HK · 106-modda

106-modda. Yukning yoki qoʻl yukining olinmasligi va kechikib olinishi

Agar qabul qiluvchi yetib kelgan yukni tashish qoidalarida belgilangan muddatda talab qilib olmasa yoki uni olishdan voz kechsa, tashuvchi joʻnatuvchini bu haqda xabardor qilgan holda yukni joʻnatuvchining hisobidan saqlash uchun oʻzida qoldirishga haqlidir. Qabul qiluvchi xabardor qilingan kundan boshlab 30 kun ichida yuk olib ketilmagan va bu yukka nisbatan yuk joʻnatuvchining biror-bir farmoyishi olinmagan boʻlsa, bunday yuk talab qilib olinmagan deb hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.

Uchib kelgan reys yoʻlovchilariga qoʻl yuki topshirilganidan keyin talab qilib olinmagan qoʻl yuki uni olib kelgan tashuvchi hisobidan saqlash va bunday qoʻl yukining egasini qidirish hamda uni egasiga yetkazib berishni tashkil etish uchun aeroportning tegishli xizmatiga topshiriladi.

Tashuvchilar tomonidan olib kelinib, talab qilib olinmagan qoʻl yuki aeroportda koʻpi bilan 3 oy saqlanadi va keyin Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.

Chet ellik tashuvchilar tomonidan olib kelinib, talab qilib olinmagan qoʻl yuki aeroportda koʻpi bilan 7 kun saqlanadi va uni olib kelgan tashuvchining reysi bilan qaytarib yuboriladi.

Talab qilib olinmagan qoʻl yukidagi tez buziladigan narsalar buzilish belgilari aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.