BK · 29-modda

29-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjet sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani ishlab chiqadi;

davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari loyihalarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlarini koʻrib chiqadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;

Davlat budjeti daromadlari prognozining choraklar va hududlar kesimidagi taqsimot loyihasini ishlab chiqadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni taqsimlash, shuningdek navbatdagi yil uchun xarajatlar smetasini tuzish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalarni yuboradi;

oʻrta muddatli budjetni tayyorlash jarayonini ikki bosqichda (shakllantirish va tuzish) amalga oshirish boʻyicha yagona uslubiy qoʻllanmalar toʻplamini (sirkulyarni), shuningdek Davlat budjetini shakllantirishda budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlarini yetkazish hamda qayta koʻrib chiqish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning takliflari asosida Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan tasdiqlangan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning takliflari asosida oʻzining ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan budjetdan ajratiladigan mablagʻlarga 10 va undan ortiq foiz miqdorda oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjetlarning loyihalarini tayyorlash boʻyicha tavsiyalar yuboradi;

birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning xarajatlar smetalarini va jamlanma xarajatlar smetalarini, shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;

ushbu Kodeksning 145-moddasida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari yoyilmasiga moliya yili mobaynida oʻzgartirishlar kiritadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu Kodeksning 145 va 149-moddalarida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar taqdim etadi;

soliqlarni, yigʻimlarni va davlat bojlarini, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlarni ularning manbalari kesimida toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;

budjet tizimi budjetlarining mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shuningdek budjet tashkilotlari hamda budjet mablagʻlari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari shakllarini va ularni taqdim etish tartibini tasdiqlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining yillik hamda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining tegishli davrdagi ijrosi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;

budjetdan tashqari maxsus hisobvaraqlarda zaxiralar tashkil etadi;

Davlat budjetini ijro etish jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlaydi;

budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlarini maqbullashtirishni amalga oshiradi;

budjet ssudalarini beradi;

davlat tomonidan mablagʻlar jalb qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining shartnomalari va davlat kafolatlarini roʻyxatdan oʻtkazadi;

davlat qarzining hisobini va monitoringini yuritadi;

budjet tizimi budjetlarining kassa ijrosini yuritadi;

budjet tizimi budjetlarining Yagona gʻazna hisobvaragʻidagi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarini boshqaradi;

budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazadi;

budjet tizimi budjetlarida mablagʻlar nazarda tutilgan yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan va ularning topshirigʻiga koʻra toʻlovlarni amalga oshiradi;

budjet tizimi budjetlari ijrosining budjet hisobini yuritadi va budjet hisobotini qabul qiladi;

davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi, davlat kafolatini bajaradi;

Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan insonparvarlik yordami hamda texnik koʻmaklashish mablagʻlari hisobini yuritadi;

prognoz yil uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid budjet moʻljallari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga yuborilishidan oldin ularning jamoatchilik muhokamasini taʼminlaydi;

budjet tizimi budjetlaridan pul mablagʻlarini undirish bilan bogʻliq sud muhokamalarida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etadi hamda budjet manfaatlarini koʻzlab sudlarga arizalar, daʼvo arizalari va shikoyatlar kiritadi, jinoyat alomatlarini koʻrsatuvchi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi;

budjet tizimi budjetlari daromadlari va xarajatlarining balansliligiga taʼsir koʻrsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni moliyaviy hamda iqtisodiy ekspertizadan oʻtkazadi;

oʻz vakolatiga kiradigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.