Ushbu Kodeksda xalqaro parvoz deb havo kemasining xorijiy davlatning chegarasini kesib oʻtadigan parvozi tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalarining xalqaro parvozlari:
a) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
b) tegishli xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan yakka parvoz uchun beriladigan maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalari mazkur havo kemalarini tasarruf etuvchi yoki ularning egalari boʻlgan vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va fuqarolar ruxsati bilan yakka xalqaro parvozlarni amalga oshirishi mumkin. Xorijiy davlat samoviy hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro havo kemasining parvoziga maxsus ruxsatnoma olish uchun soʻrovnomani havo kemasining ekspluatanti, davlat va eksperimental havo kemasining parvozi uchun esa — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yuboradi. Bunday soʻrovnomalar kema hujjatlariga, ekipaj toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga taalluqli barcha talablarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va parvoz rejalashtirilgan xorijiy davlat hududida amal qiladigan boshqa talab va qoidalarga rioya qilingan holdagina amalga oshiriladi.
Uqtirib oʻtilgan parvozlar uchun soʻrovnoma yuborish va ruxsatnoma olish tartibini belgilovchi qoidalar Aviatsiya maʼmuriyati, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan birgalikda tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining havo kemalarida muntazam xalqaro parvozlar Oʻzbekiston Respublikasi Aviatsiya maʼmuriyati belgilagan tartibda tayinlangan tashuvchilar tomonidan amalga oshiriladi.