PQ-344-son Qaror · 30.09.2024

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-344
  • Qabul qilingan sana:30.09.2024
  • Kuchga kirgan sana:02.10.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/344/0765

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlarni barpo qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-151-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Agentlikning hududiy boʻlinmalari ish faoliyatini tashkil etish uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin.

3. Quyidagilar:

Bogʻdorchilik, uzumchilik, issiqxona xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2024 — 2027-yillarda anjir, funduk va zaytunzorlarni tashkil etishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Quyidagilar Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma)ni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi va Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasining qoldiq mablagʻlari hamda avval ajratilgan resurslarning (ssuda, subsidiyalardan qaytgan, qarzlar) qaytishidan tushadigan mablagʻlar, xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitiga joylashtirish hisobidan tushadigan foizlar;

Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq yaratiladigan yangi bogʻ va tokzorlardan undiriladigan bir martalik yigʻimlar;

Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan transfertlar va ssudalar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari (qarz mablagʻlari) va grantlari;

“tayyor holda barpo etish” tamoyiliga asosan tashabbuskorlarga lizing asosida ochiq elektron auksion savdolari orqali bogʻ va tokzorlarni sotishdan tushgan tushumlar;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida Jamgʻarmaga 150 milliard soʻm budjetdan transfert rejalashtirib borilishini taʼminlasin.

Belgilansinki, Davlat budjeti hisobidan, xususan, avvalgi yillarda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratilgan budjet ssudalarining qaytgan qismi hisobidan har yili qoʻshimcha ravishda 300 milliard soʻm budjet transfertlari Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi va ushbu mablagʻlar, shuningdek, Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasidan Jamgʻarmaga oʻtkazilgan mablagʻlar maqsadli ravishda respublika hududida yangi bogʻ va tokzorlar yaratish loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

6. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ilmiy va taʼlim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislari hamda ekspertlarini maslahatchi sifatida jalb qilishga ruxsat etilsin.

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Agentlik va Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizomlarni oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Agentlik huzuridagi koʻchat yetishtirish va namunaviy bogʻlarni barpo etishga ixtisoslashgan korxona tomonidan namunaviy sanoatlashgan plantatsiya yaratish hamda uni “tayyor holda barpo etish” tamoyiliga asosan tashabbuskorlarga lizing asosida ochiq elektron auksion savdolari orqali berish koʻzda tutilsin.

8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Agentlik tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat yoʻnalishidagi subsidiyalar turlarini bir oy muddatda maqbullashtirsin.

Bunda:

a) 2025-yil 1-yanvardan:

intensiv mevali bogʻ va uzumzorlarda tomchilatib sugʻorish tizimlari oʻrnatgani uchun subsidiya sifat darajasini belgilovchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda 1 gektar uchun 16 million soʻmdan oshmagan miqdorda belgilanadi;

suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash uchun subsidiya suv quvurlarining oʻlchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming soʻmdan 250 ming soʻmgacha belgilanadi;

“in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli koʻchatlarni sotib olish xarajatlari uchun subsidiya ushbu xarajatlarning 50 foizi, biroq har bir mevali payvandtagli koʻchatga 25 ming soʻmdan, uzumning danaksiz va yangi nav koʻchatlariga 7,5 ming soʻmdan, mahalliy uzum koʻchatlariga 2 ming soʻmdan oshmagan miqdorda belgilanadi;

ekish sxemalari hududlarning tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, Agentlik tavsiyasi bilan belgilanadi;

b) koʻchat payvandtaglari uchun beriladigan barcha turdagi subsidiyalar 2024-yil 1-oktabrdan bekor qilinadi;

v) Agentlik tomonidan beriladigan barcha turdagi subsidiya mablagʻlari talabgorlarning asosiy hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

9. Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Agentlik bilan hamkorlikda respublikaning turli tuproq va iqlim sharoitlariga mos mevali bogʻ va tok koʻchatlari navlarini xorijiy davlatlardan olib kelgan holda introduksiya qilsin hamda ilmiy asosda intensiv bogʻ va tokzorlar turlari boʻyicha koʻrgazmali maydonlar tashkil etsin.

Agentlik Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, koʻchatchilik xoʻjaliklari bilan birgalikda rivojlangan davlatlardan “in-vitro” laboratoriyasi uchun mevali daraxtlarning kasalliklarga immuniteti yuqori boʻlgan yangi nav va klonlari olib kelinishini hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda 2025-yilning 1-iyuniga qadar zamonaviy “in-vitro” laboratoriyasini tashkil etsin.

Bunda Vazirlar Mahkamasi (J. Xodjayev) Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda Bektemir tumanidan 50 gektar yer maydonini, shundan, istisno tariqasida, 5 gektar maydonning yer toifasini oʻzgartirgan holda “in-vitro” laboratoriyasi uchun hamda 45 gektarda onalik koʻchatzorlarini tashkil etish uchun yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Agentlik uch oy muddatda Italiya, Fransiya, AQSH, Ispaniya, Portugaliya va boshqa davlatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrgangan holda respublikada meva va tok koʻchatlarini sertifikatlashtirish tartibini ishlab chiqib, 2025-yil sentabrdan boshlab koʻchatlarni sertifikatlashtirish tizimini joriy qilsin.

Bunda koʻchatlarni sertifikatlashtirish Agentlik tuzilmasidagi “Qishloq xoʻjaligini standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Agentlik, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar, bilim va koʻnikmalarni doimiy foydalanuvchilarga yetkazib berish uchun elektron platforma ishlab chiqsin.

Bunda mazkur platformada qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, ularning yer uchastkasi, bogʻlarning holati, barpo qilingan vaqti va boshqa koʻrsatkichlarni oʻz ichiga olgan bogʻ va tok plantatsiyalarining yagona elektron xaritasini, shuningdek, hududlar va mahsulot ishlab chiqaruvchilar kesimida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining navlari, turlari va prognozi, pishish vaqti toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni berib borish tizimi yaratilsin.

12. Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov, J. Xodjayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (I. Abduraxmonov) 2025-yil 1-iyunga qadar Jahon banki bilan muzokaralar oʻtkazgan holda Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tayyor kichik agrologistika loyihalari uchun ajratilgan 65 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlardan maqsadli foydalanish va agrologistika sohasiga yoʻnaltirish boʻyicha aniq mexanizmlarni joriy qilsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2024-y., 07/24/431/1026-son)

13. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida respublikada sanoatlashgan intensiv bogʻ va tokzorlar, namunali bogʻ va tok plantatsiyalari, issiqxonalar, “in-vitro” laboratoriyalari va dehqonlarning ilgʻor tajribasini keng targʻib qilsin, xalqaro yetakchi nashrlar, radiolar, telekanallar va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mamlakat boʻylab press-turlarni doimiy tashkil etib borsin.

14. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, “Oqibat” MFY, Markaz-1 Buyuk Ipak yoʻli mavzesi, 42-uy manzilida joylashgan binoning noturar boʻlgan 1-qavati va yertoʻlasi Agentlikka operativ boshqaruv huquqi asosida berilishini taʼminlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Agentlikning asoslantirilgan hisob-kitoblariga binoan Davlat budjetidan uning maʼmuriy binosini taʼmirlash hamda moddiy-texnik bazasini shakllantirish uchun zarur uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sotib olishga mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4246-son qarorining 2, 4 va 6-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

16. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov belgilansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 30-sentabr,

PQ-344-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-344-son qaroriga 1-ILOVA

AGROSANOATNI RIVOJLANTIRISH AGENTLIGINING TASHKILIY TUZILMASI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-344-son qaroriga 2-ILOVA

Bogʻdorchilik, uzumchilik, issiqxona xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha

(2-ilovaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-apreldagi PQ-136-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 07/25/136/0321-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-344-son qaroriga 3-ILOVA

2024 — 2027-yillarda anjir, funduk va zaytunzorlarni tashkil etishning

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.