FK2 · 1095-modda

1095-modda. Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi

Uchinchi shaxslarga maʼlum boʻlmagan texnikaviy, tashkiliy yoki tijorat axborotiga, shu jumladan ishlab chiqarish sirlariga (nou-xau) qonunan ega boʻlib turgan shaxs uni (oshkor etilmagan axborotni), basharti ushbu Kodeksning 98-moddasida belgilab qoʻyilgan shartlarga rioya etilgan boʻlsa, noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqiga ega.

Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqi bu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni roʻyxatdan oʻtkazish, guvohnoma olish va hokazodan) qatʼi nazar vujudga keladi.

Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish qoidasi qonunga muvofiq xizmat yoki tijorat siri boʻla olmaydigan maʼlumotlarga (yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi, mol-mulkka boʻlgan huquqlar va mol-mulk xususida tuzilib, davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan kelishuvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etiladigan maʼlumotlar va hokazolarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi ushbu Kodeksning 98-moddasida nazarda tutilgan shartlar saqlanib turgan paytga qadar amal qiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.