Agar tovarning bojxona qiymatini ushbu Kodeksning 303, 309, 310, 311 va 312-moddalarida koʻrsatilgan bojxona qiymatini aniqlash usullarini ketma-ketlikda qoʻllash natijasida deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan aniqlash mumkin boʻlmasa, baholanayotgan tovarning bojxona qiymati bojxona qiymatini aniqlash usullarining muddatlarni qoʻllash, tovarlarning ishlab chiqarilgan mamlakatini, aynan bir xilligini yoki oʻxshashligini aniqlashga doir talablarini bir muncha qayishqoqlik bilan qoʻllash orqali aniqlanadi.
Agar bojxona organi olib kirilgan tovarlarning bojxona qiymatini oʻzida mavjud boʻlgan maʼlumotlarga asosan zaxira usuli bilan aniqlasa, u deklarantning soʻroviga koʻra bunday maʼlumotlarning manbalari toʻgʻrisida xabar beradi. Bojxona organi zaxira usulini toʻgʻri qoʻllash maqsadida bunday axborotni yigʻib boradi.
Zaxira usuldan foydalanishda hujjatlar bilan tasdiqlashga doir talablar quyidagilarni boshqa usullarga nisbatan bir muncha qayishqoqlikka yoʻl qoʻyadi:
jahon narxlariga doir, ichki bozor narxlariga doir axborot maʼlumotnomalaridan foydalanishni;
vositachilik haqlari, chegirmalar, foydalar, transport tariflari umum qabul qilingan darajalarining statistik maʼlumotlaridan foydalanishni.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan hollarda, baholanayotgan tovarni yetkazib berish shartlarini hisobga olgan holda maʼlumotlarga tegishli tuzatishlar kiritilishi shart.
Tovarning bojxona qiymatini zaxira usulda aniqlash uchun asos sifatida quyidagilardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi:
a) Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oʻxshash tovarning sotilish narxidan;
b) ikki muqobil qiymatdan eng yuqorisi bojxona baholash maqsadlari uchun qabul qilinishini nazarda tutuvchi tizimdan;
v) eksport qiluvchi mamlakatning ichki bozoridagi tovar narxidan;
g) bojxona qiymatini aniqlash uchun qiymatlarni qoʻshish usulini qoʻllashda foydalanilmaydigan ishlab chiqarish chiqimlaridan;
d) eksport qilayotgan mamlakatdan uchinchi mamlakatlarga yetkazib berilayotgan tovarning narxidan;
e) eng past bojxona qiymatlaridan;
j) tovarning oʻzboshimchalik bilan belgilangan yoki toʻgʻri tasdiqlanmagan narxidan.
Bojxona organi ushbu moddaga muvofiq aniqlangan tovarning bojxona qiymati hamda shunday qiymatni aniqlash uchun foydalanilgan usul toʻgʻrisida deklarant yoki bojxona brokerining arizasiga koʻra unga axborot beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida sarflangan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, qiymatlarni chegirib tashlash asosidagi usul bilan bojxona qiymatini aniqlash uchun ekspert baholash qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyiladi, uni qoʻllash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi. Bunda tovar birligining bojxona qiymati aniqlanib, keyinchalik butun turkumning bojxona qiymati qayta hisob-kitob qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq baholanayotgan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashning bir nechta usulini qoʻllash imkoniyati mavjud boʻlgan taqdirda, ularni qoʻllashning ketma-ketligiga amal qilinishi zarur.
Olib kiriladigan tovarlarning ushbu moddaga muvofiq belgilangan bojxona qiymati imkon qadar avval belgilangan bojxona qiymatlariga asoslanishi kerak.