PQ-288-son Qaror · 19.09.2025

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-288
  • Qabul qilingan sana:19.09.2025
  • Kuchga kirgan sana:20.09.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/288/0853

Jamiyatda korrupsiya holatlariga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlash va ilmiy jihatdan tadqiq etish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarini hamda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish, shuningdek, 2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:

I. Ustuvor vazifalar

1. Quyidagilar korrupsiyaga qarshi kurashishni ilmiy asosda tashkil etish, sohada fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

(a) korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatida ilmiy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish;

(b) korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining natijadorligi va samaradorligini har bir soha va hudud kesimida tahlil qilish tizimini joriy etish;

(v) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlarga mahalliy va xorijiy yetakchi oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini keng jalb etish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilgʻor tajriba almashish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

(g) korrupsiyaga qarshi kurashishning eng dolzarb masalalari boʻyicha kompleks sotsiologik, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish;

(d) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlar natijalarini oʻrganish, tahlil qilish va ularning amaliyotga joriy etilishiga koʻmaklashish, sohada faoliyat yurituvchi olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar faoliyatini ilmiy-uslubiy taʼminlash.

II. Asosiy chora-tadbirlar

2. Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etilsin:

(a) BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi qoidalarining bajarilishini monitoring qilishga nodavlat notijorat tashkilotlarni jalb etib, ular tomonidan muqobil baholash tizimini yoʻlga qoʻyish;

(b) nodavlat notijorat tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi loyihalariga har yili 10 mlrd soʻm miqdorida grantlar ajratish va ijtimoiy buyurtmalar berish.

Bunda ushbu maqsadlar uchun mablagʻlar Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga ajratilgan mablagʻlarning yil davomida iqtisod qilingan qismi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan tashkil etiladigan reyting baholash natijalariga koʻra “qoniqarsiz” deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ajratib boriladi;

(v) Agentlikning ijtimoiy buyurtmasi asosida sohalar va hududlar kesimida maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillar va unga fuqarolarning munosabatini oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish.

3. Belgilansinki, Agentlik:

(a) nodavlat notijorat tashkilotlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini yanada kengaytirishning ustuvor vazifalari doirasida tizimli ravishda treninglar tashkil etadi, ular bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshiradi;

(b) har yili 1-aprelga qadar Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashga (keyingi oʻrinlarda — Milliy kengash) quyidagilarni kiritib boradi:

(i) nodavlat notijorat tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi loyihalari va ularni tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish yuzasidan takliflar;

(ii) korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki, jumladan, ularning davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligi, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishida taklif va tashabbuslari, shuningdek, ular tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, tadqiqotlar va oʻrganishlar toʻgʻrisida axborot.

4. Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” harakati va “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining ular muassisligida muassasa shaklidagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazi” nodavlat notijorat tashkilotini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish va uning asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilash haqidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin:

(a) aholining, ayniqsa, yoshlarning, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, jamiyatda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish masalalarini tadqiq etish;

(b) davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida halollik standartlarini joriy etishga koʻmaklashish, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarga ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatish;

(v) xalqaro va mintaqaviy dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashish muammolarini, korrupsiyaning, shu jumladan, maishiy korrupsiyaning holatini, xususiyatini, miqyoslarini, oʻzgarishlarini hamda uni keltirib chiqarayotgan asosiy omillarni kompleks oʻrganish va tadqiq qilish;

(g) korrupsiyaning oldini olish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqish, Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallashi uchun amaliy choralar koʻrish;

(d) korrupsiyaga qarshi kurashish muammolarini tadqiq etishda mahalliy va xorijiy ekspertlar hamkorligini yoʻlga qoʻyish;

(j) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xorijiy davlatlarning qonunchiligi hamda huquqni qoʻllash amaliyoti, shu jumladan, ilgʻor tajribasini joriy etish samaradorligini prognoz qilish, bu borada tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

(z) Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalar qoidalarining bajarilishi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazish hamda muqobil hisobotlarni tayyorlash.

5. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazining faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Milliy kengash “yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish

6. Agentlik:

(a) korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini tadqiq etish sohasida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining Markaz bilan yaqin hamkorligi oʻrnatilishiga koʻmaklashsin;

(b) Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzani tayyorlashda Markaz tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillarning natijalaridan foydalansin.

7. Tashqi ishlar vazirligi va Agentlik:

(a) Markazga xorijiy tadqiqot muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda, tajriba almashish hamda zamonaviy uslub va yondashuvlar asosida korrupsiyaga qarshi kurashish muammolarini oʻrganishni tashkil etish va tahlil qilish koʻnikmalarini takomillashtirish uchun ularning malakali mutaxassislarini jalb etishda;

(b) Markaz faoliyatiga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga oʻrnatilgan tartibda kirish vizalarini rasmiylashtirishda koʻmaklashsin.

8. Belgilansinki, Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi hamda boshqa vazirlik va idoralardan korrupsiyaga qarshi kurashishga oid statistik va boshqa tahliliy maʼlumotlarni soʻrab olishi mumkin, davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno.

9. Milliy kengash:

(a) korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratsin;

(b) har yili nodavlat notijorat tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi loyihalari va ularni tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish dasturlarini tasdiqlab, ularning ijrosini taʼminlasin;

(v) fuqarolik jamiyati institutlari va Markaz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlar hamda tadqiqotlarning natijalarini vazirlik va idoralar masʼullari ishtirokida muntazam ravishda muhokama qilib borsin.

10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda fuqarolik jamiyati institutlari hamda Markaz tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillar natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etib borsin.

11. Markaz Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli koʻchasi, 8a-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 19-sentabr,

PQ-288-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PQ-288-son qarorigaILOVA

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazining faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan

T/rChora-tadbir nomiAmalga oshirish shakliIjro muddatiMoliyalashtirish manbalariMasʼul ijrochilarI. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish1.Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirishning ustuvor vazifalari doirasida har yili 10 mlrd soʻm miqdorida grantlar ajratish va ijtimoiy buyurtmalar berib borish hamda bu borada alohida tanlovlar oʻtkazish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yildan boshlab doimiyFuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari,tegishli vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlariOliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi,Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov)manfaatdor vazirlik va idoralar,Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari2.Eʼlon qilinadigan davlat grantlarini ajratish uchun tanlovlarga muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi mavzularni kiritish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yildan boshlab doimiy-Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlinmalari,Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov)3.1. Fuqarolik jamiyati institutlarining loyihalari va tashabbuslarini amalga oshirish orqali har bir hudud va soha kesimida maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf qilishga qaratilgan “Navoiy tajribasi”ni yaratish. Bunda:Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ijtimoiy buyurtmasi asosida maishiy korrupsiya holatlarini keltirib chiqaradigan omillarni va unga jamoatchilikning munosabatini oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish;ijtimoiy soʻrovlar natijasi boʻyicha tegishli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish hamda qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.Amaliy chora-tadbirlar2025-yil yakuniga qadarFuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari,Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining budjetdan tashqari mablagʻlariKorrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash(T. Narbayeva),Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov),Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi,Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari,manfaatdor vazirlik va idoralar2. “Navoiy tajribasi” boʻyicha erishilgan ijobiy natijalarni Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashda muhokama qilish va uni boshqa hududlarda tatbiq qilish masalasini koʻrib chiqish.2026-yil yanvarII. Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish4.Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish bilan bogʻliq tegishli hujjatlarni ishlab chiqish.Idoraviy hujjat2025-yil sentabr-Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi(N. Ishanxodjayev),“Yuksalish” harakati(B. Bekmurodov),“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi(N. Raximova),Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov)5.Muassasa shaklidagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazi” nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — Markaz)ni davlat roʻyxatidan oʻtkazish.Tashkiliy chora-tadbirlar2025-yil sentabr-Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov),Adliya vazirligi(A. Tashkulov)III. Markaz faoliyatini uslubiy va amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash6.Markazga korrupsiyaga qarshi kurashish muammolariga oid tadqiqotlarning natijalarini eʼlon qilib borish uchun ilmiy-amaliy jurnalni taʼsis etishga yordam koʻrsatish.Tashkiliy chora-tadbirlar2025-yil noyabrXalqaro donorlarning texnik koʻmak mablagʻlariKorrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov),manfaatdor vazirlik va idoralar7.Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolariga oid jurnalni doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini nashr qilish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʻyxatiga kiritishga koʻmaklashish.Tashkiliy chora-tadbirlar2025-yil noyabr-Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi(A. Yusupov)8.Markaz bilan birgalikda mansabdorlik va maishiy korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni tahlil qilish, ularning oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilib borish.Amaliy chora-tadbirlarDoimiy-Bosh prokuratura(N. Yoʻldoshev),Davlat xavfsizlik xizmati(B. Kurbanov),Ichki ishlar vazirligi(A. Tashpulatov),Adliya vazirligi(A. Tashkulov),Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov)9.Markaz tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillarning natijalari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi va muhokamasini tashkillashtirishga koʻmaklashish.Tashkiliy chora-tadbirlarDoimiy-Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi(A. Koʻchimov),Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi(A. Joʻraboyev)10.Aholi oʻrtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet tarmogʻi orqali keng yoritilishini taʼminlash.Tashkiliy chora-tadbirlarDoimiyXalqaro donorlarning texnik koʻmak mablagʻlariKorrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov),Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi(A. Koʻchimov),Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi(A. Joʻraboyev)IV. Markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash11.Markazning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, yangi tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, uning intellektual tahliliy salohiyatini rivojlantirish maqsadida xalqaro donorlar, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturini jalb qilish choralarini koʻrish.Tashkiliy chora-tadbirlar2025-yil sentabrdan boshlab doimiy-Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov),Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi(L. Kudratov)12.Markazni zarur mebel jihozlari, kompyuter texnikasi va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash.Tashkiliy chora-tadbirlar2025-yil oktabrXalqaro donorlarning texnik koʻmak mablagʻlariKorrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov)13.Markazni Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli koʻchasi, 8a-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish.Tashkiliy chora-tadbirlar2025-yil oktabr-Davlat aktivlarini boshqarish agentligi(A. Ortikov),Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi(A. Burxanov)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.