Hududlarda sanoatni jadal rivojlantirish, korxonalarning mavjud muammolarini tezkorlik bilan hal etish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining sanoat tarmoqlari bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-oktabrdagi “Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-169-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tuman va shaharlarda sanoat korxonalari bilan ishlash boʻyicha “respublika — viloyat — tuman” tamoyili asosida vertikal tizimni samarali yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash maqsadida quyidagilar tashkil etiladi:
tuman va shaharlarda hokimning birinchi oʻrinbosari boshchiligida soliq va statistika organlari, banklar va iqtisodiy infratuzilma korxonalarining rahbarlarini oʻz ichiga oluvchi hududiy shtablar;
iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari (X.B. Mustafayev) rahbarligida hududiy shtablar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika shtabi.
Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari hamda tuman va shahar hokimlari hududiy shtablar faoliyatini samarali tashkil etish, korxonalarning samaradorligini oshirish hamda ularning muammolarini tezkor hal etishga har tomonlama koʻmaklashish uchun shaxsan masʼul hisoblanadi;
b) Energetika vazirligi, Markaziy bank, Soliq va Bojxona qoʻmitalari, Milliy statistika qoʻmitasi va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Respublika shtabi soʻroviga muvofiq, sanoat korxonalariga oid maʼlumotlar hududiy shtablarga taqdim etilishi taʼminlanadi;
(2-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
v) hududiy shtablar tomonidan har hafta sanoat korxonalari muammolarini hal etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan maʼlumotlar Respublika shtabiga, Respublika shtabi tomonidan esa har oy hududlar kesimidagi maʼlumotlar va tizimli muammolarni hal etish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
3. Belgilansinki, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Sanoatni rivojlantirish yigʻma boʻlimlari tashkil etiladi;
tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlarida sanoatni rivojlantirish boʻyicha bosh mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Bunda yangi kiritilayotgan shtat birliklari 1 va 2-ilovalarga muvofiq vazirliklar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shtat birliklarini qisqartirish hisobidan ajratiladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshligʻi;
tumanlar (shaharlar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlari boshligʻi etib belgilansin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan boʻlimlar va bosh mutaxassis lavozimlarini yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish boʻyicha choralarni koʻrsin;
uch oy muddatda Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tashkiliy tuzilmasini qayta koʻrib chiqqan holda, uni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-avgust,
PQ-295-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-avgustdagi PQ-295-son qaroriga 1-ILOVA
Vazirliklar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida qisqartiriladigan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-avgustdagi PQ-295-son qaroriga 2-ILOVA
Tuman va shahar hokimlari oʻrinbosarlari — investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimlari boshliqlari kotibiyatlaridagi qisqartiriladigan