PQ-23-son Qaror · 24.01.2025

Namangan davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-23
  • Qabul qilingan sana:24.01.2025
  • Kuchga kirgan sana:27.01.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/23/0071

Namangan viloyati iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, yengil sanoat sohalari uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Namangan viloyati hokimligining Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan toʻqimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

muhandislik, qurilish, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari va dasturlash, ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq oliy maʼlumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;

taʼlim jarayoniga ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllagan holda xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida milliy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;

taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini uygʻunlashtirish orqali ishlab chiqarish, sanoat korxonalari va qishloq xoʻjaligi tarmoqlari uchun eng ilgʻor innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarning samaradorligini oshirish;

amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish uchun zamonaviy oʻquv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish hamda uni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash;

yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-oʻqituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yoʻlga qoʻyish;

hududdagi texnika yoʻnalishida kadrlar tayyorlovchi kasbiy taʼlim tashkilotlariga oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatish;

talabalarning har tomonlama yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya va amaliyot uygʻunligini samarali tashkil etish.

3. Quyidagilar:

Namangan davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Namangan davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Namangan davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda:

a) Universitetda yuridik shaxs maqomisiz Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etsin.

Belgilansinki:

Ilgʻor muhandislik maktabida taʼlim olish uchun akademik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan talabalar tanlov asosida saralanadi va amaliyotga yoʻnaltirilgan maxsus taʼlim dasturlari asosida oʻqitiladi;

Ilgʻor muhandislik maktabi yoʻnalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularning texnik va texnologik taraqqiyotini taʼminlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi;

Ilgʻor muhandislik maktabida sanoat hamkorlari tomonidan taqdim etilgan muammolar portfeli asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish yoʻlga qoʻyiladi;

Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

b) Universitet professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy mashgʻulotlar olib borishi, talabalarning malakaviy amaliyot oʻtashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida soha korxonalarida mutaxassislik kafedralari filiallarini tashkil etsin;

v) Universitetga yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik mutaxassislarni va yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchisi boʻlgan mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish choralarini koʻrsin.

5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

a) uch oy muddatda:

Universitet boshqaruv kadrlari lavozimlarini oliy taʼlim tashkilotlarida yuqori natijalar koʻrsatgan, uzoq yillik ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan, nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olgan yoki malaka oshirgan istiqbolli mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish chorasini koʻrsin;

Universitet kampusi va ulardagi bino-inshootlarni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlasin hamda oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etsin;

b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:

Universitet professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari hamda talabalari tomonidan amalga oshirilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijalarini tijoratlashtirish hamda sotish maqsadida “spin-off” korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻysin;

Universitetda oʻquv jarayonini sifatli tashkil etish uchun professor-oʻqituvchilar, jumladan, xorijdan oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislarni jalb etish hamda professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va tayanch doktorantlarni yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborishni taʼminlasin;

mustaqil taʼlim va tanlov fanlarini zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarining takliflari asosida oʻquv rejalariga kiritib borsin;

ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish va talabalarning bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiya himoyalarini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etish choralarini koʻrsin;

v) 2026/2027 oʻquv yiliga qadar Universitetning kamida ikkita bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va uchta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

6. Namangan viloyati hokimligi:

2025-yildan boshlab yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetga sanoat hamkori sifatida biriktirish hamda ushbu tizimning samarali faoliyatini tashkil etish choralarini koʻrsin;

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Universitet talabalarini amaliyot oʻtash uchun hududdagi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari, taʼlim va boshqa tashkilotlarga biriktirish hamda yuqori kurs talabalarini haq toʻlanadigan amaliyotga jalb etish choralarini koʻrsin.

7. Belgilansinki:

a) Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti hamda Namangan toʻqimachilik sanoati institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi va 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchilarga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;

b) Universitet:

davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;

Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan toʻqimachilik sanoati institutining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

v) Universitet faoliyatini moliyalashtirish:

Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 24-yanvar,

PQ-23-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-23-son qaroriga1-ILOVA

Namangan davlat texnika universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-23-son qaroriga2-ILOVA

Namangan davlat texnika universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-yanvardagi PQ-23-son qaroriga3-ILOVA

Namangan davlat texnika universitetiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus hamda kasbiy taʼlim tashkilotlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.