“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga binoan davlat-xususiy sheriklik loyihalariga 2030-yilga qadar kamida 30 mlrd AQSH dollari miqdorida xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadli koʻrsatkichini taʼminlash, hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish uchun hududlarda zarur boʻlgan ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish, elektr energiyasini ishlab chiqarishda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishdagi muvaffaqiyatli tajribani boshqa sohalarga tatbiq etish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2024 — 2026-yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar 1-ilovaga muvofiq:
2024 — 2030-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda:
yirik shaharlar oʻrtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 km zamonaviy pullik magistral avtomobil yoʻllarini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan Toshkent — Samarqand yoʻlini qurish ishlarini 2024-yilda hamda Toshkent — Andijon yoʻlini 2026-yilda boshlash;
yillik energiya yoʻqotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027-yil 1-iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027-yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash;
yiliga qoʻshimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028-yilga qadar barcha maʼnan eskirgan irrigatsiya nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish boʻyicha kelishuvlarga erishish;
toza va doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv taʼminoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirishni nazarda tutgan holda 2028-yil yakuniga qadar har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish;
400 mingdan ortiq oʻquvchilar sigʻimiga ega zamonaviy taʼlim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sigʻimiga ega maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil qilish maqsadida 2026-yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik (keyingi oʻrinlarda — DXSH) tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish;
ilgʻor texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat koʻrsatuvchi koʻp tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berish lozimligi inobatga olinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Dastur loyihalariga xalqaro moliya institutlari talabini inobatga olgan holda Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi soʻrovi asosida yer maydonlarini ajratish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov) xalqaro va ikki tomonlama tashkil etiladigan biznes forum, respublika investitsiya salohiyati boʻyicha taqdimotlar (roud-shou) doirasida salohiyatli xorijiy investorlarni istiqbolli DXSH loyihalari bilan tanishtirishni nazarda tutsin.
Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi respublikadagi DXSH sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilik va istiqbolli loyihalar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazib borsin.
4. Vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Dastur doirasidagi DXSH loyihalarining sifatli amalga oshirilishi, amaliyotga tatbiq etilishi hamda atrof-muhit va ijtimoiy xavfsizlik standartlariga muvofiqligini eng yaxshi xalqaro amaliyotlar asosida tashkil etsin.
Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov) mahalliy va xorijiy standartlardagi tafovutlarni bartaraf etish ishlarini muvofiqlashtiradi va tafovutlarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi.
5. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A. Abduxakimov) bir hafta muddatda oqova suvlarni tozalash inshootlariga belgilangan Yevropa va milliy standartlar oʻrtasidagi tafovutlarni bartaraf etgan holda Namangan viloyati oqova suvlar taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va xususiy operatorga berish boʻyicha loyihani boshlash yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Energetika vazirligi bilan birgalikda xalqaro ekspertlar va xorijiy maslahatchilarni keng jalb etgan holda DXSH tamoyillari asosidagi loyihalar boʻyicha davlat tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar (sotib olish yoki toʻlab berish) va beriladigan tasdiq xatlarining (Comfort letter) yuqori chegarasini oʻrnatishning xalqaro andozalarga mosligi va bu boradagi xorijiy tajriba yuzasidan oʻrganishlarni tashkil etsin hamda 2026-yil oxirigacha oʻrganish yakuni boʻyicha berilgan tavsiyalar asosida amaldagi qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
7. Dasturga kiritilgan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, Davlat-xususiy sheriklik jamgʻarmasiga kelib tushgan mablagʻlarni samarali boshqarish, shu jumladan loyihalarga konsultantlarni jalb qilish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida davlat muassasasi shaklida “Davlat-xususiy sheriklik loyihalari markazi” loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Loyiha ofisi doimiy ravishda roud-shou, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil qilish, xalqaro platformalardan keng foydalanish, DXSH yoʻnalishida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv seminarlarini tashkil etish, ularning amaliyotini chet elda oʻtkazish hamda xalqaro sertifikatlar olishni tashkillashtiradi;
Loyiha ofisiga Dastur loyihalarida mahalliy kontentni koʻpaytirish va loyihalarni milliy valyutada moliyalashtirishni kengaytirish boʻyicha oʻquv dasturini ishlab chiqish vazifalari yuklatiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J. Qoʻchqorov) ikki hafta muddatda Loyiha ofisi nizomini, shuningdek, uning tuzilmasi, mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlarini tasdiqlasin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov):
a) bir oy muddatda:
DXSH loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy tijorat banklari ishtirokida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jamgʻarmalarini tashkil qilish;
DXSH loyihalarini “dasturiy yondashuv” asosida salohiyatli investorlar bilan amalga oshirish, bunda xususiy sherik bilan asosiy shartlarni kelishish (rentabellik darajasi, muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari)ni koʻzda tutuvchi yangi mexanizm boʻyicha takliflarni kiritsin;
b) 2024-yil yakuniga qadar:
Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda DXSH loyihalari amalga oshirilishining har bir bosqichini, shuningdek, DXSH loyihalari reyestrini yuritish va monitoringi olib borilishini raqamlashtirish maqsadida DXSH loyihalarining elektron platformasini amaliyotga joriy etsin;
tegishli vazirlik, idoralar va davlat ulushiga ega kompaniyalar tizimlari mazkur platformaga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
9. Vazirlik, idoralar va davlat ulushiga ega kompaniyalar davlatning toʻgʻridan-toʻgʻri va shartli majburiyatlari toʻgʻri hisobga olinishini taʼminlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ikki hafta muddatda tuzilgan barcha DXSH bitimlari matni yuborilishini, Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J. Karshibayev) mazkur loyihalarning istisno tariqasida soddalashtirilgan tartibda Davlat-xususiy sheriklik loyihalari reyestriga kiritilishini taʼminlasin.
Bunda DXSH tamoyillarini oʻz ichiga olgan barcha uzoq muddatli investitsiya loyihalari, shu jumladan investitsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik doirasida imzolangan shartnomalar hamda kichik loyihalar Davlat-xususiy sheriklik loyihalari reyestriga kiritilishi taʼminlansin.
10. Har bir DXSH loyihasini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishni taʼminlash uchun quyidagi tizim joriy qilinsin:
Vazirlar Mahkamasida har chorakda mazkur qarorda belgilangan vazifalarning ijrosi tanqidiy muhokama qilib borilishi yoʻlga qoʻyiladi;
vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalarining rahbarlari tomonidan har yili bir marta DXSH loyihalarining holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida taqdimot qilinadi.
11. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-noyabrga qadar 2024 — 2030-yillarda DXSH asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturiga kiritilgan har bir DXSH loyihasi boʻyicha ularni amalga oshirishning hududlar kesimida kompleks tarmoq jadvallarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov), Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) Sport vazirligi (A. Ikramov) va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar samarasiz foydalanib kelinayotgan respublikadagi yirik shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlarini (shu jumladan, madaniyat saroylari, stadionlar, konsert zallari, istirohat bogʻlari) xatlovdan oʻtkazib, xususiy sektorga DXSH asosida oʻtkazish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Belgilansinki, vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlarining birinchi rahbarlari belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar va vazifalarni toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish hamda salohiyatli investorlarni jalb qilish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-avgust,
PQ-308-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PQ-308-son qaroriga 1-ILOVA
2024 — 2026-yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha
Izoh. Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi takliflari asosida loyihalarga boʻlgan talab, hududlardagi infratuzilma holati, loyiha istiqboli hamda boshqa omillarga asosan loyiha qiymati va muddatlariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, istiqbolsiz loyihalarni boshqa loyihaga almashtirish vakolatiga ega.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 07/26/238/0623-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PQ-308-son qaroriga 2-ILOVA
2024 — 2030-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar
Izoh. Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi takliflari asosida loyihalarga boʻlgan talab, hududlardagi infratuzilma holati, loyiha istiqboli va boshqa omillarga asosan loyiha qiymati va muddatlariga oʻzgartirish hamda istiqbolsiz loyihalarni boshqa loyihaga almashtirish vakolatiga ega.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 07/26/238/0623-son)