Havo transportida xalqaro koʻlamda tashishga moʻljallangan, bojxona, chegara va sanitariya-karantin nazorati taʼminlanadigan aeroportlar, aerodromlar havo kemalarining xalqaro parvozlari uchun moʻljallangan aeroportlar, aerodromlar deb eʼtirof etiladi.
Havo kemalarining xalqaro parvozlari uchun moʻljallangan aeroportlarni, aerodromlarni ochish haqidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Xalqaro havo yoʻllarini ochish haqidagi qaror Aviatsiya maʼmuriyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Havo kemalarining xalqaro parvozlari uchun moʻljallangan havo yoʻllarini ochish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.
Havo kemalarining xalqaro parvozlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi aeroportlarini (aerodromlarini) ochish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.