Taftish oʻtkazish uchun tayinlangan shaxslar tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslarini yoki vakillarini taftish oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlar bilan taftish oʻtkazish boshlanguniga qadar tanishtirishi, shuningdek tekshiruvlarni roʻyxatdan oʻtkazish kitobiga yozuv kiritishi shart.
Taftish tayinlash toʻgʻrisidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish oʻtkazish haqidagi buyrugʻining koʻchirma nusxalari tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga imzo qoʻydirib topshirilgan, shuningdek ular xizmat guvohnomasi va taftishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi maxsus guvohnoma bilan tanishtirilgan payt taftish oʻtkazish boshlangan payt deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yoki vakilining taftish oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlarni olish va ular bilan tanishishdan bosh tortishi taftishni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili tegishli hujjatlarni olish va ular bilan tanishishdan bosh tortgan taqdirda, taftish oʻtkazish uchun tayinlangan shaxs tomonidan uning oʻzi va tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili imzolaydigan bayonnoma tuziladi. Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili mazkur bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, unga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi. Mazkur holda bayonnoma imzolangan payt taftish oʻtkazish boshlangan payt deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili taftish oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taftish oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlar olinganidan va ular bilan tanishib chiqilganidan keyin taqdim etishi shart.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili hujjatlarni, axborot va materiallarni taqdim etishdan bosh tortgan taqdirda, taftish oʻtkazuvchi shaxs bundan buyongi protsessual harakatlarni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladigan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga bu haqda darhol xabar qiladi.
Hujjatlarni olib qoʻyish zarur boʻlgan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror olib qoʻyish toʻgʻrisida qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Olib qoʻyish ushbu Kodeksning 20-bobida belgilangan qoidalar boʻyicha amalga oshiriladi.
Taftish oʻtkazuvchi shaxs zarur boʻlgan taqdirda, tekshirilayotgan subyektning hududi va binolarini tekshiruvdan, shuningdek mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazishi mumkin.
Taftish tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda koʻrsatilgan masalalarni oʻrganish soliq, valyutaga oid, buxgalteriya toʻgʻrisidagi qonunchilikka va boshqa qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Taftish oʻtkazuvchi shaxsning tekshirilayotgan subyektning hududiga va binolariga (turar joylar bundan mustasno) kirishiga toʻsqinlik qilingan, shuningdek taftishni amalga oshirish uchun uning mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazish rad qilingan taqdirda, taftish oʻtkazuvchi shaxsning oʻzi va tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi. Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, unga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi. Bayonnoma bundan buyongi protsessual harakatlarni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladigan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga taqdim etiladi.
Taftish oʻtkazuvchi shaxsning tekshirilayotgan subyektning hududiga va binolariga (turar joylar bundan mustasno) kirishiga toʻsqinlik qilinganligi, shu jumladan ushbu subyektning mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazish rad etilganligi, shuningdek taftish oʻtkazuvchi shaxsning oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilinganligi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
Taftish oʻtkazuvchi shaxslarning oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilinganligi uchun javobgarlikka tortish taftishni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma topshirilgan kun taftish oʻtkazish tugallangan kun deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomani olishdan boʻyin tovlagan taqdirda, taftish oʻtkazuvchi shaxs taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritadi va shu paytdan eʼtiboran taftish tugallangan deb hisoblanadi. Mazkur holda taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning bir nusxasi tekshirilayotgan subyektga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.