PQ-292-son Qaror · 15.08.2024

Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-292
  • Qabul qilingan sana:15.08.2024
  • Kuchga kirgan sana:19.08.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/292/0629

Muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning (keyingi oʻrinlarda — Imom Termiziy) ulkan ilmiy merosini yanada chuqur oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, yosh avlodning maʼnaviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirish maqsadida:

1. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2024-yil oktabr oyida Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish va davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tuzilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) bir hafta muddatda Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini yuqori saviyada nishonlash boʻyicha, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:

Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan koʻp jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish;

Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosining mohiyatini va bugungi kundagi ahamiyatini ochib beruvchi ilmiy-ommabop hujjatli film yaratish va sahnalashtirilgan spektakl namoyishini tashkil etish;

Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligiga bagʻishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, uning hayoti va ilmiy merosini yoritib beruvchi boshqa koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;

2024-yil oktabr oyida Toshkent shahrida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda konferensiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish;

Imom Termiziy ziyoratgohiga olib boruvchi yoʻl infratuzilmalarini yaxshilash, jumladan, yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlarni obodonlashtirish;

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Imom Abu Iso at-Termiziy majmuasida Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan asarlarning nodir qoʻlyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining koʻrgazmasini tashkil etish.

4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda 2024-yil sentabr-oktabr oylarida Termiz davlat universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Termiziy allomalarning ilmiy-maʼnaviy merosi: oʻtmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovini oʻtkazsin;

alloma va muhaddis olimlarimizning ilmiy merosi va noyob qoʻlyozma asarlarini oʻrganish boʻyicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.

5. Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Imom Termiziy asarlari boʻyicha hadislar bilimdoni” tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda joylarda 2024-yil davomida Imom Termiziyning ilmiy merosiga bagʻishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.

7. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:

Imom Termiziy ilmiy merosiga mansub qoʻlyozma, qadimiy kitoblar, noyob asarlar va boshqa madaniy boyliklar restavratsiya qilinishini hamda ularning lozim darajada saqlanishini taʼminlasin;

xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Termiziyning hayoti, ilmiy merosi hamda u yashagan davrga oid noyob qoʻlyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;

Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan yuqori sifatli media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish, Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilish choralarini koʻrsin.

8. Surxondaryo viloyati hokimligi:

Kadastr agentligi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda Termiz shahri, Shimoliy darvoza koʻchasi, 3-uy manzilida joylashgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari uchun homiylar mablagʻi hisobidan qurib bitkazilgan 5 ta xizmat uylarining qonunchilikda belgilangan tartibda markazga mulk huquqi asosida bepul berilishini;

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tutash hududda joylashgan diniy taʼlim muassasalari uchun oʻquv va boshqa zarur binolarning qurilib, foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va “Dunyo” axborot agentligiga Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 15-avgust,

PQ-292-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-avgustdagi PQ-292-son qaroriga ILOVA

Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazish va davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning

1. A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi 2. X.M. Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Spichrayteri 3. M.M. Kamilov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi 4. J.A. Qoʻchqorov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri 5. U.B. Qosimov — Surxondaryo viloyati hokimi 6. B.O. Saidov — tashqi ishlar vaziri 7. P.R. Bobojonov — ichki ishlar vaziri 8. I.R. Maxkamov — transport vaziri 9. O.A. Nazarbekov — madaniyat vaziri 10. S.D. Toshboyev — Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi 11. U.R. Shadiyev — Turizm qoʻmitasi raisi 12. F.F. Abduxalikov — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori 13. A.A. Xodjayev — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori 14. B.A. Abduhalimov — Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti 15. N. Xoliqnazar — Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy 16. O.A. Xasanov — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari 17. S.S. Saidov — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi 18. A.A. Djurabayev — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi 19. U.T. Gʻafurov — Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori 20. M.F. Joniyev — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, Tashkiliy qoʻmita kotibi

Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.