JPK · 497-15-modda

497-15-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudi majlisini tayinlash va tayyorlash

Sudya apellyatsiya shikoyati, protesti bilan kelib tushgan jinoyat ishini oʻrganib, sud majlisini tayinlash toʻgʻrisida yetti sutka ichida ajrim chiqaradi va unda quyidagi masalalar hal etiladi:

1) jinoyat ishini koʻrib chiqish joyi, sanasi va boshlanish vaqti toʻgʻrisidagi;

2) taraflarni, shuningdek guvohlarni, ekspertlarni va boshqa shaxslarni sud majlisiga chaqirish, shikoyatda, protestda koʻrsatilgan qoʻshimcha dalillarni, agar mazkur iltimosnomani asosli deb topsa, talab qilib olish toʻgʻrisidagi;

3) ushbu Kodeksning 19-moddasida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishini yopiq sud majlisida koʻrish toʻgʻrisidagi;

4) qamoqda yoki uy qamogʻida saqlanayotgan mahkumning sud majlisida ishtirok etishi toʻgʻrisidagi.

Ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutka ichida protsess ishtirokchilariga sud majlisi tayinlanganligi haqida xabarnoma yuboriladi.

Agar jinoyat ishini oʻrganish chogʻida birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu Kodeks 497-6-moddasi ikkinchi qismining talablari bajarilmaganligi aniqlansa, sudya apellyatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrib chiqishga monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun jinoyat ishini shu sudga qaytaradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.