BK · 31-modda

31-modda. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet sohasidagi vakolatlari

Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar:

budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni olish uchun budjet soʻrovlarini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi;

budjet buyurtmalarini tuzish uchun koʻrsatkichlarni va materiallarni oʻz tasarrufidagi tashkilotlarga yetkazadi;

xarajatlar smetalari va shtat jadvallarini tuzish uchun oʻz tasarrufidagi tashkilotlarga ularning tegishli moliya yiliga budjetdan ajratiladigan mablagʻlari hajmlarini yetkazadi;

oʻz tasarrufidagi tashkilotlarning xarajatlar smetalari va shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;

tasdiqlangan xarajatlar smetalarini va jamlanma xarajatlar smetalarini, shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etadi;

xarajatlar smetalari va shtat jadvallaridagi oʻzgartirishlar toʻgʻrisida oʻz tasarrufidagi tashkilotlarni xabardor qiladi;

oʻz tasarrufidagi tashkilotlarda budjet hisobi yuritilishini tashkil etish va nazorat qilishni taʼminlaydi;

oʻz tasarrufidagi tashkilotlardan moliyaviy hisobotlarni qabul qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli davr uchun jamlanma moliyaviy hisobotlar taqdim etadi.

Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar oʻzining joriy xarajatlarini, shu jumladan davlat rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlarni bir rivojlantirish dasturidan iqtisod qilingan mablagʻlar doirasida boshqa rivojlantirish dasturiga qayta taqsimlashga haqli.

Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiq oʻzlariga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va ulardan samarali foydalanishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkaziladigan majlislarda ishtirok etadi hamda ushbu masalalar boʻyicha hisobot beradi.

Birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning tashabbusiga koʻra, ularga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlarini oshirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlari loyihalari ishlab chiqilganda, zarur hollarda mazkur loyiha tashabbuskorlari tomonidan bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.