Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi PF-80-son Farmoniga muvofiq hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining rolini oshirish, shuningdek, notariuslar faoliyatini raqamlashtirish bilan bogʻliq ishlarni izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:
1. 2026-yil 1-martdan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha boʻlgan quyidagi fuqarolik-huquqiy nizosiz talablar boʻyicha notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish tartibi joriy etilsin:
(a) notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
(b) yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab;
(v) ijara toʻlovlari, koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar.
2. Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Notarial palatasining 2026-yil 1-apreldan boshlab notariuslar faoliyatiga quyidagilarni joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Oʻzbekiston Respublikasida notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasini oltmish besh yoshdan yetmish yoshga oshirish.
Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oliy malaka komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra notarius oʻz roziligi bilan ish faoliyatini yetmish yoshgacha amalga oshirishi mumkin;
(b) davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihoni oʻrniga axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda quyidagi ikki bosqichdan iborat boʻlgan yagona tanlov tartibini joriy etish:
(i) birinchi bosqichda talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari boʻyicha test sinovlaridan oʻtadi. Bunda test sinovlari axborot texnologiyalaridan foydalangan holda Adliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etiladi;
(ii) ikkinchi bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan amaliy imtihonda notarial harakatlarning loyihalarini maxsus elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi;
(v) mazkur bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan yagona tanlovda ishtirok etishga faqat Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etiladigan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga ruxsat berish;
(g) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius oʻz kasbiy faoliyatini uzrli sabablarga koʻra bajara olmagan taqdirda, uning arizasiga asosan litsenziyasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish;
(d) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatishdan tashqari ogohlantirish va jarima koʻrinishidagi muqobil taʼsir choralarini qoʻllash mexanizmini joriy etish;
(j) notarial harakatlarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan gerbli (maxsus) blankalarni unifikatsiya qilish orqali yagona shakldagi gerbli (maxsus) blankani joriy etish. Bunda:
(i) notarial harakatlarni maxsus gerbli blankada rasmiylashtirish taraflarning xohishiga koʻra amalga oshirilishi mumkin;
(ii) videokonferensaloqa rejimida amalga oshirilgan notarial harakatlar gerbli (maxsus) blankalarda rasmiylashtirilishi talab etilmaydi;
(z) notarial rasmiylashtirilgan barcha hujjatlarni notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlash.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq notarial xizmatlar koʻrsatishda quyidagi talablar bekor qilinadi:
(a) 2025-yil 1-dekabrdan boshlab:
(i) respublika hududida notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — Tizim) majburiy yuklash tartibini joriy etish orqali ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish;
(ii) notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuv fayllarini elektron qurilmalarda saqlash. Bunda ushbu turdagi audio va videoyozuvlar fayllarini Tizimda toʻgʻridan-toʻgʻri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notariusga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish. Bunda fuqarolarning shaxsi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda identifikatsiya qilinadi hamda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilinadi.
4. Adliya vazirligiga notariat sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:
(a) muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notarius lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash;
(b) olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga talabgorlarni yagona tanlovda ishtirok etmagan holda Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat asosida tayinlash.
5. Quyidagilar:
(a) Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga yagona tanlovda ishtirok etmagan holda suhbat asosida notariuslar tayinlanishi mumkin boʻlgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)lar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
(b) Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
(v) 2025 — 2027-yillarda masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyiladigan notarial harakatlar reja-grafigi 3-ilovaga muvofiq;
(g) 2025 — 2027-yillarda notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Belgilansinki, mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)larda:
(a) kamida uch yil davomida notariuslik faoliyatini amalga oshirgan notariuslarga Oliy malaka komissiyasi xulosasi asosida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius sifatida oʻzlari tanlagan respublikaning istalgan boshqa hududida faoliyatini davom ettirish huquqi beriladi;
(b) davlat notarial idorasi notariusi lavozimi joriy etilganida har bir davlat notarial idorasi uchun kamida bir nafardan notarius yordamchisi va notarius kotibi shtat birliklarini majburiy tarzda joriy etish haqidagi talab tatbiq etilmaydi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab koʻchmas mulk va undagi ulushlar bilan bogʻliq barcha bitimlar notarius tomonidan Tizim orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yuborilib, koʻchmas mulk obyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi maʼlumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va maʼlumotlar bazalarida yangilanadi.
8. Kadastr agentligi, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Soliq qoʻmitasi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ 2026-yil 1-aprelga qadar oʻz axborot tizimlarining belgilangan tartibda toʻliq integratsiyasini taʼminlab, maʼlumotlar avtomatik tarzda yangilanishini yoʻlga qoʻysin.
9. Manfaatdor vazirlik va idoralar uch oy muddatda 2022-yil 1-oktabrga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan qoʻyilgan taqiqlarni tegishliligi boʻyicha xatlovdan oʻtkazsin va saqlab qolinishi lozim boʻlgan taqiqlar roʻyxatini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va mol-mulk haqidagi maʼlumotlar (identifikator) asosida shakllantirib, Adliya vazirligiga taqdim etsin.
10. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan taqiq (xatlov)lar roʻyxatini shakllantirsin va ularni bekor qilish choralarini koʻrsin.
11. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni kiritsin:
(a) uch oy muddatda yangi tahrirdagi “Notariat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini. Bunda, shu jumladan, quyidagi yangi notarial harakatlar joriy etilishi nazarda tutilsin:
(i) vasiyat qiluvchi vafot etganda notarius tomonidan merosxoʻrlarga vasiyatnomani eʼlon qilish;
(ii) er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasini notarial tasdiqlash;
(iii) meros shartnomasini notarial tasdiqlash;
(iv) mualliflik huquqi va turdosh huquqlar hamda sanoat mulki obyektlari bilan bogʻliq merosni notarius tomonidan rasmiylashtirish tartibini belgilash;
(b) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni.
12. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) 2026-yil 1-mayga qadar quyidagilarni tasdiqlasin:
(a) davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga hamda xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olishga talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi va baholash mezonlarini;
(b) muayyan hudud (notarial okrug)dagi notarius lavozimlarining eng koʻp sonini belgilash tartibini;
(v) notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozish, nikoh shartnomalari, videokonferensaloqa rejimi orqali notarial harakatlarni rasmiylashtirish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.
14. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻi A.B. Samadov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 9-sentabr,
PQ-280-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga1-ILOVA
Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga yagona tanlovda ishtirok etmagan holda suhbat asosida notariuslar tayinlanishi mumkin boʻlgan olis (chekka) va notarius lavozimiga talab yuqori boʻlmagan hudud (notarial okrug)lar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga2-ILOVA
Notariuslar tomonidan kompozit shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga3-ILOVA
2025 — 2027-yillarda masofadan turib videokonferensaloqa rejimi orqali rasmiylashtirilishi yoʻlga qoʻyiladigan notarial harakatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son qaroriga4-ILOVA
2025 — 2027-yillarda notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha