BJK · 221-modda

221-modda. Bojxona nazorati ostida tashiladigan tovarlar va transport vositalari hamda ularning hujjatlariga identifikatsiyalash vositalarining qoʻllanilishi

Joʻnatuvchi bojxona organi bojxona hududi boʻylab bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarning va (yoki) transport vositasining bojxona identifikatsiyalanishini taʼminlaydi, tovar kelib tushadigan bojxona organi esa qoʻyilgan bojxona identifikatsiyalash vositalarining mavjudligini va butligini tekshiradi. Oraliq bojxona organlari va tovar kelib tushadigan bojxona organlari tovarning kuzatuv hujjatlariga bojxona identifikatsiyalashining yangi vositalari qoʻyilganligi toʻgʻrisida qaydlar qoʻyib chiqishi mumkin.

Bojxona identifikatsiyalash vositalari transport vositasiga yoki alohida yuk oʻrinlariga qoʻyilishi mumkin.

Bojxona hududi boʻylab bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarning va (yoki) transport vositalarining bojxona identifikatsiyalashining asosiy usuli ularga plombalar va muhrlar bosishdan iborat. Plombalar va muhrlarni qoʻyish imkoni boʻlmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 197-moddasida nazarda tutilgan bojxona identifikatsiyalashining boshqa vositalari qoʻllaniladi.

Agar chet davlatlar bojxona organlarining identifikatsiyalash vositalari ushbu Kodeks 227-moddasining birinchi qismida belgilangan talablarga mos emas deb topilsa, joʻnatuvchi bojxona organi tovarni va (yoki) transport vositasini bojxona koʻrigidan oʻtkazib, ularga bojxona identifikatsiyalashining yangi vositalarini qoʻyadi va bu haqda tovarning kuzatuv hujjatlariga tegishli yozuv kiritiladi.

Hujjatlarning bojxona identifikatsiyalashini amalga oshirish maqsadida joʻnatuvchi bojxona organi ushbu Kodeks 197-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq bojxona identifikatsiyalash vositalarini qoʻllaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.