BJK · 219-modda

219-modda. Tashuvchining huquq va majburiyatlari

Tashuvchi quyidagi hollarda tovarlarni va (yoki) transport vositalarini tashish uchun qabul qilmaslikka haqli, agar:

tovarning kuzatuv hujjatlari belgilangan tartibni buzgan holda rasmiylashtirilgan boʻlsa;

transport vositasiga va tovarlar oʻroviga qoʻyilgan bojxona identifikatsiyalash vositalari tashilayotgan tovarlarga ana shunday taʼminlov choralarini buzmasdan tegish imkoniyatini istisno etmasa.

Tashuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni bojxona hududi boʻylab tashish chogʻida tashuvchi:

tovarlarning, plombalarning va muhrlarning, yoki, agar foydalanilgan boʻlsa, boshqa bojxona identifikatsiyalash vositalarining butligini taʼminlashi;

bojxona organlarining ruxsatisiz tovarlar bilan yuk operatsiyalarini oʻtkazishga yoʻl qoʻymasligi, bundan ushbu Kodeks 225-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tovarni tushirib boshqa transport vositasiga qayta yuklash mustasno;

tashiladigan tovarlarni bojxona nazorati zonasiga joylashtirishi;

transport vositalarini tegishli texnik holatda saqlashi va ushbu Kodeksning 227-moddasiga muvofiq bojxona nazorati ostidagi tovarlarni tashish uchun transport vositalarining jihozlanishiga doir talablarga mosligini taʼminlashi;

tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlarni istisno etganda, tovarlarni va (yoki) transport vositalarini oʻzgarmas holatda, boshqa biror maqsadda foydalanmasdan yetkazib berishi;

tovarlar yoʻqolganda yoki bojxona organlarining roziligisiz boshqa shaxslarga berib yuborilgan taqdirda bojxona toʻlovlarini toʻlashi shart.

Belgilangan joyga yetib kelgandan soʻng tashuvchi bojxona organini yozma ravishda xabardor qilmasdan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini toʻxtash joylarida qarovsiz qoldirishga, toʻxtash joyini oʻzgartirishga, yoʻlovchilarni tushirib yuborishga, tovarlar bilan biror-bir yuk va oʻrov-joylov operatsiyasini bajarishga, bojxona identifikatsiyalash vositalarini oʻzgartirishga, olib tashlashga yoki yoʻq qilishga haqli emas.

Tashuvchi barcha tovarlar toʻgʻrisidagi axborotning yuk kuzatuv hujjatlariga kiritilishini taʼminlash yoki tovarlar toʻgʻrisidagi axborotni bojxona organi eʼtiboriga yetkazish uchun bojxona organi oldida javobgar boʻladi.

Tashuvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.