HK · 15-modda

15-modda. Tartibbuzar havo kemasi

Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini buzgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish tartibi buzilishiga yoʻl qoʻygan havo kemasi tartibbuzar havo kemasi deb hisoblanadi va samoviy hududdan foydalanish tartibiga rioya qilishni nazorat etuvchi organlarning talabiga boʻysunmasa, yerga qoʻnishga majbur etiladi.

Tartibbuzar havo kemasi qoʻnish toʻgʻrisidagi buyruqni bajarmagan taqdirda samoviy hududdan foydalanish tartibi ataylab buzilayapti va bu bilan Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga, hududiy butunligiga, siyosiy mustaqilligiga va jamoat xavfsizligiga tahdid solib kuch ishlatilayapti yoki kuch ishlatishga urinish boʻlayapti deyish uchun mantiqiy asos boʻlib, bunday tartib buzilishini oʻzga vositalar bilan toʻxtatib boʻlmaydigan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qurol va jangovar texnikani ishga solishlari mumkin.

Agar tartibbuzar havo kemasida samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilishiga aloqasi yoʻq yoʻlovchilar yoxud boshqa shaxslar borligi haqida ishonchli maʼlumot boʻlsa, qurol va jangovar texnika ishlatilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududiga asossiz kirgan va unga kirish shartlariga rioya etmagan, shuningdek samoviy hududdan foydalanish tartibi buzilgan boshqa hollarda ham havo kemasi qoʻngan aerodromda ushlab turilishi mumkin.

Tartibbuzar havo kemasining undan keyingi parvoziga tartib buzilishi tekshirib chiqilgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomda koʻrsatilgan yoʻsinda ruxsat etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.