Tashuvchi havo transportida yoʻlovchi, qoʻl yuki va yuk tashish shartnomasini tashish yoʻnalishining istalgan manzilida quyidagi hollarda bekor qilishi mumkin:
yoʻlovchi yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan parvoz boshlanadigan, tugaydigan va tranzit mamlakatning qonunchiligida belgilangan bojxona, chegara, sanitariya-karantin talablari va havo transportida tashishga taalluqli boshqa talablar buzilsa;
agar yoʻlovchi sogʻligʻining holati havo transportida tashishning alohida shart-sharoitlarini talab qilsa yoxud yoʻlovchining oʻz xavfsizligiga yoki boshqa shaxslarning xavfsizligiga tahdid solsa, bu hol tibbiy hujjatlar bilan tasdiqlansa, xuddi shuningdek tartibsizlik keltirib chiqarsa va boshqa yoʻlovchilarga tashish shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan xizmatlarni koʻrsatishi uchun tashuvchiga imkoniyat bermasa;
havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari yoʻlovchi tomonidan parvoz xavfsizligiga tahdid tugʻdiradigan yoxud havo kemasi ichidagi shaxslarning hayotiga yoki sogʻligʻiga va mol-mulkiga tahdid tugʻdiradigan tarzda buzilsa;
havo transportida tashishlarning belgilangan qoidalari talablarini bajarish yoʻlovchi yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan rad etilsa.