Shaxsiy koʻrik bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan va bojxona nazorati zonasida yoki aeroportning xalqaro yoʻnalishlar uchun ochiq boʻlgan tranzit zonasida boʻlgan jismoniy shaxsga nisbatan oʻtkaziladi.
Shaxsiy koʻrik bojxona hududiga olib kirish yoki ushbu hududdan olib chiqish taqiqlangan tovarlarni yoxud ushbu Kodeksda belgilangan tartibni buzgan holda olib oʻtilayotgan tovarlarni jismoniy shaxs yonida yashirmoqda va ularni oʻz ixtiyori bilan taqdim etmoqchi emas, deb taxmin qilishga asoslar boʻlgan taqdirda bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.
Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish haqidagi qaror bojxona organining boshligʻi yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxs tomonidan yozma shaklda qabul qilinadi.
Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni boshlashdan avval bojxona organining mansabdor shaxsi:
shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni jismoniy shaxsga eʼlon qilishi;
shaxsiy koʻrik oʻtkazilayotganda jismoniy shaxsni uning huquqlari bilan tanishtirishi;
jismoniy shaxsga yonida berkitilgan tovarlarni oʻz ixtiyori bilan berishni taklif qilishi shart.
Jismoniy shaxs shaxsiy koʻrikni rad etgan taqdirda, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorga shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish haqidagi qarorni eʼlon qilgan bojxona organi mansabdor shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan belgi qoʻyiladi.
Agar koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs bojxona organi mansabdor shaxsining qonuniy talablarini bajarmasa yoki bajarishga qarshilik koʻrsatsa, ushbu harakatlar maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq jismoniy shaxsni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish uchun asos boʻladi.
Shaxsiy koʻrik sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan alohida xonada bojxona organining koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs bilan bir jinsdagi mansabdor shaxsi tomonidan xuddi shu jinsdagi ikki xolis hozirligida oʻtkaziladi. Boshqa jismoniy shaxslarning bu xonaga kirish va shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni kuzatish imkoniyatiga yoʻl qoʻyilmaydi. Koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxsning tanasini tekshirish faqat tibbiyot xodimlari tomonidan, zarur boʻlganda, maxsus tibbiyot texnikasidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Zarur boʻlganda shaxsiy koʻrik oʻtkazilayotganda tarjimon jalb qilinadi.
Voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz shaxs shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilayotganida uning qonuniy vakillari (ota-onasi, farzandlikka olganlar, homiylar, vasiylar) yoki uni kuzatib boruvchi shaxslar hozir boʻlishga haqli.
Shaxsiy koʻrik koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs tomonidan oʻzida yashirib qoʻyilgan tovarlarni topish uchun zarur boʻlgan doirada hamda inson shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishini, uning sogʻligʻi va mol-mulkiga ziyon yetkazilishini istisno etadigan shaklda amalga oshiriladi.
Koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs yoki uning qonuniy vakili yoxud uni kuzatib boruvchi shaxs shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonida quyidagi huquqlarga ega:
bojxona organi boshligʻining yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa shaxsning shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilinishini talab qilish;
ona tilidan foydalanish, shuningdek tarjimon xizmatlaridan foydalanish;
oʻz huquqlari va majburiyatlari bilan tanishish;
tushuntirishlar, iltimosnomalar berish;
shaxsiy koʻrik bayonnomasini tuzish tugallanganidan soʻng u bilan tanishib chiqish va mazkur bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni bayon etish;
bojxona organining qarori, uning mansabdor shaxslari harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs yoki uning qonuniy vakili yoxud uni kuzatib boruvchi shaxs qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs yoki uning qonuniy vakili yoxud uni kuzatib boruvchi shaxs shaxsiy koʻrik davomida bojxona organi mansabdor shaxsining qonuniy talablarini bajarishi shart.
Shaxsiy koʻrik natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan shaklda bayonnoma tuziladi. Bayonnoma quyidagilar tomonidan imzolanadi:
bojxona organining shaxsiy koʻrikni oʻtkazgan mansabdor shaxsi;
xolislar;
shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilgan jismoniy shaxs yoki uning qonuniy vakili yoxud uni kuzatib boruvchi shaxs;
tibbiyot xodimi — koʻrikdan oʻtkazilgan shaxsning tana aʼzolari u tomonidan tekshirilganda;
shaxsiy koʻrikda ishtirok etgan boshqa shaxslar.
Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilgan jismoniy shaxsga shaxsiy koʻrik oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasi imzo qoʻydirib taqdim etiladi.