PQ-65-son Qaror · 16.02.2026

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-65
  • Qabul qilingan sana:16.02.2026
  • Kuchga kirgan sana:17.02.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/65/0148

Keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarimiz tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, oʻzaro ahillik, saxovat va shukronalik gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin va moʻtabar ayyomga aylanmoqda.

Ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib borayotgan Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada oʻtkazish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:

1. 2026-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 19-fevral kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimizda Ramazon oyini milliy anʼana va qadriyatlarga mos tarzda oʻtkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

“Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu gʻoya asosida:

kam taʼminlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

mahallalarni oʻzaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish;

yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish;

Ramazon oyi bilan bogʻliq tadbirlarni isrofgarchilikka yoʻl qoʻymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida oʻtkazishga alohida eʼtibor berilsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 16-fevral,

PQ-65-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.