Prokuror yoki uning oʻrinbosari tergovchidan ayblov xulosasi yoki surishtiruvchidan ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini oʻrganib chiqishi va:
1) ayblanuvchi zimmasiga qoʻyilayotgan qilmish sodir etilgan yoki etilmaganligini va bu qilmishda jinoyat tarkibi bor-yoʻqligini;
2) qoʻyilgan ayb ishdagi mavjud dalillar bilan asoslantirilgan-asoslantirilmaganligini;
3) ayblanuvchining isbotlangan barcha jinoiy qilmishlari ayblov mazmuniga kiritilgan-kiritilmaganligini;
4) jinoyati fosh qilingan barcha shaxslar ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan-qilinmaganligini;
5) ayblovni yoki ishni tugatishga sabab boʻladigan holatlar bor-yoʻqligini;
6) ayblanuvchining qilmishlariga toʻgʻri yoki notoʻgʻri tavsif berilganligini;
7) tergovga tegishlilik qoidalariga rioya qilinganligini;
8) ehtiyot chorasi toʻgʻri yoki notoʻgʻri tanlanganligini;
9) fuqaroviy daʼvoni va boshqa mulkiy undirishlarni taʼminlash choralari koʻrilgan-koʻrilmaganligini;
10) jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlangan-aniqlanmaganligini hamda ularga barham berish choralari koʻrilgan-koʻrilmaganligini;
11) tergov sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona oʻtkazilgan-oʻtkazilmaganligini, barcha vajlar tekshirilganligini va himoyaning iltimosnomalari koʻrib chiqilganligini;
12) ishni birlashtirishda yoki ajratishda ushbu Kodeksning 332-moddasi talablariga rioya etilgan-etilmaganligini;
13) ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi ushbu Kodeksning 379, 380 va 381-12-moddalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq tuzilgan-tuzilmaganligini;
14) surishtiruvchi va tergovchi ushbu Kodeksning boshqa talablariga rioya qilgan-qilmaganligini tekshirishi shart.