Davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari ushbu Kodeksning 49, 49-2, 49-3, 50, 51 va 229-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi.
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga va maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga quyidagilar haqlidir:
mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni va aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun — mehnat boʻyicha davlat inspektorlari, mehnat boʻyicha davlat huquqiy inspektorlari;
mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun — mehnat boʻyicha davlat inspektorlari, mehnat boʻyicha davlat texnik inspektorlari, mehnat sharoitlari boʻyicha davlat ekspertlari.
Ushbu Kodeksning 201-2-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, mehnat boʻyicha davlat inspektorlari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi hamda uni ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga koʻrib chiqish uchun yuboradi.