PQ-67-son Qaror · 17.02.2026

Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-67
  • Qabul qilingan sana:17.02.2026
  • Kuchga kirgan sana:17.02.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/67/0149

Xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukronalik timsoli boʻlgan qutlugʻ Ramazon oyini munosib oʻtkazish hamda aholining ehtiyojmand qatlamini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:

I. Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash

1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondining 2026-yildagi Ramazon oyi munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

(a) Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasidagi oilalar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning reyestridagi fuqarolar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalarga 1 million soʻmdan bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

(b) Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasidagi hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qoʻshimcha roʻyxatdagi ehtiyojmand oilalarga 500 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

(v) Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning 6 ming nafar bemor aʼzolarining davolanishi va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlari qoplab beriladi.

II. Moliyaviy resurslar

2. Belgilansinki, mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan tadbirlar uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Agentlik tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 800 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Bunda mazkur qarorning 1-bandi “a” va “b” kichik bandilariga muvofiq beriladigan moliyaviy yordamlar Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

3. Agentlik va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan birgalikda besh kun muddatda mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan moddiy yordamlar ajratiladigan oilalarning elektron roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) shakllantirsin hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondiga taqdim etsin.

Bunda mazkur qaror 1-bandining “b” kichik bandiga muvofiq “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qoʻshimcha ehtiyojmand oilalar roʻyxati tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi va unga kiritilgan ehtiyojmand oilalar soni ushbu tuman (shahar)dagi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan “davlat taʼminotidagi oila” toifasidagi oilalar umumiy sonining 20 foizidan oshmasligi lozim.

4. Sogʻliqni saqlash vazirligi:

(a) “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MCHJ bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar mazkur qarorga muvofiq davolanadigan yoki jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga yoʻllash boʻyicha axborot modulini ishga tushirsin;

(b) davolanish yoki jarrohlik amaliyotiga muhtoj Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning aʼzolarini axborot moduliga kiritgan holda tegishli tibbiyot tashkilotiga yoʻllanishi va davolanishini tashkil qilsin;

(v) davolangan yoki jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning aʼzolari, ularga koʻrsatilgan xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va tibbiyot tashkilotlariga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlar hisob-kitobini “Vaqf” xayriya jamoat fondiga taqdim etib borsin.

5. “Vaqf” xayriya jamoat fondi:

(a) 2026-yil 1-martga qadar AT “Xalq banki” va Agentlik bilan birgalikda Roʻyxat asosida oilalarning ijtimoiy karta yoki bank plastik kartalariga bir martalik moddiy yordamni oʻtkazsin;

(b) davolangan yoki jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning aʼzolari va ularga koʻrsatilgan xizmatlar uchun zarur mablagʻlarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining maʼlumotlari asosida tegishli tibbiyot tashkilotlariga oʻtkazib borsin.

6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini tashkil qilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.

8. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 17-fevral,

PQ-67-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.