HK · 80-modda

80-modda. Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalarini qidiruv va qutqaruv ishlarini tashkil qilish

Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalarini qidiruv va qutqaruv ishlarini Oʻzbekiston Respublikasining Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati amalga oshiradi. Mazkur xizmat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizomga muvofiq ishlaydi.

Aviatsiya qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etish va bajarishda Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati vazirliklar, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning kuchlari hamda vositalarini jalb qilish huquqiga ega.

Vazirliklar va idoralar, shuningdek davlat muassasalari va tashkilotlari Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati organlarining talabiga muvofiq ularga qidiruv-qutqaruv ishlari uchun tayyor turgan qutqaruv kuchlari va vositalarini tezda ajratib berishlari shart.

Respublika Prezidentining qaroriga muvofiq davlat tasarrufida boʻlmagan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, shuningdek fuqarolar yuqoridagi kabi kuch va vositalarni ajratishlari shart, keyinchalik bu xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi budjeti hisobidan qoplanadi.

Qidiruv-qutqaruv kuchlari va vositalarining tarkibi, texnika va anjomlari roʻyxati, qidiruv-qutqaruv ishlarini boshqarish va bajarish tartibi, tegishli mansabdor shaxslarning vazifalari Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati tasdiqlagan qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish qoidalarida belgilab beriladi.

Havo kemalarini, ularning yoʻlovchilari va ekipajini qidiruv-qutqaruv ishlarini taʼminlash maqsadida Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati tunu kun navbatchilikni yoʻlga qoʻyadi.

Yagona aviatsiya qidiruv-qutqaruv xizmati Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida oʻzga davlatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatadi, shuningdek oʻz faoliyatini respublikaning qidiruv-qutqaruv va avariya ishlarini oʻtkazishga masʼul boshqa organlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda moslashtiradi.

Halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemalariga kerakli yordam koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga:

a) oʻzga davlatlarning qidiruv-qutqaruv kuchlari va vositalari;

b) mazkur havo kemalarining egalari va ekspluatantlari;

v) halokatga uchrayotgan yoki uchragan havo kemasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlat maʼmurlari kelishlariga yoʻl qoʻyilishi mumkin.

Bunday kelishga yoʻl qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.