Hududlarda bahor-yoz mavsumidagi sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanish, shuningdek, qoʻshimcha yer maydonlarini oʻzlashtirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish koʻlamini yanada oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni taʼminlashning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) 2027-yildan boshlab respublika hududlarida 5 ta sel-suv omborlarini qurish;
(b) sel-suv omborlarini qurish hisobiga:
(i) Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yer maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash;
(ii) Samarqand viloyatida 3,3 ming gektar va Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yerlarni oʻzlashtirish.
II. Loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari
2. Suv xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar hokimliklari, “Agrobank” ATB hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida ilmiy tavsiya va xulosalar asosida respublika boʻyicha kichik suv zaxiralarini barpo qilish imkoniyati mavjud boʻlgan 60 ta hudud aniqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. 2027 — 2030-yillarda quriladigan sel-suv omborlarining manzilli dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, sel-suv ombori va uning inshootlari, karyerlar va qurilish maydoniga tushgan yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyiladi.
Bunda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplab beriladi.
5. Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari:
(a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Dastur doirasidagi loyihalarga zarur yer uchastkalarini ajratish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga takliflar kiritsin;
(b) Dastur doirasidagi loyihalar uchun yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari maqsadida olib qoʻyilishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlar belgilangan tartibda qoplab berilishini taʼminlasin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
(a) bir hafta muddatda Oqtepasoy sel-suv ombori qurilishini loyihalashtirish uchun 2,0 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlar joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-393-son qarorining 1a-ilovasiga asosan kelgusi yillar loyiha-qidiruv ishlari uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan ajratilishini taʼminlasin;
b) Dastur doirasida qurilish ishlari uchun zarur mablagʻlarni tasdiqlangan loyiha hujjatlariga asosan 2027-yil va keyingi yillar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida inobatga olsin.
7. Suv xoʻjaligi vazirligi Dastur doirasida:
(a) loyiha-qidiruv ishlarini sifatli tashkil etib, loyihalashtirishda texnik yechimlar xalqaro tajriba va ilmiy yondashuv asosida aniqlanishini taʼminlasin;
(b) qurilish ishlarini qurilish hududi yon-atrofida yashovchi aholining xavfsizligini taʼminlagan holda zamonaviy talablar asosida tashkil etsin.
8. Suv xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi Tangatopdisoy va Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Oqsoqotasoy sel-suv omborlari qurilishini “Agrobank” ATB buyurtmachiligida ishlab chiqilgan loyihaoldi hujjatlariga muvofiq davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish choralarini koʻrsin.
Bunda qurilgan sel-suv omborlari Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi foydalanuvchi tashkilotlar balansiga begʻaraz topshirilishini inobatga olgan holda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda quyidagilar koʻzda tutilsin:
(a) sel-suv omborlari xususiy sherik hisobidan quriladi hamda xususiy sherik uchun quyidagilarga ruxsat beriladi:
(i) sel-suv omborlari himoya zonalarida belgilangan tartibda tasdiqlangan master reja asosida turistik-rekreatsion zonalarni tashkil etishga.
Bunda ushbu hududlar 49 yilga keyinchalik uzaytirish sharti bilan foydalanish uchun toʻlovsiz asosda beriladi;
(ii) sel-suv omborlari suv havzasida baliqchilik xoʻjaligini tashkil etishga hamda inshootlar xavfsizligiga taʼsir qilmaydigan boshqa daromad keltiruvchi faoliyat bilan shugʻullanishga;
(b) davlat sherigi sifatida sel-suv omborlarini ekspluatatsiya qilish hamda ulardagi suv resurslarini boshqarish Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
9. Belgilansinki, Dastur doirasida Suv xoʻjaligi vazirligi tashabbuskorligida davlat-xususiy sheriklik asosida quriladigan sel-suv omborlarining himoya zonalarida barpo qilinadigan turistik-rekreatsion zonalarni zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash ishlari Davlat budjeti hisobidan oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda respublika hududlarida ilmiy tavsiya va xulosalar asosida aniqlangan kichik suv zaxiralarining iqtisodiy samaradorligi hamda ularning qurilish muddatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
11. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib quyidagilar belgilansin:
(a) suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev — qaror ijrosini samarali tashkil qilishga, loyihalarning oʻz vaqtida sifatli amalga oshirilishiga hamda natijadorligiga;
(b) iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari S. Sadullayev — Dastur doirasida zarur mablagʻlar belgilangan muddatlarda ajratib borilishiga;
(v) Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi rahbari S. Samadov — mablagʻlarning maqsadli sarflanishi hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatishga.
12. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari T.N. Butunbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-may,
PQ-201-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-maydagi PQ-201-son qarorigaILOVA
2027 — 2030-yillarda quriladigan sel-suv omborlarining
T/rObyekt nomiDastlabki hisobiy sigʻimi,mln m-3Dastlabki hisobiy qiymati,mlrd soʻmMoliyalashtirish manbasiBuyurtmachi tashkilotLoyiha ishlari boʻyichaQurilish ishlari boʻyichaLoyiha ishlari boʻyichaQurilish ishlari boʻyichaJAMI38,19971.Jizzax viloyati Baxmal tumanida Tangatopdisoy sel-suv omborini qurish2,4202“Agrobank” ATB mablagʻlariDXSH asosida xususiy sektor mablagʻlari“Agrobank” ATBSuv xoʻjaligi vazirligi2.Samarqand viloyati Urgut tumanida Gʻijduvonsoy sel-suv omborini qurish1,590Respublika budjetiRespublika budjeti“Samarqandsuv-qurilishinvest” DM“Samarqandsuv-qurilishinvest” DM3.Samarqand viloyati Urgut tumanida Choshtepasoy sel-suv omborini qurish0,665Respublika budjetiRespublika budjeti“Samarqandsuv-qurilishinvest” DM“Samarqandsuv-qurilishinvest” DM4.Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida Oqtepasoy sel-suv omborini qurish26365Respublika budjetiRespublika budjeti“Samarqandsuv-qurilishinvest” DM“Samarqandsuv-qurilishinvest” DM5.Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida Oqsoqotasoy sel-suv omborini qurish 7,6275“Agrobank” ATB mablagʻlariDXSH asosida xususiy sektor mablagʻlari“Agrobank” ATBSuv xoʻjaligi vazirligi
Izoh:
Loyiha-qidiruv va loyiha hujjatlariga asosan obyektlarning quvvatiga, qiymatiga va amalga oshirish muddatiga aniqlik kiritiladi.
“Agrobank” ATB buyurtmachiligida obyektlarning loyihaoldi hujjatlari ishlab chiqiladi, ishchi hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha masʼul davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda kelishuvga koʻra belgilanadi.
Loyiha hududlari tabiiy meros obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yer maydonlariga kirgan yoki ularning muhofaza zonasida joylashgan taqdirda, ushbu loyiha tegishli tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan oʻrnatilgan tartibda kelishilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Suv xoʻjaligi vazirligining taklifiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda mazkur ilovaga tuzatish, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.