PQ-207-son Qaror · 26.06.2025

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-207
  • Qabul qilingan sana:26.06.2025
  • Kuchga kirgan sana:30.06.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/207/0548

Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish va respublikaning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirish, shuningdek, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni (keyingi oʻrinlarda — zargarlik buyumlari) ishlab chiqarish va sotish faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:

I. Asosiy maqsadlar

1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:

(a) qimmatbaho metallarni qayta ishlashning yillik hajmini 7 tonnaga, zargarlik buyumlarini eksport qilish koʻrsatkichlarini 300 million AQSH dollariga yetkazish;

(b) qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining norasmiy aylanmasini kamida 50 foizga qisqartirish;

(v) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyatini sanoat darajasiga olib chiqish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh va zamonaviy dizaynga ega zargarlik buyumlari ishlab chiqarilishini qoʻllab-quvvatlash;

(g) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etish.

II. Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-son Farmoniga muvofiq Davlat budjetidan Tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan 100 milliard soʻm mablagʻlar hisobidan 1-ilovada koʻrsatilgan xarajatlarni ham qoplashga ruxsat berilsin.

3. Belgilansinki, 2025-yil 15-iyuldan boshlab:

(a) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-son Farmonida nazarda tutilgan maqsadli resurslarni banklarga depozitga joylashtirish bilan bir qatorda Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz bandga past foiz stavkasida 5 yilgacha muddatga lizing tashkilotlariga kredit liniyasi sifatida ajratishga ham ruxsat beriladi.

(i) Bunda lizing tashkilotlari ajratilgan kredit liniyasi hisobidan zargarlik sanoatida ishlatiladigan asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilgacha boʻlgan muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida, foizlarni qarzdorlik qoldiq qismiga hisoblash tartibida lizingga beradi;

(b) belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sanoatida foydalaniladigan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlari, butlovchi buyumlar va sarflov vositalari 2028-yil 1-iyulga qadar bojxona bojidan ozod etiladi;

(v) “Navoiy KMK” AJ va “Olmaliq KMK” AJ tomonidan qimmatbaho metallarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida va kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibi 2030-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi.

(i) Bunda qimmatbaho metallarni kechiktirib toʻlash sharti bilan sotib olib, muddati oʻtgan qarzdorlikka yoʻl qoʻygan tadbirkorlik subyektlariga qarzdorlik toʻliq yopilmaguniga qadar ushbu tartib asosida qimmatbaho metallar realizatsiya qilinmaydi.

4. Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotishga ixtisoslashgan hamda belgilangan talablarga javob beradigan majmualarga zargarlik markazi maqomini berish vakolati Zargarlik sanoatini rivojlantirish boʻyicha respublika kengashiga (J. Qoʻchqorov) berilsin.

5. Belgilansinki, zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi:

(a) qimmatbaho metallarni kechiktirib toʻlash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga foiz hisoblanmaydi, 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan toʻlovlar qismiga — yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi;

(b) zargarlik markazlarida “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining filiallari faoliyati (sayyor xizmat koʻrsatish) yoʻlga qoʻyiladi hamda zargarlik buyumlari va qimmatbaho toshlarni tezkor diagnostika qilish laboratoriyasi tashkil etiladi;

(v) zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo boʻlganda aʼzolik badalini 50 foizlik chegirma bilan toʻlaydi.

III. Zargarlik sohasida xufiyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish

6. Belgilab qoʻyilsinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

(a) quyidagilar bekor qilinadi:

(i) qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmani qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilishga oid imtiyoz;

(ii) oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yigʻim;

(b) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari daromadidan qatʼi nazar, qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi;

(v) 2028-yil 1-yanvarga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qoʻshilgan qiymat soligʻi bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi. Bunda:

(i) zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxidan faqat “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ va birja savdolari orqali boshqa subyektlardan sotib olingan qimmatbaho metallar narxini hamda import qilingan qimmatbaho toshlar narxini chegirib tashlashga ruxsat etiladi;

(ii) zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlar tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi Soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladigan narxlardan kelib chiqib hisoblanadi;

(iii) qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari hamda affinaj korxonalariga qimmatbaho metallarni birja savdolari orqali realizatsiya qilishga ruxsat etiladi;

(g) 2028-yil 1-yanvarga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan budjetga toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻining 80 foizi har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qaytariladi.

(i) Bunda ushbu tartib yuqoridagi subyektlar tomonidan soliq davrida jami olgan daromadining kamida 80 foizi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ular bilan chakana savdo qilishdan olingan taqdirda tatbiq etiladi.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) 2025-yil 1-sentabrga qadar Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan xorijda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamgʻalashda bojxona toʻlovlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar talab qilinmaydi. Bunda:

(i) mazkur bandning “a” kichik bandiga muvofiq tamgʻalangan zargarlik buyumlarini bojxona toʻlovlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz realizatsiya qilishga ruxsat etiladi;

(ii) 2025-yil 1-sentabrdan boshlab Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasiga xorijda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarining, basharti ular boʻyicha bojxona toʻlovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmasa, asillik darajasini tekshirish va tamgʻalash man etiladi;

(b) 2025-yil 1-sentabrdan boshlab:

(i) yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini sotish faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi;

(ii) Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida zargarlik buyumlarining asillik darajasini tekshirish va ularni tamgʻalash boʻyicha sayyor xizmat koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

(iii) qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida “Soliq” mobil ilovasi orqali xabar bergan shaxslarga undirilgan jarima miqdorining 50 foizi miqdorida mukofot toʻlanadi.

8. “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining tadbirkorlik subyekti sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan yoki xabardor qilish tartib-taomillariga rioya qilmasdan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanayotgan shaxslar faoliyatini belgilangan tartibda rasmiylashtirishga koʻmaklashish va ularni olti oy muddatga uyushmaga aʼzolik badalini toʻlashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

IV. Zargarlik buyumlari importini tartibga solish

9. Belgilansinki, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab 2028-yil 1-sentabrga qadar:

(a) zargarlik buyumlarini (TIF TN 7113- va 7114-tovar pozitsiyasidagi mahsulotlarni) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona boji 2 foiz stavkada qoʻllanadi;

(b) zargarlik buyumlarini “erkin muomalaga chiqarish” va “eksport” bojxona rejimlariga joylashtirishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim ularning bojxona qiymatidan qatʼi nazar, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida undiriladi;

(v) import qilingan zargarlik buyumlarini Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasida tamgʻalash uchun undiriladigan yigʻim miqdori mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun belgilangan miqdorga tenglashtiriladi;

(g) bojxona chegarasi orqali olib kirilganligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan zargarlik buyumlarini bojxona toʻlovlarini amalga oshirish va bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish orqali deklaratsiya qilishga ruxsat beriladi.

V. Samarali nazorat tizimini joriy etish

10. Eksperiment tariqasida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishning quyidagi tartibi joriy etilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvarga qadar:

(a) Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi va soliq organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar aniqlanganda ular birinchi marta ogohlantiriladi;

(b) ogohlantirishdan soʻng bir oy muddatda huquqbuzarlik bartaraf etilmagani yoki takroran aniqlangani Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi va soliq organlari tomonidan sayyor tekshiruv oʻtkazishga asos boʻladi;

(v) sayyor tekshiruv faqat qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar boʻyicha oʻtkaziladi hamda tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;

(g) sayyor tekshiruv natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma va qaror tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralarini koʻrishga asos boʻladi.

VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

11. Zargarlik sanoatini rivojlantirish va sohada xufiyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Davlat organlari tegishli qonunosti hujjatlari va idoraviy koʻrsatmalar qabul qilinishini kutmasdan mazkur qaror normalari kuchga kirgan paytdan eʼtiboran soʻzsiz va toʻgʻridan-toʻgʻri amalda qoʻllanishini taʼminlasin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.

15. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 26-iyun,

PQ-207-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-iyundagi PQ-207-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-104-son Farmoniga muvofiq Davlat budjetidan Tarmoqlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan 100 milliard soʻm mablagʻlar hisobidan qoplashga ruxsat etiladigan xarajatlar yoʻnalishlari

* Bitta tadbirkorlik subyektiga 3 nafardan ortiq boʻlmagan mutaxassis uchun toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-iyundagi PQ-207-son qaroriga2-ILOVA

Zargarlik sanoatini rivojlantirish va sohada xufiyona iqtisodiyot ulushini kamaytirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.