BJK · 304-modda

304-modda. Olib kiriladigan tovarga doir bitim narxiga kiritiladigan xarajatlar

Olib kirilayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda bitimning narxiga quyidagi xarajatlar kiritiladi, agar bu xarajatlar bitimning narxiga kiritilmagan boʻlsa:

a) tovarni bojxona hududiga olib kiriladigan joyga yetkazib berilgunga qadar qilinadigan xarajatlar:

tashish qiymati;

tovarlarni yuklash, tushirish, qayta yuklash va boshqa joyga toʻkish xarajatlari;

sugʻurta qiymati;

b) sotib oluvchi tomonidan qilingan xarajatlar:

vositachilik va brokerlik haqlari, bundan tovarni xarid qilishdagi vositachilik xarajatlari mustasno;

konteynerlar va (yoki) koʻp marta ishlatiladigan boshqa idishlarning qiymati, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq baholanayotgan tovar bilan bir butun deb qaralsa;

oʻrov-joylov qiymati, shu jumladan oʻrash-joylash materiallarining va oʻrash-joylash ishlarining qiymati;

v) sotib oluvchi tomonidan bepul yoki arzonlashtirilgan narxda bevosita yoxud bilvosita koʻrsatiladigan quyidagi xizmatlarning va yetkazib beriladigan boshqa tovarlarning tegishli tarzda taqsimlangan qiymati:

olib kiriladigan tovarlar qaysi xomashyo, materiallar, detallar, yarim tayyor mahsulotlar va boshqa tovarlardan ishlab chiqilgan (iborat) boʻlsa, oʻsha xomashyo, materiallar, detallar, yarim tayyor mahsulotlar va boshqa tovarlar;

olib kiriladigan tovarlarni ishlab chiqarishda foydalanilgan asboblar, shtamplar, qoliplar va boshqa shu kabi tovarlar;

olib kiriladigan tovarlarni ishlab chiqarishda sarflangan materiallar;

bojxona hududidan tashqarida tayyorlangan va olib kiriladigan tovarlarni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan loyihalashtirish, ishlab chiqish, muhandislik, konstruktorlik ishlari, dizayn, eskizlar va chizmalar;

g) intellektual mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun sotib oluvchi baholanayotgan tovarni sotish sharti sifatida bevosita yoki bilvosita toʻlashi kerak boʻlgan litsenziya toʻlovlari va boshqa toʻlovlar;

d) olib kirilgan tovarni keyinchalik qayta sotish, oʻzgacha tarzda tasarruf etish yoki undan boshqa tarzda foydalanishdan tushgan tushumning bevosita yoki bilvosita sotuvchiga tegishi kerak boʻlgan har qanday qismining qiymati.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan, bitimning narxiga kiritiladigan xarajatlar tegishli tovarlar, ishlar va xizmatlar (tashish, sugʻurta qilish, brokerlik xizmati) uchun haq toʻlanganligi toʻgʻrisida vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar (hisobvaraq-fakturalar, toʻlov topshiriqnomalari, cheklar) asosida aniqlanadi.

Ushbu modda birinchi qismining “v” bandida koʻrsatilgan xarajatlar olib kiriladigan tovarlarni bojxona hududiga olib chiqish uchun ishlab chiqarishga va sotishga qaratilishi kerak.

Ushbu moddada koʻrsatilmagan xarajatlarni bitim narxiga qoʻshishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Turli nomdagi tovarlardan tashkil topgan tovarlarning bitta turkumi yetkazib berilganda, bojxona hududiga olib kirilgan tovarlardan har birining bojxona qiymatiga qoʻshilishi lozim boʻlgan hamda tovarlarning butun turkumi uchun belgilangan xarajatlarni aniqlash har bir tovar qiymatining tovarlar turkumining qiymatiga nisbati bilan aniqlanadigan kattalikka mutanosib ravishda, transport xarajatlarini hisobga olishda esa, tovarlarning ogʻirligiga yoxud hajmiga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.