PQ-310-son Qaror · 05.09.2024

Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida infeksiyalarga qarshi kurashish loyihasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini tasdiqlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-310
  • Qabul qilingan sana:05.09.2024
  • Kuchga kirgan sana:12.09.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/310/0707

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5129-son qaroriga muvofiq, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tizimidagi muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻta xavfli infeksiyalar tarqalishining oldini olish, profilaktika qilish, erta aniqlash hamda tegishli choralarni oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — OTB) bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasini amalga oshirish uchun 10 yillik imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga jami 100 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratilishi boʻyicha kelishuvga erishilganligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va OTB oʻrtasida 2020-yil 31-dekabrda qarz bitimi imzolanganligi;

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (keyingi oʻrinlarda — OIIB) bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish uchun 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga jami 100 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli qarz ajratilishi boʻyicha kelishuvga erishilganligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va OIIB oʻrtasida 2020-yil 31-dekabrda qarz bitimi imzolanganligi;

loyihaning umumiy qiymati 200 million AQSH dollari miqdoriga teng texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilganligi hamda vakolatli davlat organlarida ekspertizadan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ajratilgan qarzdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

OTB va OIIB ajratgan qarzni qaytarish, shu jumladan, qoʻshimcha haq va foizlar, boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Bunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyiha xizmatlari boshqarmasi (U№OPS) loyiha doirasida texnika va jihozlarni xarid qilish, muassasalarda qurilish-taʼmirlash ishlarini, kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirish hamda axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshiruvchi tashkilot hisoblanishi inobatga olinsin.

3. Quyidagilar:

OTB va OIIB bilan moliyaviy hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasi texnik-iqtisodiy hisob-kitobining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

OTB va OIIB bilan moliyaviy hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasining maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ehtiyojdan kelib chiqqan holda tibbiy asbob-uskunalarning roʻyxati, miqdori va texnik tavsiflariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

4. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga quyidagilarni taʼminlash boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklansin:

loyiha doirasida xarid qilinishi koʻzda tutilgan tibbiy texnika, asbob-uskunalar va jihozlarni yetkazib berishdan oldin obyektlarda jihozlash uchun tegishli xonalarni tayyorlash;

OTB va OIIB tartibotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, zarur hisobot va hujjatlarning vakolatli vazirlik va idoralarga oʻz vaqtida taqdim etilishini tashkil etish;

loyihaoldi va loyihani amalga oshirish davrida loyihada ishtirok etadigan muassasalar ishlarini samarali tashkil etish;

loyiha tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri v.b. A.A. Xudayarov belgilansin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 5-sentabr,

PQ-310-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-310-son qaroriga1-ILOVA

OTB va OIIB bilan moliyaviy hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasi texnik-iqtisodiy hisob-kitobining

Izoh: soʻnggi qiymat koʻrsatkichlari texnika va jihozlarni xarid qilish, belgilangan manzilga yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatish, obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirish hamda axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etish boʻyicha oʻtkaziladigan xarid jarayonlari natijalariga asosan aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-310-son qaroriga2-ILOVA

OTB va OIIB bilan moliyaviy hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-310-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni koʻrish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5129-son qarorida:

a) 3-bandda:

uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“OTB va OIIB tomonidan ajratiladigan qarzlarning 35 million AQSH dollari tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarining xaridi uchun yoʻnaltiriladi”;

quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarining xaridi uchun OTB va OIIB tomonidan ajratiladigan 35 million AQSH dollari miqdoridagi qarzni qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash, zarur hollarda, ushbu bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin”;

b) 4-bandning beshinchi xatboshisi “banki” soʻzidan keyin “va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

v) 1, 5, 6 va 6a — 6n-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

g) 4-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlaridan tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish uchun yoʻnaltiriladigan qismini va foizlarini qoplab berish PROGNOZ JADVALI

Izoh:

tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar shartnoma asosida Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarzlari hisobidan moliyalashtiriladi;

toʻlovlar milliy valyutada toʻlovni amalga oshirish uchun sarflangan mablagʻlar miqdoridan oshmagan holda qoplab beriladi;

“Oʻzimpeksaloqa” MCHJ tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish boʻyicha shartnomalarga xizmat koʻrsatuvchi agent etib belgilanadi;

1000 ta tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi agent xizmatlari Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

oʻzgaruvchan foiz stavkasi tashqi kreditor tomonidan taqdim etiladi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-415-son qarorining 8-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“2024-yil 1-iyundan 2029-yil 31-dekabrga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasiga tushum manbalaridan kelib tushgan mablagʻlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan ajratmalarga taqsimlangandan soʻng qolgan qismidan 6 foizi Sogʻliqni saqlash vazirligining soʻrovi asosida Yagona integratorga sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun maqsadli yoʻnaltiriladi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.