Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida olib borilayotgan islohotlarni samarali tashkil etish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish, mamlakat aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashda samarali hamda yangi bozor mexanizmlarini joriy etish, agroklasterlar, fermerlar va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga xizmatlar koʻrsatishni yangi tamoyillar asosida tashkil etish maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etishni yanada jadallashtirish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
Loyiha ofisi 2024-yilda ustuvor ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-109-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yoʻnalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohalaridagi strategik islohotlarning amalga oshirilishiga eʼtibor qaratsin.
2. Quyidagilar:
“Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
“Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tomonidan birinchi bosqichda faoliyati takomillashtiriladigan Qishloq xoʻjaligi vazirligining tizim tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Loyiha ofisi direktori qishloq xoʻjaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Loyiha ofisi shtat birliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda tizim tashkilotlarining amaldagi shtatlari doirasida shakllantiriladi;
Loyiha ofisi har oyda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari toʻgʻrisida qishloq xoʻjaligi vaziriga axborot kiritib boradi;
davlat organlari rahbarlari Loyiha ofisiga har tomonlama koʻmaklashadi, shu jumladan, uning soʻroviga koʻra oʻz xodimlarining oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni saqlab qolgan holda ekspert sifatida yuborilishini taʼminlaydi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligining tizim tashkilotlari hamda boshqa davlat organlari Loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarning belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
4. Qishloq xoʻjaligi vaziri Loyiha ofisi faoliyatini muvofiqlashtirib, uning samarali faoliyatini taʼminlash choralarini koʻrsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
5. Loyiha ofisini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
2026-yildan boshlab Qishloq xoʻjaligi vazirligiga birinchi darajali budjet mablagʻlari taqsimlovchisi sifatida Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
Loyiha ofisining asoslangan takliflariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida jalb qilinadigan grant mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda Loyiha ofisining nizomini, shuningdek, uning tuzilmasi, shtat birliklari sonini tasdiqlasin.
Bunda Loyiha ofisi xodimlariga Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Loyiha ofisi:
a) 2024-yilda:
(7-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
qishloq xoʻjaligi sohasida sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish asosida ularni respublikaga joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan oziq-ovqat sanoati korxonalarining mavjud quvvatlaridan foydalanish holatini oʻrganish va mavjud muammolarni aniqlash;
sohada oʻz yechimini kutib turgan muammolarni bartaraf etish uchun xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;
Loyiha ofisi uch oy muddatda yuqori nufuzga ega qishloq xoʻjaligi sohasidagi xorijiy oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha alohida ixtisoslashgan markaz faoliyatini tashkil etsin;
meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tekshirish va eksport ulushini oshirish uchun xalqaro moliya institutlarining 3,4 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlari hisobidan Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos boʻlgan 3 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etish choralarini koʻrsin;
3-ilovada belgilangan tashkilotlar faoliyatini qayta koʻrib chiqsin va ish samaradorligini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻrsin;
b) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda agrar sohadagi oliy taʼlim muassasalari talabalari bilimini, pedagoglarining malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari faoliyatini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimini takomillashtirsin;
Toshkent davlat agrar universitetida taʼlim yoʻnalishlarini bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazsin;
v) Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizim tashkilotlaridan 1 nafardan salohiyatli xodimlarni asosiy ishidan ajralgan holda Loyiha ofisi eksperti sifatida doimiy faoliyat olib borishi uchun yuborilishini taʼminlasin.
Bunda, ekspertlar nomzodi Loyiha ofisi bilan kelishilgan holda aniqlanadi hamda ularning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar tizim tashkilotlari tomonidan qoplanadi.
8. Loyiha ofisiga quyidagi huquqlar berilsin:
tegishli vazirlik va idoralar, ularning tizimidagi muassasalar, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, shartnoma asosida Loyiha ofisi faoliyatiga jalb qilish;
ishlab chiqilgan loyihalarni hududiy tashkilotlar, tuman (shahar) yoki hudud misolida tajriba-sinovdan oʻtkazish;
davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistik, tahliliy hamda boshqa maʼlumotlarni soʻrab olish va ularning elektron axborot tizimlaridan bepul foydalanish.
9. Loyiha ofisi direktoriga xorijiy mutaxassislar, ekspert, konsultant va maslahatchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb etish, ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy yoki chet el valyutasida, shu jumladan mablagʻlarni ularning xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali toʻlash, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar, ularning tarkibiy tuzilmalari mutaxassislarini islohotlarni amalga oshirish jarayonlariga jalb qilish, ular ishtirokida ekspert komissiyalari va ishchi guruhlarini tuzish huquqi berilsin.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Loyiha ofisi unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bino bilan taʼminlasin.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
bir oy muddatda Loyiha ofisi faoliyatini tashkil etish, shu jumladan uni jihozlash, zarur moddiy-texnik vositalar va aloqa turlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 20-iyun,
PQ-227-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-iyundagi PQ-227-son qaroriga 1-ILOVA
“Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
1. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat, shu jumladan oʻsimliklar karantini va himoyasi, veterinariya, chorvachilik va naslchilik-seleksiya, pillachilik, yaylovlardan foydalanish sohalarini isloh qilish boʻyicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish.
2. Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, xalqaro baholash tashkilotlari va konsalting kompaniyalari tomonidan berilgan tavsiyalarni umumlashtirish hamda maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini taʼminlash.
3. Qishloq xoʻjaligi sohasida sugʻurta xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha takliflarni shakllantirish, ushbu yoʻnalishdagi maqbul tashabbuslarning amaliyotga tatbiq qilinishini taʼminlash.
4. Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan sohaga ajratilayotgan subsidiya mablagʻlari samaradorligining tahlili asosida ularning natijadorligini oshirish.
5. Yetakchi ekspertlar, konsultantlar, maslahatchilar va jamoatchilikni keng jalb qilgan holda sohada resurstejamkor texnologiyalarni joriy qilish va intensiv usulda mahsulot yetishtirish, shuningdek, sohada xizmat koʻrsatishni ilgʻor xorijiy tajriba asosida amalga oshirish boʻyicha takliflarni tayyorlash.
6. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotishda yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, ularni Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish, qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish.
7. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini institutsional tahlil qilish va islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda sohaga bozor tamoyillarini joriy etish.
8. Xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlarni jalb etgan holda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini raqamlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda xizmat koʻrsatish jarayonlariga zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish.
9. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha takliflarni tayyorlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-iyundagi PQ-227-son qaroriga 2-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-iyundagi PQ-227-son qaroriga 3-ILOVA
“Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tomonidan birinchi bosqichda faoliyati takomillashtiriladigan Qishloq xoʻjaligi vazirligining tizim tashkilotlari