Mamlakatimizda turizm sohasida xalqaro standartlarga mos uzluksiz taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, shuningdek, xizmatlar sifatini jahon talablariga toʻliq mos keladigan darajaga olib chiqish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat oliy taʼlim muassasalarida turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalarida kadrlar tayyorlash tizimi uch yillik oliy taʼlim dasturlari asosida yoʻlga qoʻyiladi va oʻquv jarayoni “blok-modul” tizimiga asoslangan dual taʼlim shaklida tashkil etiladi. Bunda, oʻquv jarayonlarining nazariy va amaliy mashgʻulotlar ulushini:
birinchi bosqichda — 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy;
ikkinchi bosqichda — 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
uchinchi bosqichda — 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy boʻlishi nazarda tutiladi;
b) 2024-yil 1-avgustdan boshlab:
turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini amaliyot bilan birga olib borish maqsadida ularning hududlarida budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini koʻrsatish obyektlari (keyingi oʻrinlarda — xizmatlar koʻrsatish obyektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi;
2027-yil 1-yanvarga qadar turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining amaliyot bazalarida koʻrsatilgan xizmatlar uchun foyda soligʻi ushbu soliq boʻyicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlanadi. Bunda, ushbu soliq imtiyozini qoʻllash natijasida boʻshaydigan mablagʻlar tashkil etilayotgan xizmatlar koʻrsatish obyektlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
2. 2024-2025-yillarda turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda oliy taʼlim muassasalari tomonidan hududlarda turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yiliga qadar:
turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalari boʻyicha oliy taʼlim dasturlarini jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlari asosida qayta koʻrib chiqib, “Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori”da ushbu taʼlim yoʻnalishlarini kengaytirish hamda unga pazandachilik sohasida kadrlar tayyorlashga oid yangi taʼlim yoʻnalishini kiritish bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritsin;
turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalariga oid oliy taʼlim yoʻnalishlarining dual taʼlim shakli boʻyicha Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi malaka talablari hamda taʼlim dasturlarini ishlab chiqsin;
b) 2024-yil 1-avgustdan boshlab oliy taʼlim muassasalarida turizm va mehmonxona xoʻjaligi sohalarida kadrlarga boʻlgan buyurtmalarni shakllantirishda yoʻnalishlarga oid amaliyot bazalari mavjudligini qatʼiy nazoratga olsin;
v) ikki oy muddatda turistlarga xizmat koʻrsatuvchi gid-tarjimonlar sonini oshirish maqsadida 2-ilovaga muvofiq oliy taʼlim muassasalari huzurida shartnoma asosida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat koʻrsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash boʻyicha qoʻshimcha kurslarni tashkil etsin.
6. Belgilansinki:
2024-yil 1-oktabrdan boshlab mazkur qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan oliy taʼlim muassasalarida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat koʻrsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash kurslarini tashkil etish xarajatlarining 30 foizi oliy taʼlim muassasalarining soʻroviga koʻra Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan uch yil davomida qoplab beriladi;
Akademiyaga 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish kvotalari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qoʻshimcha qabul parametrlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Akademiya Samarqand shahar, Boburmirzo koʻchasi, 3a-uy manzilidagi Universitetga qarashli binoga bepul joylashtirilsin.
7. Turizm qoʻmitasi:
bir oy muddatda turizm, servis, mehmonxona xoʻjaligi va gid (gid-tarjimon) tayyorlash sohasidagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha pedagoglar uchun oʻrta va qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish maqsadida Universitet huzuridagi Restavratorlarni qayta oʻqitish va malakasini oshirish markazi negizida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish markazini tashkil qilsin;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitet huzuridagi “Ipak yoʻli” muzeyi, “Ipak yoʻli” art-rezidensiyasi, “Ipak yoʻli” sanʼat galereyasining (keyingi oʻrinlarda — muassasalar) shtat normativlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
a) muassasalar xodimlari mehnatiga haq toʻlashda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyundagi “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirishning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash haqida”gi 458-son qaroriga muvofiq tegishli muassasalar uchun belgilangan shart-sharoitlar tatbiq etiladi;
b) muassasalarni moliyalashtirish:
2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
2025-yildan boshlab budjet qonunchiligi talablariga muvofiq taqdim etilgan budjet soʻrovnomalariga asosan Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-iyul,
PQ-269-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-269-son qaroriga 1-ILOVA
2024-2025-yillarda turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda oliy taʼlim muassasalari tomonidan hududlarda turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-164-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2025-y., 06/25/164/0821-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-269-son qaroriga 2-ILOVA
Oliy taʼlim muassasalari huzurida shartnoma asosida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat koʻrsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash
T/r Oliy taʼlim muassasalari nomi Gid-tarjimonlarni tayyorlash kurslari (xorijiy tillar kesimida) Jami tinglovchilar soni shundan, yillar kesimida 2024-yil 2025-yil 2026-yil 1. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti arab, yapon, hind, urdu, malay 100 40 30 30 xitoy 80 20 30 30 2. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti ispan, italyan, yapon, malay 145 40 45 60 xitoy 80 20 30 30 3. “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti yapon, arab 200 40 90 70 xitoy 200 60 60 80 4. Urganch davlat universiteti koreys, arab 60 20 20 20 xitoy 30 10 10 10 5. Samarqand davlat chet tillari instituti arab, yapon, urdu, malay, italyan 165 40 55 70 xitoy 60 20 20 20 6. Andijon davlat chet tillari instituti hind, yapon, urdu, malay 60 20 20 20 xitoy 30 10 10 10 7. Buxoro davlat universiteti arab, indonez, malay 180 60 60 60 Jami: 1 390 400 480 510