Inson resurslarini rivojlantirish, mehnat bozorini isloh qilish, bandlikning zamonaviy shakllarini tatbiq etish orqali kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha sohada koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, xalqaro andozalar asosida munosib mehnat munosabatlarini keng joriy qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi PF-143-son Farmoniga muvofiq “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilinganligi hamda ushbu dastur ijrosini tashkil qilish vazifasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) yuklatilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini tashkil qilishning yaxlit tizimini joriy etishni nazarda tutgan holda quyidagilar Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
mehnat bozorini, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish — mehnat bozorini tahlil qilish va ishsizlarning hisobini manzilli (nomma-nom) yuritish, iqtisodiyotning rivojlanib kelayotgan tarmoq va sohalarida mehnat resurslariga boʻlgan talabni prognoz qilish, mehnat bozoridagi tarkibiy muammolarni aniqlash va nomutanosibliklarning oldini olish, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlikda ishlash;
aholi bandligini taʼminlash dasturlarini shakllantirish, boʻsh ish oʻrinlari hisobini yuritish, ishsizlarni ishga joylashtirish — har yil uchun hududlar, tarmoq va sohalar kesimida aholi bandligini taʼminlash dasturini ishlab chiqish va uning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, mavjud boʻsh ish oʻrinlari hisobini yuritish va monitoring qilish, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirishni tashkil etish va ish beruvchilar bilan bogʻlash;
kambagʻallikni qisqartirish — kambagʻallik dinamikasi va tarkibini tahlil qilish, oilalarni kambagʻallikdan chiqarish individual rejalarining ishlab chiqilishini tashkil etish va ijrosini muvofiqlashtirish, aholini kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni joylarga chiqqan holda oʻrganish hamda natijasi boʻyicha “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) har oyda maʼlumot kiritib borish;
hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish — mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi (keyingi oʻrinlarda — hokim yordamchisi) faoliyatini uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, istiqbolli loyihalar bilan ishlash koʻnikmasi va malakasini oshirib borishni doimiy tahlil qilish, eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va baholash, faoliyatida aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
kasbiy standartlarni ishlab chiqish, kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish, malakani baholash — xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda xorijda tan olinadigan kasbiy standartlarni ishlab chiqish, talab yuqori boʻlgan kasb va xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha davlat buyurtmasini shakllantirish, standartlar asosida malakani baholash xizmatlari bozorini tartibga solish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish;
munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat meʼyorlariga rioya etilishini oʻrganish, mehnat huquqini taʼminlash hamda mehnatni muhofaza qilish — munosib mehnat tamoyillari va xalqaro standartlarni joriy etish, mehnat munosabatlarini tartibga solishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, mehnat huquqlarini himoya qilish, shuningdek, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash.
3. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tugatilsin hamda uning shtat birliklari, vazifalari, funksiyalari va mol-mulki Vazirlik tasarrufiga oʻtkazilsin.
4. Vazirlik Respublika komissiyasining ishchi organi sifatida quyidagilarni amalga oshirsin:
oilalarni kambagʻallikdan chiqarish individual rejalarining toʻgʻri, maqsadli, manzilli tuzilganligi va natijadorligini hamda eng ogʻir ahvoldagi mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha ishlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tahlil qiladi;
individual rejalarning ijrosini muvofiqlashtiradi, zarur hollarda, ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali samarali natijaga erishilishini taʼminlaydi;
individual rejalarni amalga oshirishda aniqlangan muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda hal qiladi hamda tizimli muammolar yechimi boʻyicha takliflarni Respublika komissiyasiga kiritadi;
kambagʻal oilalarga va eng ogʻir ahvoldagi mahallalarga biriktirilgan tashkilotlar rahbariyatining faoliyati samaradorligini monitoring qiladi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) Vazirlik hududiy boʻlinmalarining kambagʻallikni qisqartirish va kasb-hunarga oʻqitish yoʻnalishlari boʻyicha faoliyati loyihaviy yondashuv tamoyili asosida tashkil etiladi;
b) kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan tuman (shahar) yoki mahalla boʻyicha aniq chora-tadbirlardan iborat loyihaviy boshqaruv tizimi joriy etiladi. Bunda eng ogʻir ahvoldagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, shu jumladan tomorqalarni sugʻorish suvi, mahallalarni elektr energiyasi va internet bilan uzluksiz taʼminlash mablagʻlari Vazirlikning aniq loyihalari boʻyicha ajratiladi;
v) Vazirlikning hududiy boʻlinmalariga quyidagi vakolatlar beriladi:
tuman (shahar) hokimligi, mahalla fuqarolar yigʻini bilan mahallalarda kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan uch tomonlama shartnoma tuzish;
uch tomonlama shartnoma shartlari bajarilishini nazorat qilish va uning shartlari bajarilmagan taqdirda, infratuzilmani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning ajratilishini toʻxtatish;
g) mahallalarda infratuzilmani yaxshilash loyihalari va davlat tomonidan tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar Vazirlik taklifiga binoan Respublika komissiyasi tomonidan taqsimlanadi.
6. Aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish orqali kambagʻallik darajasini qisqartirish boʻyicha Vazirlik:
uch oy muddatda ijobiy natija bergan “100 ta eng samarali mikroloyiha” katalogini yaratsin hamda hokim yordamchilari orqali respublikaning barcha hududlarida ommalashtirish choralarini koʻrsin;
2025-yil 1-dekabrga qadar 50 ta tumanda, 2026-yilda qolgan tumanlarda 50 — 100 gektardan ijara asosida ajratilgan qishloq xoʻjaligi yer maydonlarida sanoatlashgan plantatsiya, bogʻ va uzumzorlar tashkil etsin;
2025-yil 1-dekabrga qadar ijara asosida yer maydonlari ajratilgan tumanlarda kamida 40 gektar maydonda “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha namunaviy loyihalarni amalga oshirsin;
2026-yil 1-avgustga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda kamida ikkitadan koʻp qavatli kompleks sanoat markazlarini barpo etish va tadbirkorlarni joylashtirish loyihalarini amalga oshirsin;
sanoat kirib bormagan mahallalarda 2025-yil 1-dekabrga qadar 1 000 ta, 2026-yilda 2 000 ta qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda kichik ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirsin;
har yili kamida 500 ta hunarmandchilik va kasanachilik loyihalarini mahallaning oʻzida joriy etish hamda kengaytirish choralarini koʻrsin;
2025-yil 1-dekabrga qadar 2 000 ta mahallada, 2026-yil yakuniga qadar qolgan mahallalarda salohiyatli tadbirkorlar, eksportyorlar va brokerlar bilan hamkorlikda yetakchi tadbirkorlar faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
2025-yildan boshlab yetakchi tadbirkorlarni jalb qilgan holda iqtisodiyotning tegishli tarmoq va sohalariga ixtisoslashgan mahallalar sonini har yili 10 foizga oshirib borsin;
har yili 50 ming nafar oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarni bosqichma-bosqich kichik biznes subyektlariga aylantirish choralarini koʻrsin.
7. Aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish orqali kambagʻallik darajasini qisqartirish boʻyicha hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Belgilansinki, Vazirlikda yuqori natijaga erishib kelayotgan, ijobiy tajribaga ega 50 nafar hokim yordamchisidan iborat “Loyiha menejerlari” guruhi tashkil etiladi. Bunda:
“Loyiha menejerlari” guruhi tarkibidagi har bir hokim yordamchisi samaradorlik koʻrsatkichlari past boʻlgan tuman (shahar)larga biriktiriladi va ular olti oygacha mazkur tuman (shahar)lardagi mahallalarga xizmat safariga yuboriladi;
xizmat safari davomida “Loyiha menejerlari” guruhidagi hokim yordamchilari, ish haqi va boshqa ijtimoiy toʻlovlar saqlab qolingan holda, lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantiriladi;
“Loyiha menejerlari” guruhi tarkibidagi hokim yordamchilarining xizmat safari va ularni moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Hokim yordamchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Hokim yordamchilarini qonunchilikda ularga yuklatilgan vazifalardan tashqari boshqa ishlarni bajarishga jalb etish taqiqlanganligi qayd etilsin.
9. Ishsiz va kambagʻal aholini ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos boʻlgan ishchi kasblarga oʻqitish tizimini tashkil etish maqsadida:
a) Vazirlik huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari negizida kasbiy koʻnikmalar markazlari tashkil etilsin;
b) Vazirlik kasbiy koʻnikmalar markazlarida:
2025-yil 1-yanvardan ish beruvchilar talabiga moslashuvchan oʻqitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi tezkor kurslar yoʻlga qoʻyilishini;
2025-yil 1-martdan boshlab amaliy kasbiy koʻnikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajribaning joriy etilishini;
2025-yil 1-maydan boshlab xalqaro tan olingan taʼlim dasturlarining bosqichma-bosqich joriy etilishini;
(9-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)
2026-yil 1-yanvarga qadar kasbiy koʻnikmalar markazlarini xalqaro baholash tashkilotlarining akkreditatsiyasidan oʻtkazish orqali ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar (malaka pasportlari) berilishini taʼminlasin;
2026-yil yakuniga qadar malakali xorijiy tashkilotni jalb qilgan holda xalqaro standartlar boʻyicha kasbiy malakani baholovchi markazni tashkil qilsin va ushbu markazda xorijiy davlatlarda tan olinadigan malaka sertifikati berishni yoʻlga qoʻysin;
(9-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2026-y., 07/26/49/0121-son)
v) Vazirlikka quyidagi huquqlar berilsin:
kasbiy koʻnikmalar markazlarini hamda Vazirlik tasarrufidagi boshqa binolarni (inshootlarni) yoki ularning bir qismini jihozlari bilan birga ularda kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish kurslarini hamda dual taʼlim tashkil qilish sharti bilan ish beruvchilarga va taʼlim tashkilotlariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida 15 yilgacha muddatga ijaraga yoki tekin foydalanishga berish;
(9-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)
kasbiy koʻnikmalar markazlarini sohada yetarli tajribaga ega mahalliy va xorijiy tashkilotlarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida ishonchli boshqaruvga berish;
xalqaro tan olingan kasb standartlarini ishlab chiqish uchun yuqori malakali xorijiy ekspertlarni shartnoma asosida jalb etish;
g) kasbiy koʻnikmalar markazlarini hamda Vazirlik tasarrufidagi boshqa binolarni (inshootlarni) yoki ularning bir qismini ijara yoki tekin foydalanishga olgan ish beruvchilar va taʼlim tashkilotlariga Vazirlik bilan kelishgan holda bino-inshootlarni taʼmirlash (rekonstruksiya qilish) va boʻsh yer uchastkalarida qoʻshimcha bino-inshootlarni davlat xaridlari tartib-taomillarini qoʻllash majburiyatisiz qurish huquqi berilsin va obyektlar Vazirlik tomonidan qabul qilinsin. Bunda:
ijara yoki tekin foydalanishga olingan hamda qoʻshimcha qurilgan bino-inshootlarda taʼlim jarayoni bilan uygʻun faoliyat turlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi;
ijara va tekin foydalanish shartnomasi muddati tugaganda investorlar tomonidan amalga oshirilgan qurilish-taʼmirlash xarajatlari ularga qaytarilmaydi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoniga asosan “g” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)
10. Quyidagilar:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari negizida tashkil etiladigan kasbiy koʻnikmalar markazlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Kasbiy koʻnikmalar markazlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari 3-ilovaga muvofiq;
Tugatilayotgan hamda bino va inshootlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilayotgan kasb-hunarga oʻqitish markazlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Vazirlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 2025-yil 1-sentabrdan respublikaning boshqa hududlarida ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni buyurtma asosida davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari hamda ish beruvchilarni jalb qilgan holda oʻqitish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni buyurtma asosida oʻqitish doirasida:
Vazirlik tomonidan talab yuqori boʻlgan kasb va xorijiy tillar roʻyxati hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xususiy oʻquv markazlarining reyestri shakllantiriladi;
kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan grantlar qiymati Vazirlik tomonidan belgilanadi;
ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarga roʻyxatda belgilangan kasb va xorijiy tillarni hamda ularni oʻqitadigan taʼlim tashkilotlari yoki ish beruvchilarni mustaqil tanlash huquqi beriladi;
taʼlim tashkilotlari va ish beruvchilarga grant mablagʻlarining 50 foizgacha miqdori oʻqish boshlanishidan oldin, qolgan qismi oʻqish yakuni boʻyicha ishsiz aholi tomonidan yakuniy imtihon muvaffaqiyatli topshirilgan taqdirda toʻlanadi.
12. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2024-yil 1-noyabrdan boshlab Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar tekshiruv boshlangan paytdan boshlab Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilgan holda oʻtkaziladi;
b) 2025-yil 1-martdan boshlab:
Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari mansabdor shaxslariga mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini bajarmaganligi uchun kameral nazorat oʻtkazish vakolati beriladi;
mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan, Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga aralashgan, toʻsqinlik qilgan yoki taʼsir oʻtkazgan shaxslarga nisbatan jarima qoʻllash tartibi joriy etiladi;
Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalariga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi maʼlumotlaridan foydalangan holda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurilayotgan, taʼmirlanayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan obyektlardagi ishchilar sonining loyiha-smeta hujjatlari hamda pudrat ishlari hajmiga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlarini oʻtkazishga ruxsat etiladi;
v) huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalarining xodimlarini bir oyda jami 10 ish kunidan ortiq muddatga tekshiruvlar oʻtkazishga jalb qilish taqiqlanadi;
g) 2026-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlariga (tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga oʻtkazilgan boʻlimlardan tashqari) amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan holda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari moliya-buxgalteriya xizmati tomonidan xizmat koʻrsatiladi.
(12-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-son qaroriga asosan “g” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
13. Vazirlik 2025-yil 1-aprelga qadar:
a) Milliy vakansiyalar bazasida mamlakatdagi mavjud boʻsh ish oʻrinlarini, talab yuqori boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarni aniqlash, taklif etilayotgan ish haqi, talab qilinadigan malaka talablari, mehnat sharoitlari, ish vaqti rejimi va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan platformani ishga tushirsin;
b) Yagona milliy mehnat tizimi orqali:
ish beruvchilar va xodimlarga tijoriy elektron xizmatlar koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻysin;
yangi uslubiyot asosida qisqa va oʻrta muddatlarda kasb hamda mutaxassisliklarga boʻlgan talabning prognozlarini shakllantirsin;
zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda mehnat resurslari hisobi va statistikasini yuritsin;
v) aholiga bandlik xizmatlarini eksterritorial tarzda koʻrsatish tartibini ishlab chiqsin. Bunda ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarga ishga joylashtirish yoʻllanmasini istalgan bandlik organlari orqali berish nazarda tutilsin.
14. Belgilansinki, ichki mehnat bozorini himoya qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida mehnat qilayotgan xorijiy fuqarolar hisobini yuritish maqsadida yuridik shaxslarga va xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni berish Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlik bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni berganlik uchun undiriladigan yigʻimlar summasining taqsimoti boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
15. Vazirlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Mehnat bozori tadqiqotlari institutini Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti etib qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti zimmasiga respublikada demografik oʻzgarishlar, mehnat bozorida vujudga kelayotgan tendensiyalar, ixtisosliklar boʻyicha mehnat resurslariga nisbatan talab va ehtiyojlar hamda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish vazifalari yuklatiladi.
16. Quyidagilar:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirish shartlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida davlat muassasalari shaklida tashkil etilgan Yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari yuridik shaxs maqomi tugatilgan holda Vazirlikka oʻtkazilsin.
Belgilansinki:
hududiy jamgʻarmalarning ijro etuvchi direksiyalari tugatiladi hamda hududiy jamgʻarmalar faoliyatini tashkil etish va yuritish vazifalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) tomonidan amalga oshiriladi;
hududiy jamgʻarmalar mablagʻlari amaldagi yoʻnalishlarga qoʻshimcha ravishda “Loyiha menejerlari” guruhi tomonidan yuqori samara bergan ijobiy tajribalarni boshqa hududlarda joriy etish bilan bogʻliq loyihalarni moliyalashtirish, yetakchi tadbirkorlar va usta dehqonlarni jalb etishga sarflanadi.
18. Belgilansinki, xodimlarning mehnat huquqlarini kafolatlash hamda mehnat muhofazasini taʼminlash maqsadida:
2025-yil 1-yanvardan boshlab xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatni muhofaza qilishni kuchaytirish, ish beruvchilar bilan xodimlar oʻrtasidagi muvozanatli mehnat munosabatlarini yanada qoʻllab-quvvatlash hamda mehnat sohasidagi nizolarni hal etishni mediatsiya usulida videokonferensaloqa shaklida amalga oshirish tizimi joriy etiladi;
2025-yil 1-martdan boshlab mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi taʼminlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi;
2026-yil 1-yanvarga qadar ish joylaridagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi standartlari ishlab chiqiladi.
19. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining inson resurslari bilan ishlashga masʼul tarkibiy tuzilmalarining rahbar va xodimlari har uch yilda kamida bir marta mehnat munosabatlarini tashkil etish boʻyicha Vazirlik huzuridagi malaka oshirish markazida shartnoma asosida malakasini oshirib boradi.
20. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziriga quyidagi vakolatlar berilsin:
vazir maslahatchilari, hududiy boshqarmalar, Vazirlik huzuridagi tashkilotlar, hududiy inspeksiya rahbari va oʻrinbosarlarini mustaqil tarzda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish. Bunda hududiy boshqarmalar rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishiladi;
Vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va Vazirlik tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari va xodimlari uchun faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlarini (KPI) belgilash hamda nazoratini olib borish;
2026-yil 1-yanvarga qadar Vazirlikka tegishli jamgʻarmalar hisobidan va oʻz hisobidan moliyalashtiriladigan Vazirlik tizimidagi tashkilotlar shtat birliklarini, rahbar va xodimlari mehnatiga haq toʻlash hamda moddiy ragʻbatlantirish shartlarini va miqdorlarini mustaqil belgilash.
(20-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
21. Vazirlik Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-oktabr,
PQ-347-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qaroriga 1-ILOVA
Aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish orqali kambagʻallik darajasini qisqartirish boʻyicha hududlar kesimidagi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qaroriga 2-ILOVA
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari negizida tashkil etiladigan kasbiy koʻnikmalar markazlari
Izoh: “Ishga marhamat” monomarkazlarining filiallari qayta tashkil etilayotgan kasbiy koʻnikmalar markazlarining filiallar sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Kasbiy koʻnikmalar markazlari ijaraga yoki tekin foydalanishga berilganda Vazirlik mazkur markazlar faoliyatini tugatish vakolatiga ega.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qaroriga 3-ILOVA
Kasbiy koʻnikmalar markazlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
1) fuqarolarni ichki va tashqi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xorijiy tillarga oʻqitish;
2) xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi boʻlgan fuqarolarni xorijiy ish beruvchilar talabi va xalqaro standartlar asosida kasb-hunarga tayyorlash va chet tillarga oʻqitish, ularni xorijga ketishidan oldin moslashtirish tadbirlarini amalga oshirish;
3) xorijiy ish beruvchilar tanlovlarini oʻtkazish va ularga xorijda ishlash uchun talab etiladigan hujjatlarni rasmiylashtirishda koʻmaklashish;
4) ish beruvchilar bilan ishchi kasblarga boʻlgan ehtiyojlari va malaka talablarini oʻrganish hamda kasb-hunarga tayyorlashda hamkorlik qilish;
5) ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish;
6) ish beruvchilarga mehnat unumdorligini oshirish uchun kerakli kasblarni aniqlashda hamda xodimlarining malakasini oshirishda koʻmaklashish;
7) ishchi kasblar boʻyicha kasbiy malakani baholash va tasdiqlash;
8) ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarni kasbga yoʻnaltirish, maslahatlar berish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qaroriga 4-ILOVA
Tugatilayotgan hamda bino va inshootlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilayotgan kasb-hunarga oʻqitish markazlari
Izoh. Kasb-hunarga oʻqitish markazlarining bino va inshootlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga belgilangan tartibda oʻtkazilganidan soʻng, ularni tugatish ishlari amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qaroriga 5-ILOVA
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining
Jami boshqaruv xodimlari soni 3 234 nafar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qaroriga 6-ILOVA
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-oktabrdagi PQ-347-son qaroriga 7-ILOVA
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirish shartlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari xodimlariga davlat organlari va tashkilotlaridagi koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmda har oyda ustamalar toʻlanadi:
1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
20 yildan yuqori — 1,5.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan vazirlik markaziy apparati boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti — 1,8 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hududiy boʻlinmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-yanvardagi “Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2722-son qarorining 1-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan har oylik ustamalar tatbiq etiladi.
(2-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
3. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududiy boʻlinmalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlari:
Izoh: Davlat mehnat huquq inspektorlari va Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat texnik inspektorlariga tegishli bosh mutaxassisning razryadlari qoʻllaniladi.
4. Vazirlik hamda uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini tegishliligi boʻyicha budjetdan tashqari jamgʻarmalar hisobidan moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda qoʻshimcha ragʻbatlantirish ular faoliyatining natijadorligi (KPI) va erishgan yutuqlariga qarab hamda rasmiy bayram kunlari munosabati bilan amalga oshiriladi.
5. Vazirlik huzuridagi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan saqlanadigan “Kambagʻallik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti”ning rahbar va xodimlariga mazkur ilovaning 1 va 2-bandlarida belgilangan shartlar tatbiq etiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-avgustdagi PF-126-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son)