqamli dalillarning aniqlangan joyi, vaqti va boshqa muhim belgilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish;

raqamli dalillar bazasida davlat sirlariga oid boʻlmagan axborotni saqlash, qayta ishlash va himoya qilish mexanizmlari, axborot infratuzilmasi ishonchliligi, maʼlumotlar bazalarining zaxiralarini taʼminlash.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

Reyestrni ishlab chiqish va zarur uskunalarni xarid qilish surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlarining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

raqamli dalillarni Reyestrga kiritish prokuratura, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining surishtiruvchi va tergovchilari hamda davlat sud-ekspertiza muassasalari, davlat organlarining ekspertiza boʻlinmalari ekspertlari tomonidan amalga oshiriladi;

Reyestr Akademiya serverlarida saqlanadi hamda uning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi taʼminlanishi uchun Akademiya masʼul hisoblanadi.

9. Bosh prokuratura:

bir oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Akademiyaning xarajatlar smetalari va shtat jadvaliga mazkur qarorga muvofiq oʻzgartishlar kiritsin;

uch oy muddatda Institutni malakali, oʻziga yuklatilgan vazifalarni yuksak professional darajada bajarishga qodir kadrlar, birinchi navbatda, axborot texnologiyalari va huquq sohasidagi mutaxassislar bilan toʻldirsin;

Institut, uning boʻlinmalari va xodimlarini mebel, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari, raqamli kriminalistika yoʻnalishidagi maxsus apparat, apparat-dasturiy hamda dasturiy vositalar bilan taʼminlasin;

Akademiyada tergov, surishtiruv xodimlari va tergov sohasida nazoratni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan prokurorlar, shu jumladan, prokuror-kriminalistlar uchun raqamli dalillarni aniqlash, saqlash va tahlil qilishga oid qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etib borsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T. Yoʻldoshev belgilansin.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 21-iyun,

PQ-229-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-229-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining

Izoh: boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 14 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-229-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha

Izoh: “Yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan tadbirlar tegishli chora-tadbirning sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi, shuningdek, bir hujjatga birlashtirilishi mumkin. Bunda ikki yoki undan ortiq chora-tadbirlar birlashtirilgan hollarda, ushbu masalalarning oxirgi bajarilish muddati qoʻshma chora-tadbirlarning bajarilishi uchun belgilangan oxirgi muddat hisoblanadi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida “Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan tadbirlar mazmuniga mos keladigan boshqa masalalar ham hisobga olinishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-229-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-sentabrdagi PQ-2036-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari va muassasalarida xizmatni oʻtash toʻgʻrisidagi nizomning 27-bandi rus tilidagi matnida:

yettinchi xatboshi “starshiye prepodavateli i starshiye prokurori” soʻzlaridan keyin “, a takje starshiye prokurori-kriminalisti” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

sakkizinchi xatboshi “prepodavateli i prokurori” soʻzlaridan keyin “, a takje prokurori-kriminalisti” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 13-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2065-son qaroriga 1-ilovani rus tilidagi matnining “Naimenovaniye doljnosti” ustunida:

5-pozitsiyadagi “(upravleniya, fakulteta, otdela, tsentra)” soʻzlari “(instituta, upravleniya, laboratorii, fakulteta, otdela, tsentra)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

7-pozitsiyadagi “starshiy prepodavatel, starshiy prokuror otdela (upravleniya, fakulteta, tsentra)” soʻzlari “starshiy prepodavatel, starshiy prokuror-kriminalist, starshiy prokuror otdela (upravleniya, laboratorii, fakulteta, tsentra)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

8-pozitsiyadagi “prepodavatel, prokuror otdela (upravleniya, fakulteta, tsentra)” soʻzlari “prepodavatel, prokuror-kriminalist, prokuror otdela (upravleniya, laboratorii, fakulteta, tsentra)” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 3-iyuldagi 339-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatchilarining lavozimlari roʻyxatining “Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi

Boshliq

Boshliqning birinchi oʻrinbosari

Boshliq oʻrinbosari

Boshliq yordamchisi

Kafedra (institut, boshqarma, fakultet, boʻlim, markaz, laboratoriya) boshligʻi

Professor

Dotsent

Katta oʻqituvchi

Oʻqituvchi

Boʻlim (boshqarma, fakultet, markaz) katta prokurori

Boʻlim (laboratoriya) katta prokurori-kriminalisti

Boʻlim (boshqarma, fakultet, markaz) prokurori

Boʻlim (laboratoriya) prokurori-kriminalisti

Bosh mutaxassis

Yetakchi mutaxassis

1-toifali mutaxassis

2-toifali mutaxassis”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.