Taftish oʻtkazuvchi shaxslar oʻtkazilgan taftish natijalariga koʻra dalolatnoma tuzadi.
Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
1) taftish oʻtkazilgan joy, dalolatnoma tuzilgan sana;
2) taftish oʻtkazish uchun asoslar;
3) taftish oʻtkazilgan muddat;
4) taftish oʻtkazgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
5) yuridik shaxsning toʻliq nomi, tekshirilayotgan davrda uning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirgan mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi (yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi);
6) tekshirilayotgan subyektning joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, shuningdek uning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
7) tekshirilayotgan subyekt moliya-xoʻjalik faoliyatining ilgarigi tekshiruvlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
8) tekshirilayotgan davr hamda taftish oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar, axborot va materiallar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
9) qonunchilikning aniqlangan buzilishlarining (ular mavjud boʻlgan taqdirda) batafsil tavsifi qonunchilikning buzilgan normalariga havola qilingan holda;
10) oʻtkazilgan taftish natijalariga doir, shu jumladan qonunchilikning buzilishlari mavjud emasligi toʻgʻrisidagi xulosalar.
Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma kamida uch nusxada tuziladi.
Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning barcha nusxalari taftish oʻtkazuvchi shaxslar tomonidan imzolanadi. Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning bir nusxasi tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga topshiriladi, u dalolatnomaning barcha nusxalariga olganligi toʻgʻrisida olish sanasini koʻrsatgan holda imzo qoʻyishi shart. Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning qolgan nusxalari taftish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yoki vakilining taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomadagi imzosi uning taftish natijalaridan rozi ekanligini bildirmaydi.
Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaga taftishni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish oʻtkazish haqidagi buyrugʻining koʻchirma nusxalari, taftish doirasida sodir etilgan harakatlar toʻgʻrisidagi bayonnomalar, inventarizatsiya dalolatnomalari, taftish oʻtkazish chogʻida olingan materiallar, shuningdek taftish doirasida sodir etilgan harakatlarni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qoʻshib qoʻyilishi kerak.
Taftish tugallangan kundan eʼtiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay taftish materiallari taftish oʻtkazish vakolatiga ega boʻlgan organda qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi va taftishni tayinlagan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga taqdim etilishi kerak.
Taftish oʻtkazgan organ taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning tasdiqlangan koʻchirma nusxasini qonuniy choralar koʻrilishi uchun tegishli vakolatli organga ham yuboradi.