[Koʻchirma]
Kreativ iqtisodiyotning dunyo miqyosida iqtisodiy oʻsish, aholini ish bilan taʼminlash, madaniy-ijtimoiy va innovatsiyalar taraqqiyotidagi roli tobora ortib borayotganini eʼtiborga olib, mamlakatimizda bu sohani milliy qadriyatimizni inobatga olgan holda jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jahonning ilgʻor tajribalari, zamonaviy ijodiy va innovatsion yutuqlarini hayotga samarali tatbiq etishni hamda kreativ iqtisodiyot boʻyicha xalqaro miqyosda oʻzaro fikr-mulohaza almashish va hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Toshkent shahrining global muloqotlar va madaniy markaz sifatidagi nufuzini yanada oshirish maqsadida:
1. 2024-yil 2 — 4-oktabr kunlari Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot boʻyicha IV Butunjahon anjumani (keyingi oʻrinlarda — Butunjahon anjumani) yuqori saviyada oʻtkazilsin.
2. Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot boʻyicha IV Butunjahon anjumaniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Tashkiliy qoʻmita (A.N. Aripov) Butunjahon anjumanini yuqori darajada oʻtkazishga har jihatdan puxta tayyorgarlik koʻrsin, vazirlik va idoralar tomonidan bu boradagi chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi hamda ularning faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
3. Butunjahon anjumani doirasida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma):
a) Toshkent shahrida:
Zamonaviy sanʼat markazi huzuridagi Art-rezidensiyalarning tantanali foydalanishga topshirilishini tashkil qilsin;
Fransuz madaniyat markazi, Milliy restavratsiya markazi loyihalari, shuningdek, Abulqosim madrasasi va “Ohunguzar” madaniy meros obyektida kreativ iqtisodiyot klasterlarini yaratish loyihalari taqdimotlarini oʻtkazsin;
b) Butunjahon anjumaniga taklif etilgan ishtirokchilar, xalqaro ekspertlar, soha vakillari va keng jamoatchilikni jalb etgan holda:
Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda “Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini takomillashtirishni tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni 2025-2026-yillarda amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi loyihasi Butunjahon anjumani yakuni boʻyicha ishlab chiqilishini taʼminlasin.
4. Butunjahon anjumani dasturiga muvofiq:
a) Jamgʻarma:
kreativ soha boʻyicha Vazirlar yigʻilishini (Ministerial meeting);
dunyo va mamlakatimiz kreativ soha vakillarining salohiyatini namoyish etishga qaratilgan maxsus koʻrgazmani;
kreativ iqtisodiyot, uning ahamiyati va Butunjahon anjumani haqida aholini xabardor qilishga qaratilgan seminar va davra suhbatlari, maslahat uchrashuvlari, amaliy mashgʻulotlar, taqdimotlar, tantanali taqdirlash marosimlari kabi tadbirlarni oʻtkazsin;
b) Madaniyat vazirligi yuksak bayramona ruhda madaniy-maʼrifiy, konsert-tomosha, shou dasturlar, filmlar namoyishlarini tashkil etsin;
v) Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi hunarmandchilik, amaliy va tasviriy sanʼat mahsulotlari, esdalik sovgʻalari koʻrgazma-savdolarini oʻtkazsin;
g) Turizm qoʻmitasi mehmonxonalarda zarur joylarni band qilsin, ixtisoslashtirilgan sayohatlar dasturlarini amalga oshirsin;
d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklari:
Butunjahon anjumani va uning doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirsin, sahna maydonlari va joylarni yuqori darajada tayyorlasin;
reklama bilbordlari va ekranlarida Butunjahon anjumani toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ijtimoiy axborot sifatida bepul joylashtirilishini tashkil etsin.
5. Kreativ iqtisodiyot boʻyicha IV Butunjahon anjumanining Toshkent shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
6. Tashqi ishlar vazirligi Jamgʻarmaning viza talabnomalariga binoan, Butunjahon anjumanida ishtirok etadigan xorijiy ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlarni undirmasdan (bepul), zarur hollarda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Butunjahon anjumani va uning doirasidagi tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda:
Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi — jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash;
Sogʻliqni saqlash vazirligi — tibbiy yordam koʻrsatish hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi boʻyicha choralarni koʻrsin.
8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Jamgʻarma bilan birgalikda bir hafta muddatda ommaviy axborot vositalari uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan Butunjahon anjumanining matbuot markazi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻysin, shuningdek, tadbirni yuksak saviyada xalqaro miqyosda keng yoritish uchun xorijiy ommaviy axborot vositalarini jalb qilsin.
9. Belgilansinki:
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Tashkiliy qoʻmitaning Ishchi organi hisoblanadi;
“InterForum” davlat unitar korxonasi Butunjahon anjumanini tashkil etishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Bosh operator hisoblanadi;
vazirliklar va idoralarning birinchi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar, shuningdek, Tashkiliy qoʻmita hamda Ishchi organning boshqa tezkor koʻrsatmalari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
10. Bojxona qoʻmitasi Jamgʻarma buyurtmalariga muvofiq Butunjahon anjumanini oʻtkazishni tashkil etish uchun olib kiriladigan va olib chiqiladigan vaqtinchalik va doimiy yuklar, asbob-uskunalar, shuningdek, targʻibot-tashviqot mahsulotlarining bojxona hujjatlari soddalashtirilgan tarzda bojxona bojini undirmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Butunjahon anjumanini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, uning moliyalashtirish manbalarini belgilash hamda xarajatlar smetasini tasdiqlash boʻyicha qaror qabul qilsin.
12. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy media assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Butunjahon anjumanining mamlakatimizda oʻtkazilishining ahamiyati, ushbu xalqaro tadbirga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, uning doirasidagi tadbirlarni hamda mazkur qaror yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi G.O. Umerova hamda Toshkent shahar hokimi Sh.B. Umurzaqov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 23-avgust,
PQ-301-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-avgustdagi PQ-301-son qaroriga 1-ILOVA
Kreativ iqtisodiyot boʻyicha IV Butunjahon anjumaniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli vazifalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.