PQ-232-son Qaror · 21.06.2024

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-232
  • Qabul qilingan sana:21.06.2024
  • Kuchga kirgan sana:25.06.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/232/0446

Yoshlar tarbiyasi sohasining ilmiy-metodik taʼminotini amalga oshirish, buyuk allomalarimiz va jadidlarning ushbu yoʻnalishdagi qarashlarini ilmiy tadqiq etish asosida zamonaviy metodikalarni ishlab chiqish, oʻquvchilar tarbiyasi masalasida mahalla va ota-onalar oʻrtasidagi samarali hamkorlikni taʼminlash, ota-onalar va oʻqituvchilar uchun ushbu mavzuga oid oʻquv va ommabop adabiyotlar yaratishni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida:

1. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilansinki:

Institut yangi tarbiya metodikalarini yaratish va amaliyotga joriy qilish boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi davlat muassasasi hisoblanadi hamda tarbiya sohasini takomillashtirishga oid ilmiy asoslantirilgan istiqbolli takliflar ishlab chiqadi;

Institut bevosita Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boʻysunuvida faoliyat olib boradi;

Institutga maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;

Institut direktori oʻrinbosarlari hamda Institutning Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali direktori Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda Institut direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Institut xodimlari tarkibi tanlov asosida shakllantiriladi;

Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.

3. Quyidagilar:

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutining asosiy vazifalari 1-ilovaga muvofiq;

2024 — 2027-yillarda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2024 — 2027-yillarda tarbiya pedagogikasi yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) uch oy muddatda Institut huzurida “Pedagogika nazariyasi. Pedagogik taʼlimotlar tarixi”, “Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” hamda “Ijtimoiy pedagogika” ixtisosliklari boʻyicha ilmiy kengashlarni tashkil etish choralarini koʻrsin.

5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich jahonda tan olingan ijtimoiy-emotsional taʼlim (Social and Emotional Learning — SEL) metodikalarini joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki, ijtimoiy-emotsional taʼlim metodikalarini joriy qilish doirasida:

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari 5 ta ijtimoiy-emotsional (oʻz-oʻzini anglash, oʻz-oʻzini boshqarish, ijtimoiy xabardorlik, tengdoshlari bilan munosabatlarni shakllantirish va masʼuliyatli qaror qabul qilish) kompetensiyalarga oʻrgatiladi hamda ushbu jarayonga ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari jalb qilinadi;

ijtimoiy-emotsional taʼlim metodikalari umumiy oʻrta taʼlim hamda pedagog kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlariga kiritiladi;

ijtimoiy-emotsional taʼlim metodikalarini amaliyotga tatbiq etish uchun tajriba-sinov doirasida tanlab olingan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Institutning malakali xodimlari, xorijiy mutaxassislar va pedagog kadrlardan iborat boʻlgan trenerlar guruhlari shakllantiriladi;

ijtimoiy-emotsional taʼlim metodikalarini joriy qilish jarayonlari Institut tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻriladi.

6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):

a) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Tarbiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi faoliyatini tashkil etsin;

b) 2025-yil 1-mayga qadar:

Institutning ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari tarbiya sohasidagi mavjud muammolar asosida shakllantirilishini;

Institut tomonidan tarbiya metodikalarini ishlab chiqish boʻyicha yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlik oʻrnatilishini va qoʻshma tadqiqotlar olib borilishini;

maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va oʻquvchilari uchun milliy tarbiya yoʻnalishida turkum adabiyotlar nashr etilishini;

Institut tomonidan tarbiya yoʻnalishida amalga oshiriladigan loyihalarga davlat va nodavlat tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari va jamoatchilik institutlarining mutaxassislari hamda olimlari, shuningdek, xorijiy ekspertlar jalb qilinishini taʼminlasin.

7. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O. Xasanov), Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (K. Kuranbayev) hamda Milliy gvardiya (R. Djurayev) bilan birgalikda:

a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Farzand tarbiyasida ota-onaning masʼuliyati” mavzusida tarbiya haftaliklarini oʻtkazib borsin;

ota-onalarning farzand tarbiyasi borasidagi bilimini oshirishga qaratilgan “Namunali ota-onalar maktabi” loyihasini amalga oshirsin;

milliy tarbiyaning hududiy anʼanalarini oʻrganish, tiklash va zamonaviy maʼnaviy-axloqiy tarbiya tizimiga joriy qilishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirsin;

b) 2024-yil 1-dekabrga qadar:

oʻquvchilarda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet”ni shakllantirishda “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligi zanjirini yaratish boʻyicha ilmiy asoslangan oʻquv va ommabop uslubiy tavsiyalar ishlab chiqsin;

ota-onalarning farzand tarbiyasiga oid dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan xalqchil tildagi adabiyotlar yaratilishini tashkil etsin;

v) 2024-yil dekabr oyida “Tarbiya — shaxs madaniy-maʼnaviy kamolotining mezoni” mavzusida xalqaro forum oʻtkazsin;

g) 2025-yil yakuniga qadar ota-onalar, oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun yoshlar tarbiyasiga oid raqamli kontentlarni joylashtirish maqsadida “milliytarbiya.uz” elektron platformasi va uning mobil versiyasini ishlab chiqsin hamda uni zamonaviy va qiziqarli kontentlar bilan toʻldirib borsin;

d) Institut tomonidan ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar asosida yoshlar taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlangan podkast, videokontentlar yaratish va ommaviy axborot vositalari orqali yoritish ishlarini tizimli tashkil qilsin.

8. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Institut binolari va inshootlarini saqlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra ajratiladigan grantlar;

xalqaro grantlar va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. Institut Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining Toshkent shahri, Olmazor tumani, Ziyo koʻchasi, 6-uy manzilida joylashgan binosiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtirilsin.

10. Belgilansinki, Institutning Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan xarajatlarini moliyalashtirish 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

11. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 21-iyun,

PQ-232-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-232-son qaroriga 1-ILOVA

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutining asosiy vazifalari

1) pedagogika va psixologiya sohalarida tarbiya metodikasiga oid fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish, sohada ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;

2) tarbiya mazmunini tahlil qilish, uni rivojlantirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish;

3) ajdodlarimiz va jadidlarning komil insonni shakllantirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga oid yondashuvlarini tadqiq qilish hamda zamon talablariga mos ravishda taʼlim jarayonida qoʻllash boʻyicha ilmiy asoslangan ishlanmalar va metodikalarni yaratish;

4) ota-onalar va oʻqituvchilar uchun tarbiyaviy metodikalar boʻyicha qoʻllanmalar va tavsiyalar ishlab chiqish, ularni ommalashtirish;

5) farzand tarbiyasida “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligining samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va uni amalga oshirish boʻyicha metodik tavsiyanomalar yaratish;

6) tarbiya metodikalariga oid raqamli kontentlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;

7) alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning tarbiyasiga oid ilmiy-metodik taʼminotni yaratish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-232-son qaroriga 2-ILOVA

2024 — 2027-yillarda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-232-son qaroriga 3-ILOVA

2024 — 2027-yillarda maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish boʻyicha erishiladigan maqsadli koʻrsatkichlar

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.