Bojxona organi deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tanlangan tovarning bojxona qiymatini aniqlash usulining va maʼlum qilingan bojxona qiymati hisoblab chiqarilishining toʻgʻriligini quyidagilar asosida aniqlaydi:
deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan bojxona qiymati deklaratsiyasi, hujjatlar va maʼlumotlar;
tovarning bojxona qiymatini aniqlashda foydalaniladigan, oʻz ixtiyorida mavjud boʻlgan axborot.
Tovarning bojxona qiymatini nazorat qilishda bojxona organi quyidagilarning toʻgʻriligini ketma-ketlikda tekshiradi:
tovarning maʼlum qilingan bojxona qiymati tuzilishi va miqdorining;
tovarning maʼlum qilingan bojxona qiymatini aniqlash usulini tanlash va qoʻllashning;
tovarning maʼlum qilingan bojxona qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hujjatlar bilan tasdiqlanganligining.
Bojxona organi tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun tanlangan usulga quyidagi hollarda rozi boʻlmaslikka va deklarantga yoki bojxona brokeriga bojxona qiymatini aniqlashning boshqa usulidan foydalanib, bojxona qiymatini aniqlashni taklif etishga haqli:
deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan maʼlum qilingan tovarning bojxona qiymati toʻgʻri aniqlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va maʼlumotlar mavjud boʻlmasa;
tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun bojxona organi tomonidan soʻralgan zarur qoʻshimcha hujjatlar deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilmagan boʻlsa;
deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar notoʻgʻri ekanligining belgilari aniqlansa.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hollarda bojxona organi va deklarant yoki bojxona brokeri oʻrtasida tovarning bojxona qiymatini aniqlash usulini tanlash xususida maslahatlashuvlar oʻtkazilishi mumkin.
Agar deklarant yoki bojxona brokeri tovarning bojxona organi tomonidan aniqlangan bojxona qiymatiga rozi boʻlmasa, deklarant yoki bojxona brokeri oʻzi maʼlum qilgan bojxona qiymati qaysi sabablarga koʻra qabul qilinmaganligini tushuntirib berishni bojxona organidan soʻrashga haqli, bundan shartli bojxona qiymatining qoʻllanilishi holati mustasno.
Bojxona organi deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan maʼlum qilingan tovarning bojxona qiymati nima uchun bojxona organi tomonidan qaysi sabablarga koʻra qabul qilinmaganligini deklarantning yoki bojxona brokerining arizasiga binoan yozma shaklda yoxud elektron shaklda tushuntirish berishi shart.
Bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilayotganda aniqlangan va bojxona organi tomonidan qabul qilingan tovarning bojxona qiymatini aniqlash usuli va bojxona qiymati summasining hisob-kitobi faqat ushbu Kodeksning 320-moddasida nazarda tutilgan hollarda hamda tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritish zarurligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Ushbu bobning qoidalari tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun taqdim etilgan har qanday maʼlumotning, hujjatning yoki deklaratsiyaning toʻgʻriligini yoxud aniqligini tasdiqlash boʻyicha bojxona organlarining huquqini cheklamaydi yoki shubha ostiga qoʻymaydi.
Bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini nazorat qilishning oʻziga xos xususiyatlari, shu jumladan tovarning bojxona qiymatini notoʻgʻri aniqlash belgilari, tovarning bojxona qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni notoʻgʻri deb topish asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.