Davlat bojxona xizmati organlari (keyingi oʻrinlarda — bojxona organlari) faoliyatida nazorat, tahlil va xavflarni baholash tizimlarining zamonaviy shakllaridan foydalanish koʻlamini yanada kengaytirish hamda tashqi savdoni erkinlashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2027-yilga qadar bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini takomillashtirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) tovarlarni bevosita chegarada eksport va importga rasmiylashtirish hajmini 2 barobarga oshirish;
(b) bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish hajmini 1,5 barobarga oshirish;
(v) vakolatli iqtisodiy operatorlar sonini 200 tadan oshirish;
(g) bojxona auditi qamrovini 30 foizga yetkazish.
II. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini raqamlashtirish va takomillashtirish
2. 2026-yil 1-martdan boshlab tovarlarni ular chegara oʻtkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:
(a) bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yigʻimi miqdori 20 foizga pasaytirilsin;
(b) bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib (kechiktirib) toʻlashda 14 kungacha foizlar hisoblamaslik amaliyoti joriy etilsin.
3. 2026-yil 1-maydan boshlab tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona toʻlovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida toʻlash imkoniyati yaratilsin.
4. Quyidagilar boʻyicha bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan taqdirda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik rasmiylashtiruvdan oʻtkazilsin:
(a) yirik soliq toʻlovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklari;
(b) tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport qilinayotgan yuklar.
5. Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida yuqori va oʻrta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qoʻshimcha quyidagi imkoniyatlar taqdim etilsin:
(a) bojxona toʻlovlari va soliqlarni qaytarish, oʻzaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlarni joriy etish;
(b) tovarlarni qadoqlash, oʻrash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilmaslik.
III. Chegara oʻtkazish punktlaridagi nazorat tartibotlarini takomillashtirish
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Chegara qoʻshinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan oʻtkazishda quyidagi asoslarga koʻra bojxona organlarini xabardor etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi:
(i) bojxona organlari axborot tizimida shaxsning bojxona nazoratidagi avtotransport vositasi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlsa;
(ii) shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi yoki buzish xavfi mavjud boʻlsa;
(b) quyidagilarni amalga oshirish orqali chegara oʻtkazish punktlarida bojxona organlarining faoliyati maqbullashtiriladi:
(i) 1-ilovaga muvofiq chegara oʻtkazish punktlaridagi bojxona nazorati tartib-taomillarini Chegara qoʻshinlariga oʻtkazish orqali;
(ii) 2-ilovaga muvofiq chegara oʻtkazish punktlarida 2026-yil 31-dekabrga qadar sinov tariqasida avtotransport vositalarini koʻzdan kechirishni faqatgina Chegara qoʻshinlari tomonidan amalga oshirish orqali;
(v) roʻyxati 3-ilovada keltirilgan bojxona postlari tugatiladi.
7. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasining “Oybek”, “S. Najimov” va “Sirdaryo” chegara bojxona postlarini 2026 — 2029-yillarda rekonstruksiya qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
IV. Bojxona toʻlovlari va yigʻimlarini undirish tartiblarini soddalashtirish
8. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyundan boshlab:
(a) tadbirkorlik subyektlariga bojxona bojini 120 kunga qadar kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi;
(b) bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashning bosh taʼminoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga pasaytirilgan miqdorda taʼminot taqdim etiladi.
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-martdan 2027-yil 1-martga qadar sinov tariqasida:
(a) mutasaddi vazirlik va idoralar takliflariga asosan Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tayyor mahsulotlar uchun bojxona boji summasidan koʻra ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo va materiallar importi uchun undiriladigan bojxona boji summasi balandroq hisoblanadigan tovarlar roʻyxatini bosqichma-bosqich shakllantiradi;
(b) shakllantirilgan roʻyxatdagi tovarlarni qayta ishlash uchun olib kiriladigan xomashyo va materiallarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimidan soʻng erkin muomalaga chiqarishda:
(i) import bojxona boji, ularning kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar, boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdorida qayta ishlash mahsulotidan undiriladi;
(ii) qonunchilik bilan nazarda tutilgan bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan qoʻllanadi;
(v) mazkur tartib asosida olib kirilgan xomashyo va materiallardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat oʻrnatishga Bojxona qoʻmitasi masʼul etib belgilanadi.
10. Komissiyaga (J. Xodjayev) Tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (keyingi oʻrinlarda — TIF TN) boʻyicha xomashyo va tovarlarning kodlarini kichik subpozitsiyalar darajasida detallashtirish va ularga bojxona boji stavkalarini belgilash vakolati berilsin.
11. Komissiya (J. Xodjayev) ikki oy muddatda TIF TN kodlarini manipulyatsiya qilish xavfi mavjud boʻlgan tovarlarga bir-biriga yaqin boʻlgan tovarlar uchun bir xil stavkalarni qoʻllash tamoyili asosida import boji stavkalarini vakolati dorasida qayta koʻrib chiqsin.
V. Tovarlar chiqarib yuborilgandan keyingi bojxona nazoratini yanada takomillashtirish
12. 2026-yil 1-iyuldan boshlab bojxona auditi doirasida:
(a) audit oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirkorlik subyektiga yoʻl qoʻygan kamchiliklari toʻgʻrisida oldindan xabar bergan holda tadbirkorning oʻzi tomonidan ularni bartaraf etish imkoniyatini beruvchi “maslahatchi auditor” tamoyili yoʻlga qoʻyilsin;
(b) bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatida oʻtkazilgan bojxona nazorati natijalari tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda inobatga olinsin;
(v) bojxona organlari tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazo choralarini ularning xususiyati va ahamiyatiga mutanosib ravishda differensiyalash orqali adolatli yondashuv taʼminlansin;
(g) bojxona nazorati davomida aniqlanib, qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlarining soʻzsiz tartibda undirilishi toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasini yuborish amaliyoti joriy etilsin.
VI. Qonunbuzilish holatlarining oldini olish va javobgarlik choralarini kuchaytirish
13. Belgilansinki, 2028-yil 1-yanvardan boshlab 4-ilovaga muvofiq bojxona sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibi joriy etiladi. Bunda:
(a) moliyaviy jarimalar faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qoʻllanadi;
(b) yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanganda ularning mansabdor shaxslari yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda olti oy muddatda mazkur Farmonning 13-bandidan kelib chiqib, Bojxona kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
VII. Notarif tartibga solish choralarini soddalashtirish
15. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda tashqi savdo faoliyati bilan bogʻliq ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlar va sertifikatlarni rasmiylashtirish xavflarini baholash tamoyillari asosida ishlovchi axborot tizimlarini quyidagilarni inobatga olgan holda 2026-yil 1-iyuldan ishga tushirsin:
(a) xavf darajasi past boʻlgan tovarlar boʻyicha ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlar va sertifikatlarni avtomatik ravishda rasmiylashtirish;
(b) xavf darajasi oʻrta boʻlgan tovarlarni hujjatli nazorat tartibiga oʻtkazib, sinov va namunalar olmaslik;
(v) xavf darajasi yuqori boʻlgan tovarlar belgilangan tartibda sinov namunalari asosida tekshiruvdan, zarur hollarda, laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilgandan soʻng ruxsat etish xususiyatidagi hujjatlar yoki sertifikatlarni rasmiylashtirish.
16. 2026-yil 1-maydan boshlab tashqi savdoga oid notarif tartibotlarni belgilashning quyidagi shaffof mexanizmi joriy etilsin:
(a) taqiq va cheklovlar reyestri yuritiladi, ularni oʻrnatishdan kamida uch oy oldin “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi;
(b) vakolatli davlat idoralari, ularning quyi tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan har bir turdagi xizmatlar uchun yigʻimlar (toʻlovlar) miqdori va kalkulyatsiyasi “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida eʼlon qilinadi;
(v) mazkur talablarga rioya etilmasdan oʻrnatilgan taqiq va cheklovlar, yigʻimlar ijroga qaratilmaydi.
17. Quyidagilar bekor qilinsin:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishda hujjatlarni majburiy tarzda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiruvidan oʻtkazish;
(ii) sertifikatlash organlarida belgilangan tartibda davriy baholash oʻtkazmasdan turib Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ularni elektron tizimdan uzib qoʻyish;
(iii) muvofiqlik sertifikati berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror mavjud boʻlmaganda hamda xorijiy davlatlar maʼlumotlari asosida mahsulotlarni sertifikatlash jarayoniga cheklov va taqiq oʻrnatish;
(b) 2026-yil 1-iyundan boshlab:
(i) Oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va erkin muomalaga chiqarish jarayonida sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish majburiyatini ushbu mahsulot importyoriga yuklagan holda “FSSC 22000”, “IFS Food”, “BRCGS Global Standard for Food Safety”, “SQF Food Safety Code” xalqaro tizimlari doirasida rasmiylashtirilgan sertifikatga ega korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishda sanitariya-epidemiologik xulosa olish talabi;
(ii) tovarlarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda karantin ruxsatnomasini olish talabi.
VIII. Sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish
18. Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻiston, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi va Belgiya Qirolligidagi elchixonalari shtatlar jadvallariga qoʻshimcha ravishda bittadan shtat birligidan iborat bojxona masalalari boʻyicha maslahatchi — Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona qoʻmitasi rasmiy vakili (keyingi oʻrinlarda — maslahatchi) lavozimi kiritilsin. Bunda:
(a) maslahatchi lavozimi Bojxona qoʻmitasi shtat birliklarini mos ravishda qisqartirish hisobidan ajratiladi;
(b) maslahatchi lavozimiga bojxona organlarida xizmatni oʻtayotgan, maxsus unvonga ega xodim belgilangan tartibda Bojxona qoʻmitasi raisining taqdimnomasiga muvofiq tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
(v) maslahatchi bojxona organlari manfaatlarini qabul qiluvchi mamlakatda ifodalash, bojxona sohasidagi ikki tomonlama va idoralararo muzokaralarda ishtirok etish, bojxona nazorati, xavflarni baholash, tovarlar kelib chiqishi va kontrabandaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha axborot almashinuvini tashkil etish, oʻzbekistonlik eksportyor va importyorlarga amaliy yordam koʻrsatish hamda bojxona-logistika muammolarini hal etish, xalqaro standartlarni joriy etishda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Jahon bojxona tashkiloti va mintaqaviy qoʻmitalar faoliyatida ishtirok etish uchun masʼul hisoblanadi;
(g) maslahatchi oʻz majburiyatlarini bajarish davrida Bojxona qoʻmitasi kadrlarining amaldagi zaxirasiga kiritiladi.
IX. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
19. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari axborot tizimlariga real vaqt rejimida taqdim etiladigan va vazirlik-idoralar bilan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladigan qoʻshimcha maʼlumotlar roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
20. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda vakolatli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tovarlarni respublika hududiga olib kirish, olib chiqish va tranzit olib oʻtishda taqiq va cheklovlarni oʻrnatishning aniq tartibotlari va yagona reyestrini yuritish tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
21. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) mazkur Farmonning 18-bandi bilan yangi joriy etilayotgan lavozimlarni saqlash xarajatlarini qoplash va moliyalashtirish uchun 2026-yildan boshlab diplomatik vakolatxonalarning shtatlar jadvallariga kiritilgan oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda Tashqi ishlar vazirligining soʻroviga asosan Davlat budjetida qoʻshimcha mablagʻlar nazarda tutilishini taʼminlasin;
(b) qoʻshimcha shtat birliklari kiritilayotgan diplomatik vakolatxonalarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bittadan transport vositalarini xarid qilish va saqlash uchun qoʻshimcha limit ajratsin;
(v) Bojxona qoʻmitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
23. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-dekabr,
PF-250-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoniga1-ILOVA
Bojxona organlarining faoliyati maqbullashtirilayotgan chegara oʻtkazish punktlari
T/rDavlat chegarasi orqali oʻtkazish punkti nomiChegara bojxona posti/punkti nomi1.“Tul” avtomobil yoʻli“Soʻx” chegara bojxona postining “Tul” bojxona punkti2.“Qizilqiyoq” avtomobil yoʻli“Soʻx” chegara bojxona postining “Sharqobod” bojxona punkti
Izoh.
Ushbu bojxona punktlarining shtat birliklari ish hajmi yuqori boʻlgan boshqa chegara bojxona postlariga qayta taqsimlanadi.
Ushbu bojxona punktlarining bino-inshootlari hamda zarur texnik vositalari Chegara qoʻshinlari balansiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoniga2-ILOVA
Sinov tariqasida 2026-yil 31-dekabrga qadar avtotransport vositalarining koʻzdan kechiruvi chegara qoʻshinlari tomonidan amalga oshiriladigan chegara oʻtkazish punktlari
T/rDavlat chegarasi orqali oʻtkazish punkti nomiChegara bojxona posti/punkti nomi1.“Bobotogʻ” avtomobil yoʻli“Sariosiyo” chegara bojxona postining “Bobotogʻ” bojxona punkti2.“Uchtoʻrgʻon” avtomobil yoʻli“Uchtoʻrgʻon” chegara bojxona posti3.“Pop” avtomobil yoʻli“Pop”chegara bojxona posti4.“Rovot” avtomobil yoʻli“Rovot” chegara bojxona posti5.“Rishton” avtomobil yoʻli“Rishton” chegara bojxona posti6.“Bekobod” avtomobil yoʻli“Bekobod avto” chegara bojxona posti
Izoh. Chegara qoʻshinlari tomonidan avtotransport vositasini koʻzdan kechirish jarayonida bojxona nazoratiga tushadigan tovarlar aniqlanganda yoki bojxona organlarining Xavflarni boshqarish tizimi koʻrsatmasiga asosan nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish uchun bojxona organi jalb qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoniga3-ILOVA
Tugatilayotgan bojxona postlarining
T/rBojxona postlarining nomi Andijon viloyati1.Andijon viloyati MED bojxona postiBuxoro viloyati2.Buxoro viloyati MED bojxona postiNamangan viloyati3.Namangan viloyati MED bojxona postiSamarqand viloyati4.Samarqand viloyati MED bojxona postiToshkent viloyati5.Toshkent viloyati MED bojxona postiFargʻona viloyati6.Fargʻona viloyati MED bojxona posti
Izoh. Tugatilayotgan bojxona postlarining shtat birliklari “Bojxona rasmiylashtiruvi markazi”ga hamda ish hajmi koʻp boʻlgan boshqa bojxona postlariga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoniga4-ILOVA
Bojxona sohasida moliyaviy jarimalar joriy qilinadigan qonunbuzarlik holatlari
1. Bojxona deklaratsiyasida bojxona toʻlovlari miqdorini qonunga xilof ravishda kamaytirib koʻrsatish.
2. Bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni noqonuniy tasarruf etish, yoʻqotish yoki yoʻq qilish.
3. Bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berilib shartli ravishda chiqarilgan tovarlar va transport vositalaridan imtiyozlar berilishiga sabab boʻlganidan boshqa maqsadlarda foydalanish va ularni tasarruf etish.
4. Bojxona organlarini oldindan xabardor qilish tartibini buzish va (yoki) taqdim etilishi lozim boʻlgan dastlabki maʼlumotlarni taqdim etmaslik.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoniga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoniga6-ILOVA
Davlat bojxona xizmati organlari axborot tizimlariga real vaqt rejimida taqdim etiladigan va vazirlik-idoralar bilan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladigan qoʻshimcha maʼlumotlar
T/rMaʼlumotlar nomiMaʼlumotni taqdim qiluvchi idoralar1.Hibsga olingan, sud qarori chiqqan fuqarolar boʻyicha maʼlumotlar hamda sud qarorlari maʼlumotlariOliy sud2.Davlat bojxona organlari tomonidan davlat egaligiga oʻtkazilgan, sotuvga qaratilgan mol-mulklar va ularni sotishdan tushgan mablagʻlar haqida maʼlumotMajburiy ijro byurosi3.Koʻchmas mulk va yer uchastkalari toʻgʻrisida toifalar boʻyicha maʼlumotKadastr agentligi4.Eksport/import va tranzit qilingan gaz hajmi toʻgʻrisida maʼlumotEnergetika vazirligi,“Oʻzgaztreyd” AJ,“Oʻztransgaz” AJ5.Eksport/import va tranzit qilingan elektr energiyasi hajmi toʻgʻrisida maʼlumotEnergetika vazirligi,“Oʻzenergosotish” AJ6.Eksport/import qilinayotgan tovarlar qiymati haqida maʼlumotlarOʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi7.Jinoiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarIchki ishlar vazirligi8.Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning joylashtirish vositalarida va davolash muassasalarida vaqtincha roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida maʼlumotIchki ishlar vazirligi,Turizm qoʻmitasi9.Transport vositasining respublika hududida harakati haqida maʼlumotIchki ishlar vazirligi10.Qidiruvda boʻlgan shaxslar haqida maʼlumotIchki ishlar vazirligi11.“E-maʼmuriy ish”, “Elektron-jinoiy huquqiy statistika”, “Xavfsiz shahar” tizimlari bilan oʻzaro axborot almashishIchki ishlar vazirligi12.Roʻyxatdan oʻtgan fuqarolik holati dalolatnomalari va ularning tarkibi toʻgʻrisida maʼlumotAdliya vazirligi13.Pensiyadagi shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotPensiya jamgʻarmasi14.Fuqarolarning yaqin qarindoshlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarIchki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti15.Fuqarolarning davlat fuqarolik xizmatidagi mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarKambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi16.Korxonalardagi ish oʻrinlari va ularda ishlayotgan xodimlar toʻgʻrisidagi (Yagona milliy mehnat tizimi) maʼlumotlarKambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi17.Mobil telefon raqamlarining egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarElektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi18.Soliq organlari tomonidan TIF subyektlari boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalari maʼlumotlariSoliq qoʻmitasi19.TIF subyektlarining soliq hisoblari boʻyicha maʼlumotlarSoliq qoʻmitasi20.Yuridik va jismoniy shaxslar kesimida haqiqatda foydalanilgan elektr energiyasi sarfi, amalga oshirilgan toʻlovlar va qarzdorlik toʻgʻrisida maʼlumot“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ21.Yuridik va jismoniy shaxslar kesimida haqiqatda foydalanilgan tabiiy gaz sarfi, amalga oshirilgan toʻlovlar va qarzdorlik toʻgʻrisida maʼlumot“Oʻztransgaz” AJ,“Hududiy gaz tarmoqlari” AJ22.Yuridik va jismoniy shaxslar kesimida haqiqatda foydalanilgan suv sarfi, amalga oshirilgan toʻlovlar va qarzdorlik toʻgʻrisida maʼlumotQurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi23.Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tugatilganligi, toʻlovga qobiliyatsiz deb topilganligi boʻyicha maʼlumotlarRaqamli texnologiyalar vazirligi,Adliya vazirligi24.Vafot etgan fuqarolar, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqib, boshqa davlatga doimiy yashash uchun chiqib ketganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarAdliya vazirligi,Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi25.Oʻzbekiston Respublikasi chegarasi orqali olib kirilgan naqd valyutani tijorat banklarida qaysi shartnomaga topshirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarMarkaziy bank26.Tovarlarning tashqi begʻaraz koʻmakka tegishliligi toʻgʻrisidagi xulosaInvestitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi27.Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish platformasi maʼlumotlariInvestitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi28.Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarining elektron portali maʼlumotlariInvestitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi29.Qishloq xoʻjaligi texnikalari va maxsus texnikalar, egalik huquqi toʻgʻrisida maʼlumotlarVazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi30.Sugʻurta kompaniyalari boʻyicha maʼlumotlar va rasmiylashtirilgan sugʻurta polislariIstiqbolli loyihalar milliy agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoniga7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-122-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-yilda bojxona organlari infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasining 23-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2025-2026-yillar” soʻzlari “2026 — 2029-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-133-son Farmonida:
(a) 1-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalarining umumiy shtat birliklari soni 475 ta etib belgilansin va 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
(b) 6-ilovada:
“Jami” pozitsiyasining “Jami shtat birliklari soni” ustunidagi “471” raqami “475” raqami bilan, “Diplomatik tarkib” qismining “Maslahatchi yoki Bosh konsul” ustunidagi “97” raqami “101” raqami bilan hamda “Jami” ustunidagi “348” raqami “352” raqami bilan almashtirilsin;
“Belgiyadagi elchixona” pozitsiyasining “Jami shtat birliklari soni” ustunidagi “10” raqami “11” raqami bilan, “Diplomatik tarkib” qismining “Maslahatchi yoki Bosh konsul” ustunidagi “1” raqami “2” raqami bilan hamda “Jami” ustunidagi “7” raqami “8” raqami bilan almashtirilsin;
“Turkiyadagi elchixona” pozitsiyasining “Jami shtat birliklari soni” ustunidagi “12” raqami “13” raqami bilan, “Diplomatik tarkib” qismining “Maslahatchi yoki Bosh konsul” ustunidagi “2” raqami “3” raqami bilan hamda “Jami” ustunidagi “9” raqami “10” raqami bilan almashtirilsin;
“XXRdagi elchixona” pozitsiyasining “Jami shtat birliklari soni” ustunidagi “21” raqami “22” raqami bilan, “Diplomatik tarkib” qismining “Maslahatchi yoki Bosh konsul” ustunidagi “5” raqami “6” raqami bilan hamda “Jami” ustunidagi “18” raqami “19” raqami bilan almashtirilsin;
“Qozogʻistondagi elchixona” pozitsiyasining “Jami shtat birliklari soni” ustunidagi “10” raqami “11” raqami bilan, “Diplomatik tarkib” qismining “Maslahatchi yoki Bosh konsul” ustunidagi “2” raqami “3” raqami bilan hamda “Jami” ustunidagi “8” raqami “9” raqami bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida:
39-pozitsiya chiqarib tashlansin;
40-pozitsiyaning “Ijro muddati” ustunidagi “2025 — 2027-yillar davomida” soʻzlari “2025 — 2029-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-son Farmoni bilan tasdiqlangan Ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxatining 411-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3351-son qarori 1-bandi “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi “boʻlmaganda” soʻzidan keyin “(bundan barqarorlik reytingida “BB” va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari mustasno)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4391-son qarorining 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan:
a) 2027-yil 1-yanvarga qadar laboratoriya toʻplami, jihozlari va uskunalarni taʼlim ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oʻz tashabbusiga koʻra chet eldagi ishlab chiqaruvchidan (uchinchi shaxslar ishtirokisiz) toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilishga imkoniyat berilsin;
b) 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar chetdan olib kelinadigan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya toʻplami, jihozlari va uskunalari import bojxona bojidan ozod etilsin.
Bunda imtiyoz qoʻllanilgan mazkur tovarlar import qilingan kundan boshlab 3 yil davomida boshqa shaxsga sotilgan yoki oʻtkazilgan yoxud ijaraga berilgan taqdirda, taqdim etilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda bojxona boji belgilangan tartibda toʻliq hajmda import qiluvchidan undirib olinadi”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Yoʻl sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4545-son qarori 3-1-bandining “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan mezonlar va tartibga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi va uning hududi orqali tranzit oʻtishi uchun yigʻimlar va toʻlovlar amalga oshirilishi, shuningdek, tashuvchilar tomonidan transport vositalarining ruxsat etilgan vazn va gabarit parametrlariga rioya etilishi ustidan nazorat bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga keyinchalik samarali foydalanish uchun balans qiymatida tekinga oʻtkaziladigan aktivlari roʻyxatida 29, 34, 35, 46, 48-pozitsiyalar chiqarib tashlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-noyabrdagi “Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarori 7-bandining ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-28-son qarorida:
(a) 22-bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bojxona qoʻmitasi raisi A. Mavlonovga — chegara oʻtkazish punktlari oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish maqsadida ularni modernizatsiya qilish va kengaytirish choralarini koʻrish hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan mezonlar va tartibga muvofiq xorijiy tashuvchilar tomonidan taqdim etilgan xalqaro yuk tashishga ruxsatnomalar asosida bojxona rasmiylashtiruvi oʻtkazilishini, xorijiy yuk avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻimlar undirilishini taʼminlash”;
(b) 2-ilovaning 19-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19.“Dovut ota” va “Gʻishtkoʻprik” chegara oʻtkazish punktlari infratuzilmasini yaxshilash.Bunda,Amaliy chora-tadbirlarBojxona qoʻmitasi(A. Mavlonov)“Dovut-ota” chegara oʻtkazish punktini;2026-yil 31-dekabr“Gʻishtkoʻprik” chegara oʻtkazish punktini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish.2025-yil 31-dekabr”.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini tashkil etish va bojxona maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-122-son qarorida:
(a) 12-bandning birinchi xatboshisidagi “2026” raqami “2027” raqami bilan almashtirilsin;
(b) 13-bandning “b” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(v) 19-band quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) chegara bojxona postlari hududlarini kengaytirish uchun qishloq xoʻjaligi yerlari yer fondi toifasi oʻzgartirilishi hisobiga ajratilgan (ajratiladigan) qoʻshimcha yer maydonlarini, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish nobudgarchilik oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlardan ozod etish”;
(g) 1-ilovada:
5-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bojxona qoʻmitasi maxsus jamgʻarmasi hisobidan homiylik yordamlarini koʻrsatish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari hamda Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlariga asosan amalga oshiriladi”;
15-bandning oʻn toʻqqizinchi xatboshisidagi “depozit raqamlarida” soʻzlari “muddatli depozitlariga shartnoma asosida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
36-bandning ikkinchi xatboshisi “yakuni” soʻzidan keyin “(professor-oʻqituvchilar faoliyati samaradorligini reyting baholash boʻyicha “Samaradorlikni baholash” moduli yuzasidan har oʻquv yili yakuni)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
(d) 2-ilovada:
82-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti, “Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti va “Toshkent-Humo aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari istisno tariqasida ushbu bojxona postlarida besh yil xizmat qilganidan soʻng teng lavozimga rotatsiya tartibida oʻtkaziladi”;
uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;
102-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“102. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori, farmoyishiga, shuningdek, roziligiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari farmoyishiga koʻra tayinlangan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yoxud yuqori turuvchi organlarning topshirigʻi boʻyicha boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga, xalqaro tashkilotlarga tayinlangan (yuborilgan) bojxona organi xodimi oʻz majburiyatlarini bajarish davrida Bojxona qoʻmitasi kadrlarining amaldagi zaxirasiga kiritiladi”;
150-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 151-band bilan toʻldirilsin:
“151. Xodimlarga tibbiy reabilitatsiya doirasida profilaktik dam olish uchun qoʻshimcha sutkalarni berish tartibi Bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan belgilanadi”;
222-banddagi “b”, “v”, “g”, “d” va “e” kichik bandlariga” soʻzlari “b”, “g”, “d” va “e” kichik bandlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
246-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bojxona organlarining (Bojxona qoʻmitasining oliy taʼlim muassasasi bundan mustasno) mutaxassis, xizmat koʻrsatuvchi va yordamchi (texnik) lavozimlarining meʼyorlari, ularni kiritish shartlari, mehnatga haq toʻlash boʻyicha razryadlari, bazaviy stavkalari bojxona organlarining faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqib, Bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi, ayrim bojxona organlari uchun qonunchilik hujjatlari bilan tasdiqlangan hollar bundan mustasno”;
(j) 3-ilovada:
36-bandning birinchi xatboshisidagi “taʼlim muassasalari” soʻzlari “taʼlim muassasalari, Bojxona rasmiylashtiruvi markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
60-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Intizomiy jazo qoʻllash haqidagi qaror oʻrtoqlik axloq kengashi xulosasi, hayʼat va kengash qarorlari hamda yigʻilish bayonlari, shuningdek, oʻtkazilish tartibi Bojxona qoʻmitasi raisi tomonidan belgilanadigan xizmat, kompleks, inspektorlik yoki maqsadli tekshiruvlar asosida qabul qilinadi”;
(z) 5-ilovada:
“I. Chegara bojxona postlari” boʻlimi quyidagi mazmundagi 18-1 va 18-2-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:
“18-1.“Toshkent-Humo aeroporti” chegara bojxona posti18-2.“Shovot chegaraoldi savdo zonasi” chegara bojxona posti”;
“III. Masofaviy elektron deklaratsiyalash (MED) bojxona postlari” boʻlimining 2 — 7-pozitsiyalari chiqarib tashlansin;
izoh qismi quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“3) Shovot chegaraoldi savdo zonasi” chegara bojxona postining shtat birliklari alohida normativ-huquqiy hujjat bilan ajratiladi”;
(i) 7-ilovada:
3, 4, 41, 48, 52 va 53-pozitsiyalar chiqarib tashlansin;
51-pozitsiya “Ijro muddati” ustunidagi “2026-2027-yillar davomida” soʻzlari “2026 — 2029-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
54-pozitsiya “Ijro muddati” ustunidagi “2027-yil dekabr” soʻzlari “2029-yil dekabr” soʻzlari bilan almashtirilsin.