Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi, shuningdek shaharsozlik faoliyati obyektlarining but saqlanishini taʼminlaydi;
shaharlar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari va istiqboldagi urbanizatsiya jarayonlari asosida aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal qiladi;
mahalliy ahamiyatga molik obyektlarni qurishga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi va bu obyektlarning moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
oʻz hududidagi shaharsozlik faoliyatini, agar bu faoliyat shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, toʻxtatib turadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno;
reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish masalalariga doir shaharsozlik faoliyatini nazorat qiladi hamda rejalashtiradi, shu jumladan reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilishi uchun ajratiladigan yer uchastkalari roʻyxatini shakllantiradi, ularni pasportlashtirishni amalga oshiradi;
aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqishni tashkil etadi va ularning jamoatchilik muhokamasini taʼminlaydi;
qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini, aholi punktlari hududlarining qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini (bundan buyon matnda batafsil rejalashtirish loyihasi deb yuritiladi) hamda mavzelarni, kichik dahalarni va aholi punktlari rejalashtirilgan tuzilmasining elementlarini qurish loyihalarini (bundan buyon matnda qurish loyihasi deb yuritiladi) tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi;
viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlari, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, shuningdek obodonlashtirish tarhlari va loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi;
tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli vakillik organlariga kiritadi;
mahalliy ahamiyatga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralarini hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish tartibotini tasdiqlash uchun tegishli mahalliy hokimiyat vakillik organiga kiritadi;
aholi punktlarini qurish qoidalari loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi;
aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining, shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ishlab chiqilishi va moliyalashtirilishini, davlat shaharsozlik kadastri, shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringi yuritilishini, kompleks muhandislik qidiruvlari oʻtkazilishini, aholi punktlarini mikroseysmik hududlashtirish xaritalari tuzilishini, shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilishini va bu hujjatlarning ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar toʻgʻrisida aholini muntazam ravishda xabardor qiladi;
oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buzib tashlanishini tashkil etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.