PQ-267-son Qaror · 18.07.2024

Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-267
  • Qabul qilingan sana:18.07.2024
  • Kuchga kirgan sana:23.07.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/267/0538

[Koʻchirma]

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-82-son Farmoniga muvofiq hamda aholi tomonidan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashi kafolatlangan tarzda olinishi, uning manzilliligi va samaradorligini taʼminlash maqsadida:

1. Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid barcha choralarni raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga oʻtishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

“Ijtimoiy karta” axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — “Ijtimoiy karta” AT) joriy etish orqali ijtimoiy toʻlovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini, shuningdek, aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning ijtimoiy xususiyatga ega boshqa barcha choralarini bosqichma-bosqich toʻliq avtomatlashtirish;

ijtimoiy yordamga muhtoj toifadagi fuqarolarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda ularning ijtimoiy xizmatlardan, yordam va toʻlovlardan, shuningdek davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning boshqa choralaridan foydalanish uchun hujjatlarni yigʻish zaruratini bekor qilish;

davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini manzilli, qisqa muddatlarda, masofadan turib hamda proaktiv tarzda olish imkoniyatini berish;

ijtimoiy sugʻurtalashni joriy qilish doirasida raqamli servislarni rivojlantirish orqali davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlik qilishni soddalashtirish;

respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahalla darajasida davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashini amalga oshiruvchi davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari “Ijtimoiy karta” ATdan foydalangan holda ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi:

a) 2024-yil 1-dekabrdan boshlab yangidan tayinlanadigan ijtimoiy toʻlovlar, xizmatlar va imtiyozlar, shu jumladan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini 1 va 2-ilovalarga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan vaucherlar qiymatida xarid qilish;

b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, oʻquvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash. Bunda nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, oʻquvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qogʻoz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi;

(2-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

v) 2026-yil 1-fevraldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida, 2026-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning qolgan hududlarida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni belgilangan miqdor doirasida xarid qilishda toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini bir ish kunida qaytarish.

Bunda ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash talab etilmaydi;

(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

g) 2026-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich:

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq barcha davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda vazirlik va idoralar tizimida budjet mablagʻlari hisobidan faoliyat yurituvchi boshqa tuzilmalar tomonidan fuqarolarga budjet mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar hamda moddiy xususiyatga ega boshqa toʻlovlar;

nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yoʻl, havo va daryo transporti, yoʻnalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish boʻyicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻlgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar;

kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy obyektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq toʻlash boʻyicha imtiyozlar.

(2-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

d) 2027-yil 1-yanvardan boshlab — qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlardan foydalanish.

(2-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)

3. 2026-yil 1-dekabrdan boshlab pensiya oluvchilarga oʻz xohishiga koʻra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganligi boʻyicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi berilsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)

4. Belgilansinki:

ijtimoiy karta Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — fuqarolar) Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beriladi hamda fuqarolarning davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralariga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishi taʼminlanadigan hujjatlardan biri hisoblanadi va noyob, oʻzgartirib boʻlmaydigan shaxsiy raqamni oʻz ichiga oladi;

ijtimoiy karta boʻyicha alohida operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlash va cheklash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;

“Ijtimoiy karta” AT maʼlumotlar bazasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda fuqarolar va davlat organlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar, shu jumladan biometrik maʼlumotlar asosida Agentlikning serverlarida shakllantiriladi va yuritiladi.

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

2026-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining barcha rezident tijorat banklari tegishli texnik talablarga mos boʻlganda ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish boʻyicha moliyaviy agent (keyingi oʻrinlarda — moliyaviy agent) vazifasini bajarishlari mumkin boʻladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

5. Vazirlar Mahkamasi:

a) bir hafta muddatda “Ijtimoiy karta” ATni ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish, sanoatda foydalanishga joriy etish va takomillashtirish (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) maqsadida qoʻshma korxona (keyingi oʻrinlarda — Korxona) tashkil etish uchun xususiy investorni aniqlashni nazarda tutuvchi qaror qabul qilsin, shuningdek Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa chora-tadbirlarni koʻrsin;

b) Agentlikning takliflari asosida davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini ijtimoiy kartalarga oʻtkazadigan moliyaviy agentlarni, shuningdek, Loyihaning boshqa ishtirokchilarini belgilab borsin;

v) 2024-yil 1-oktabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy kartasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

g) 2026-yil 1-iyulga qadar:

(5-band “g” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

respublikada yashovchi aholining barcha ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga ijtimoiy kartalarni bosqichma-bosqich berish jadvalini;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PF-209-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Mahalla yettiligi”ning kollegial qarorlari asosida koʻrsatiladigan ijtimoiy yordam va ajratiladigan subsidiyalar, shuningdek, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari va boshqa qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari hamda qonunchilikka muvofiq beriladigan imtiyoz va ijtimoiy kafolatlarning yagona roʻyxatini va klassifikatorini tasdiqlasin.

6. Belgilansinki, Agentlikka nisbatan oʻz vazifalari va funksiyalarini bajarish uchun jalb etiladigan grantlar, xorijiy maslahatchilar va ekspertlarga texnik koʻmak mablagʻlari hisobidan amalga oshirishga moʻljallangan loyiha takliflarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-maydagi “Tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda ekspertlik koʻmagi samaradorligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-198-son qarori talablari tatbiq etilmaydi.

7. Quyidagilar:

“Ijtimoiy karta” axborot tizimi dasturiy-apparat kompleksini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga* muvofiq;

*3-ilova berilmaydi.

“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan integratsiya qilish orqali maʼlumot almashiladigan davlat maʼlumotlari toʻplamlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda Agentlik va Korxonaga Loyihani amalga oshirish doirasida loyiha-texnik hujjatlari, shuningdek, loyiha doirasida joriy etiladigan apparat vositalari va dasturiy mahsulotlarni attestatsiyadan, ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatlashtirishda koʻmaklashsin.

9. Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi Korxona va toʻlov tashkilotiga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari tatbiq etilsin.

Loyiha doirasida Korxona tomonidan berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qabul qiluvchi tomon uchun foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha soliq solish obyekti hisoblanmasligi belgilab qoʻyilsin.

10. Agentlik talabnomalariga (buyurtmanomalariga) muvofiq:

Tashqi ishlar vazirligi — Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yigʻimlar undirmagan holda kirish vizalari rasmiylashtirilishini;

Ichki ishlar vazirligi — koʻp martalik vizalar berilishi va uning muddati uzaytirilishini, shuningdek, Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini;

(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — belgilangan tartibda Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini taʼminlasin.

11. Agentlik:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga:

2025-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ijtimoiy kartani joriy qilishning tajriba bosqichi natijalarini oʻrganish asosida ijtimoiy yordamga muhtoj toifadagi barcha shaxslarni, shu jumladan pensiya oluvchilarni ijtimoiy karta bilan qamrab olish va davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning barcha choralarini ijtimoiy karta orqali taqdim etishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflarni;

2026-yil 1-iyulga qadar Loyihani amalga oshirish doirasida xususiy, jumladan, institutsional investorlarni jalb qilgan holda tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifni;

(11-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)

2026-yil 1-martga qadar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash hamda davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga oʻtish toʻgʻrisidagi taklifni kiritsin;

(11-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)

b) axborot xavfsizligi talablarini hisobga olgan holda “Ijtimoiy karta” axborot tizimi va “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasining toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiyasini va maʼlumotlar almashinuvini taʼminlasin.

(11-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:

Loyihani amalga oshirish doirasida Agentlikning murojaatiga koʻra oʻz vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar belgilangan tartibda berilishida koʻmaklashsin;

uch oy muddatda ekvayer tijorat banklari bilan birgalikda ijtimoiy kartalarga xizmat koʻrsatishda savdo va xizmat koʻrsatish korxonalarining asosiy faoliyati boʻyicha toʻgʻri tasniflanishini taʼminlash maqsadida savdo nuqtalariga chiqarilgan barcha toʻlov terminallarining MSS kodlarini (sotuvchi toifasi kodi) xatlovdan oʻtkazsin;

2024-yil 1-oktabrdan boshlab tijorat banklari xodimlari uchun toʻlov terminallarini berishda sotuvchilar toifalarini toʻgʻri kodlash boʻyicha majburiyat belgilasin.

13. Soliq qoʻmitasi Agentlikka alkogol va tamaki mahsulotlarini, shuningdek boshqa tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni sotish nuqtalarida mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodlaridan foydalanish monitoringi asosida ijtimoiy karta, mobil ilova orqali amalga oshiriladigan xarajatlar tahlilini oʻtkazishda koʻmaklashsin.

14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning maqsad va vazifalari hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va ijtimoiy karta afzalliklari keng yoritilishini taʼminlasin.

15. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 18-iyul,

PQ-267-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-267-son qaroriga 1-ILOVA

Ijtimoiy toʻlovlarni ijtimoiy kartalar orqali toʻlashni bosqichma-bosqich joriy qilish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-267-son qaroriga2-ILOVA

“Ijtimoiy karta” axborot tizimi orqali ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish, imtiyoz huquqidan xabardor qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish va ularning taqdim etilishini monitoring qilish

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-267-son qaroriga 4-ILOVA

“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan integratsiya qilish orqali maʼlumot almashiladigan davlat maʼlumotlari toʻplamlari

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.