Apellyatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini koʻrish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) hukmni oʻzgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini, protestini esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida;
2) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmini chiqarish toʻgʻrisida;
3) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida;
4) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmini chiqarish toʻgʻrisida;
5) hukmni bekor qilish va jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida;
6) ushbu Kodeks 493-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda, sudning ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida;
7) hukmni oʻzgartirish toʻgʻrisida;
8) shikoyat, protest qaytarib olingan hollarda, apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida, 5 — 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi.
Ushbu modda birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya hukmini chiqaradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorini eʼlon qilish ushbu Kodeksning 473-moddasi qoidalariga koʻra amalga oshiriladi.